Vardon: — Ma’qul, — dedi-da, irg‘ib turib, uni uyg‘ota boshladi. Lekin u hamon o‘ziga kelavermagandan goh turg‘izib, goh yetaklab, goh sudrab, o‘zining chodiridan Abbosning chodiri yaqiniga olib borib tashladi-da, qaytib keldi. Vaqt yarim kecha bo‘lib, lashkargohdagilarning hammasi uxlagandi.
Zirg‘om unga:
— Men o‘z chodirimga boraman, sen tong otguncha shu yerda bo‘l, — dedi.
Vardon:
— Bosh ustiga, xo‘p, jonim bilan, — deb javob qildi.
Zirg‘om xayolga cho‘mgancha o‘z chodiri tomon yo‘l oldi. U chodirga yetmasdanoq qo‘rg‘on yaqinida g‘ovur-g‘uvur ovoz eshitdi. Qarasa, lashkargoh soqchilaridan bir to‘dasi bir kishini bo‘ynidan bo‘g‘ib, haydab kelishyapti. U kishi esa: «Meni Sohibga olib boringlar», deb baqirardi.
Uning tovushini eshitib, Zirg‘om bezovta bo‘lib qoldi, chunki u Hammodning tovushi edi. Zirg‘om chodiriga yugurib kirdi-da, ularning yetib kelishini kutib turdi. Bir ozdan keyin ulardan bittasi Zirg‘omning oldiga kirib:
— Biz bir ayg‘oqchini ushladik, u shahar tomondan lashkargohga kirgan. Men Sohibning oldiga kelayotgandim deydi,— dedi.
Zirg‘om:
— Qani, uni bu yoqqa olib kiringlar-chi, — dedi.