Farz namozlarining jamoatiga yetishish
Kishi jamoatga kelsa, imom farz namozini o‘qiyotgan bo‘lsa, unga iqtido qiladi, so‘ngra farzdan oldingi o‘qilmagan sunnatni o‘qiydi, keyin esa farzdan keyingi sunnatni ado etadi. Ammo bomdod namozida imom farzni boshlagan bo‘lsa, sunnatni o‘qimagan kishi vaqtni chamalab ko‘radi. Imom farz namozini ado qilmay, sunnatni o‘qib, imom salom berishidan oldin yetib olishiga ko‘zi yetsa, jamoatdan uzoqroq joyda sunnatni o‘qib olib, keyin imomga iqtido qiladi. Biroq sunnatni o‘qisa-yu, jamoat namoziga yetib olishiga ko‘zi yetmasa, sunnatni tark qilib, imomga iqtido qiladi. Chunki jamoat namozi afzalroqdir. Agar bomdodning sunnati o‘qilmay qolsa, uning qazosi o‘qilmaydi. Bomdodning farzidan keyin namoz o‘qishlik makruhdir. Ammo shar’iy sababga ko‘ra, bomdodning farzi bilan sunnati qazo bo‘lib qolsa, quyosh nayza bo‘yi ko‘tarilgach, farzdan oldin sunnatini ham o‘qiydi. (Shar’iy uzr, deb uxlab qolish yoki esdan chiqarib qo‘yishga aytiladi.) Demak, subhda sunnat o‘zi yolg‘iz qazo bo‘lsa, farzdan so‘ng o‘qilmaydi, ammo farzga qo‘shilib o‘qilmay qolgan bo‘lsa, quyosh nayza bo‘yi ko‘tarilgandan so‘ng to peshin vaqtigacha sunnatiningham farzga qo‘shib qazosi o‘qiladi.
Kishi agar o‘zi yolg‘iz bomdod kabi ikki yoki shom kabi uch rakatli namozga kirishsa-yu, jamoat namoziga takbir aytilsa, ya’ni imom namozga kirishsa, birinchi rakatni o‘qib, ikkinchi rakatga sajda qilmagan bo‘lsa, namozini buzib imomga iqtido qiladi. Ammo ikkinchi rakatni ham sajda qilish bilan o‘qib qo‘ygan bo‘lsa, endi bu namozni buzmaydi, balki yolg‘iz holda oxiriga yetkazib qo‘yadi.