Navaviy «Sharhi Sahihi Muslim»da aytadi: «Ulamolar mazkur hadisni zohiriga ko‘ra olishgan. Yuqorida aytib o‘tilgan uch kun uzunlikda haqiqatan yil, oy va haftaga teng keladi. Rasulullohning (sollallohu alayhi vasallam): «Qolgan kunlari (oddiy) kunlaringizdek bo‘ladi», deganlari ham shunga dalolat qiladi. Endi o‘sha uzun kunlarga o‘z miqdor-o‘lchovini berishga kelsak, bu quyidagicha tushuniladi: o‘sha kunning tonggi otgach, har kuni o‘lchov bilan peshin kutiladi. Odatdagi vaqtga ko‘ra peshin kirganligi aniqlanib, namoz o‘qiladi. Peshindan so‘ng odatda asr kirishi uchun qancha kutilsa, shuncha turilib asr o‘qiladi. Asrdan so‘ng shom kirishi uchun ilgari qancha vaqt kutilgan bo‘lsa, yana shuncha muddat kutiladi-da, keyin shom o‘qiladi. Xufton va bomdodlar ham xuddi shunday belgilanadi».
Menimcha, mazkur uch kunning uzunligidan murod — u kunlarda Dajjol fitnasi sababli qattiq qayg‘urish bo‘lsa kerak. Ya’ni, kunlar qayg‘u-g‘am ko‘pligi bois yildek, oydek uzun tuyuladi.