2
Tong endi otgan, hali oftob chiqmagan bo‘lsa ham ko‘pchilik beklar va mulozimlar devoniomda hozir erdilar. Hammalari Mirzoni ta’zim bilan qarshi oldilar. Zarbof to‘n kiygan, beliga tilla kamar bog‘lagan sersoqol eshik og‘a birinchi vazir darajasidagi eng katta bek edi. Mirzo unga yuzlanib, qaerdan chopar borligini so‘radi.
— Hazrati oliylari, Isfaradan.
Eshik og‘a ikki bukilib ta’zim qilar ekan, yuzi tund ko‘rindi.
— Qanday xabar, bek?
— Hazratim, qulingizning bir qoshiq qonidan o‘ting...
Demak, Isfara ham yov qo‘lida! Mirzo ichki bir titroq bilan Marg‘ilon choparini so‘radi.
— Hazratim, Marg‘ilon chopariga intizormiz.
Nahotki Marg‘ilon ham taslim bo‘lgan? Unda Andijon ham xavf ostida qoladi! Yoki choparlar yov qo‘liga tushganmikin? Balki birortasi xiyonat qilib, narigi yoqqa o‘tib ketgandir?
— Hazrati oliylari, yana chopar yuborishga farmon berurlarmi?
— Chopar yuborib yana necha kun yo‘liga qaraylik?!
Eshik og‘a uzr so‘ragandek, ta’zim qilib, orqaga chekindi.
Axsi qal’asining qamalda qolishi Mirzoga endi muqarrardek tuyuldi. U eshik og‘aga olti oylik zaxira tayyorlatishni buyurdi. Qal’a baland tepalikda turgani uchun unga suv chiqmas, suvni meshkobchilar tashib keltirishar edi. Mirzo o‘ttiz yoshlik, xushqomat Qosimbekka qal’a ichida bir toshhovuz qurdirish va uni suv bilan to‘ldirtirish amrini berdi.
Mirzoning avzoyi yomonligini sezib turgan beklar darhol uning farmonini bajarishga kirishdilar. Mirzoning o‘zi esa otlanib arkdan chiqdi. Mulozimlar va qo‘rchilar ham otlanib, odatdagiday, unga ergashdilar.