Demak, bunda ma’naviylik omili nazarda tutiladi va uni targ’ib etish maqsad qilib qo’yiladi. Shu jihatdan qaraganda, Bobur ham ana shu asosiy g’oyani ilg’ab olgan va u ham insonning ma’naviy jihatdan pokiza bo’lmog’i uchun zarur bo’lgan bilimdan xabarsiz qolmasin deb, asarni forsiydan o’zbek tiliga nazm bilan o’girgan. Boburning ezgu maqsadi ana shu g’oyalarni turkiygo’ylar orasiga ham targ’ib qilish, ularga tushuntirishga intilishdan iborat. Shuning uchun u «Volidiya»ni juda sodda, tushunarli, ortiqcha badiiy Bezaksiz tarjima qilgan. Ana shu oddiylikka erishib, ortiqcha badiiylikdan o’zini tiya olish ham Boburning uslubiga, badiiy mahoratiga mos keladigan maromdir, bu ham badiiy mahoratdir. Bobur tarjimasidagi «Volidiya» bilan tanishish shundan dalolat beradiki, Xoja Ubaydulloh o’zining asarida ko’ngil va uning ko’zgu ekanligi. Haq taolo unda o’zini tajalli etishi, shuning uchun ko’ngil har qanday xiralik va g’ubordan holi bo’lishi, ya’ni u ogoh va hushyor bo’lmog’i, pokiza va musaffo bo’lmog’i lozimligi, shular bilan bog’liq tarzda odob-axloq to’g’risida so’z yuritgan. Bu fikrlarning ko’pi tasavvuf va naqshbandiya tariqatining boshqa vakillari tomonidan ham bayon etilgan. Shunisi borki, ularning ko’pi inson va o’zlikni tanish, inson va koinot, inson va odob-axloq inson va uning ko’ngli mavzularini yoritganda turli tabaqa va turli davr kishilari uchun ma’qul bo’lgan fikrlarni bayon etganlar. Shuning uchun ulardagi umumbashariy mag’zlar hamisha ardoqlangan. Bu gal Xoja Ubaydullohning «Volidiya» asariga ham, uning Bobur tomonidan bajarilgan turkiycha manzumasiga ham bevosita taalluqlidir.
Shunday qilib, Boburning Xoja Ubaydulloh, uning faoliyati, asarlari, xonadoni vakillari va muxlislari haqidagi mulohazalari turli shaklda bayon etilib, hamma joyda ham Boburning Xoja Ubaydullohni nihoyatda mo’’tabar siymo, ulug’ murabbiy, madadkor va hidoyat qilguvchi murshid sifatida tan olgani va e’tirof etgani, unga nisbatan dag’allik qilguvchilarga esa nafrat bilan qaragani ma’lum bo’ladi.
Zahiriddin Muhammad Bobur o’z faoliyati, asarlari va tarjimalari bilan Xoja Ubaydullohning shuhratini Hindistonda yanada baland ko’taradi.
Shunday qilib, Xoja Ubaydullohning zamondoshlari va muxlislari bo’lmish Abdurahmon Jomiy, Alisher Navoiy hamda Zahiriddin Muhammad Boburlarning naqshbandiya tariqatining murshidiga bo’lgan munosabatlari shundan guvohlik beradiki, XV asrning ikkinchi yarmi va XVI asrning birinchi yarmidagi ijtimoiy, siyosiy, iqtisodiy, mafkuraviy, adabiy-ilmiy va madaniy muhitni o’rganishda naqshbandiya tariqati va uning mashhur murshidlari, jumladan, Xoja Ubaydullohning faoliyati va Merosi nazarda tutilsa, unda tarixni har tomonlama yoritish imkoni yuzaga keladi.