Vitr namozi
Vitr namozi uch rakatni bir salom bilan tugatadigan namoz bo‘lib, uni xuftondan keyin o‘qish vojibdir. Vitrning hamma rakatida surai Fotiha bilan qo‘shib, qisqa bir sura (yoki uzun oyatdan bir oyat, qisqa oyatlardan uch oyatni) zam qilish lozimdir. Birinchi rakatda Fotihadan keyin A’lo surasini, ikkinchi rakatda Kafirun surasini, uchinchi rakatda Ixlos surasini zam qilish sunnat amallardan hisoblanadi. Ushbu ko‘rinishni qilib yurish mustahab bo‘lsa-da, doim qilmagan ma’qul. Chunki avom xalq buni vojib, deb tushunib qolishi mumkin. Vitrda ham xuddi shom namozidagi kabi ikkinchi rakatdan so‘ng qa’da o‘tirib, tashahhud o‘qiladi va takbir bilan uchinchi rakatga turiladi. Uchinchi rakat o‘qib bo‘lingach esa, ikki kaft qiblaga yuzlantirilib, quloq barobar ko‘tariladi. Shu bilan birga boshlanishidagi kabi takbir ham aytiladi, bu takbirni aytish esa vojibdir. Takbirdan so‘ng esa ikki qo‘lini bog‘lab kindik ostiga qo‘yadi va ma’sur bo‘lgan qunut duosini maxfiy o‘qiydi.
Qunut duosi ushbudir:
«Allohumma inna nasta’iynuka va nastahdiyka va nastag‘firuka va natubu ilayka va nu" minu bika va natavakkalu ‘alayka va nusniy ‘alaykal xoyro kullah, nashkuruka va la nakfuruka va naxlahu va natruku may yafjuruk. Allohumma iyyaka na’budu va laka nusolliy va nasjudu va ilayka nas’a va nahfidu narju rohmataka va naxsha ‘azabaka inna ‘azabakal jidda bilkuffari mulhiq». (Ma’nosi: «Ey Rabbim, Sening yordam berishingni, hidoyat qilishingni, gunohlarni kechishingni so‘rayman. Senga tavba qildim, iymon keltirdim va Senga suyandim. Yaxshiliklarning barchasi bilan Seni sifatlaymiz. Senga shukr qilamiz, noshukrlik qilmaymiz. Senga fojirlik qilganlardan chetlashamiz. Ey Rabbim, Senga ibodat, namoz, sajda etamiz. Va Sening yo‘lingda sa’y-harakat qilib, rahmatingni umid qilamiz. Azobingdan qo‘rqamiz. Albatta, haq azobing kofirlarga ro‘para qilinuvchidir».) Ibn Abu Shayba rivoyati.