AbdulAziz:
Yoshlarimizni ezgu maqsadlar yo'lida birlashtirgan "Kamolot"ning Toshkent shahar filiali saytini deyarli har kuni televideniyeda reklama qilishyapti. Sayt egalari o'z oldilariga juda ezgu maqsadlarni qo'yganlar. Poytaxt oliy o'quv yurtlari, kutubxonalar haqidagi ma'lumotlar, shuningdek, yoshlarning bo'sh vaqtlarini "maroqli" o'tkazishga ko'maklashadigan ko'ngilochar sahifalar tashkil etishgan.
Saytga kirar ekanman, avvalo e'tiborimni tortgan birinchi narsa bosh sahifaning rus tilida ochilganligi bo'ldi. Asta qidirib, o'zbekcha sahifaga o'tadigan tugmani ham topib oldim. "Kamolot" YOIHining Toshkent shahar bo'limi portali degan yozuvdan keyingi rasmlar xayolimni band etdi. Undagi birinchi va uchinchi rasmda yigit bilan qiz tasvirlangan. Ikkalasida ham qiz miniyubkada. Ikkinchi rasmni ko'rib hushim o'chib ketdi: Katta magnitofon ko'tarib olgan, kiyinishi ham allambalo yigit, tor shim kiyim qornini ochib olgan qizning belidan ushlayapti.
Yoshlarimizni ezgu g'oyalar yo'lida tarbiyalashga ko'maklashayotgan "Kamolot"ning bundayin antireklamalarini qanday tushunish mumkin? Yoki o'zbek yoshlarining mana shunday noo'zbekona holatga tushib qolishlarini istashayotgan bo'lsa?
Saytning boshqa bo'limlariga nazar solamiz. Men qiziqib kirganim badiiy adabiyotlar sahifasida Umar Xayyomning "Ruboiyot"i bilan Abdulla Qahhorning "Nutq" felyetonidan boshqa hech qanday o'zbekcha ma'lumoit topa olmadim. Darsliklar sahifasida ham shu holatni kuzatishimiz mumkin.
Saytning forum, e'lonlar, fotogallereya sahifalari ham ruschada. Musiqa sahifasida esa bironta ham milliy qo'shiqlarimizni uchratmadim. U yerdagi ashulalarning ko'pchiligi chet-el va rus estaradasi qo'shiqlaridir. Yoshlar tarbiyasida musiqaning o'rni beqiyos, lekin menimcha, saytdagi qo'shiqlardan yosh avlod qanday tarbiya olarkin?
Har na bo'lsa ham saytning tashkil etilganligi yaxshi, albatta. Lekin yoshlarning ma'naviyatini bunday sahifalar bilan buzmaslik kerak.