Said ibn Musayyab: "Ro‘zadorga xotinini o‘pish yoki ushlashga inzoldan xavf qilgan yoki undan emin bo‘lgan vaqtda ham ruxsat berilmaydi", deganlar. Bu gaplarini tasdiqlash maqsadida Ibn Abbosdan (r.a.) quyidagilarni rivoyat qilganlar: "Bir yigit Ibn Abbosning oldiga kelib so‘radi: "Ro‘zador holimda xotinimni o‘psam bo‘ladimi?" Ibn Abbos: "Yo‘q", dedilar. So‘ng u kishining oldiga bir chol keldi. "Ro‘zador holimda kampirimni o‘psam bo‘ladimi?" dedi. Ibn Abbos: "Bo‘ladi", deb javob berdilar. Shunda haligi yigit kelib: "Hammamiz bir dinda bo‘lsak, nima uchun menga harom qilgan narsani unga halol qildingiz", dedi. Ibn Abbos: "U choldir, o‘z a’zosiga egalik qila oladi. Sen esa, shavhat vaqtida a’zoyinga ega bo‘lolmaysan", dedilar ("Ravzatul ulamo").
Ro‘zadan maqsad Allohning dushmaniga qahr qilmoqdir. Chunki shaytonning vasvasasi ham shahvat bilan amalga oshadi. Shahvat esa ko‘p yeyish va ichish bilan hosil bo‘ladi. Shuning uchun Allohning dushmaniga qahr qilish, shavhatni sindirish yemishni ozaytirish bilan bo‘ladi.
Ro‘zaning mashru qilinishi haqida quyidagicha rivoyat bor: Alloh aqlni yaratib, unga: "Oldinga o‘giril", dedi. U o‘girildi. So‘ng "Orqangga o‘giril", dedi. Yana o‘girildi. Keyin Alloh: "Sen kimsan-u Men kimman?" deb savol qildi. Aql: "Sen Rabbimsan, men esa, zaif qulingdirman", dedi. Shunda Alloh aqlga: "Sendan ko‘ra azizroq maxluq yaratmaganman", dedi. So‘ng Alloh nafsni yaratib unga: "Oldinga o‘giril", dedi, ammo u itoat etmadi. Shunda Alloh: "Sen kimsan va Men kimman?" dedi. Nafs: "Men menman, Sen Sensan", deb javob qildi. So‘ng Alloh uni yuz yil jahannam o‘tida azobladi. Keyin jahannamdan chiqarib: "Sen kimsanu Men kimman?" dedi. Nafs yana oldingiday javob qildi. Shundan so‘ng Alloh uni ochlik olovida yuz yil azobladi. Nafs shundan so‘nggina o‘zining banda ekaniga iqror bo‘ldi va Rabbiga tazarru qildi. Shu sabab Alloh taolo nafsga ro‘zani farz qildi" ("Mishkot").