Sarvim, arazlabsiz, hijob tutibsiz,
Bizni qora ko'rib, simob yutibsiz,
O'lib bo'larmidi bizsiz, bilmabsiz,
Ahvolimiz o'xshash, hech o'ylamabsiz.
Mijgonda quyoshni bandi saqlabsiz,
Sho'rlikni kimga asrandi saqlabsiz,
To'zonni sovutib g'avg'oga boshlabsiz,
Sarvim, xatomasmi, bizni tashlabsiz.
Gardun iqbol sari yurmasa yurmabdi,
Mayxona changini qormasa qormabdi,
Shungayam shunchami, xo'rlasa xo'rlabdi,
Baribir ko'nmaymiz, zo'rlasa zo'rlabdi.
Oqshom kulbasida biz-da mehmonmiz,
Avjlansak, yalang'och mohitobonmiz,
Xijolatlar bo'lmang, gul-gulistonmiz,
Biz shunday ayonmiz, shunday tamommiz.
Oh, orzu orzumi beomonlikda,
Oh, darmon darmonmi bedarmonlikda.
Sizdan so'rovimiz, ilinjimiz shu:
Sarvim, bizga qayting - sargardonlikka
Abduvali Qutbiddin