* * *
Ertalab Rasuli akram (s.a.v.) qo‘shinni ko‘zdan kechirdilar. Safda voyaga yetmagan bolalar ham bor edi. Ularni ajratdilar. Zayd ibn Sobit, Usoma ibn Zayd, Abu Said Xudriy, Samura ibn Jundub, Rofi’ ibn Hadij, Abdulloh ibn Umar kabi hali o‘n besh yoshga ham to‘lmagan bolalar Madinaga qaytarib yuboriladigan bo‘ldi.
— Yo Nabiyalloh, Rofi’ o‘q otishga juda mohir, ko‘shinda qolsa, foydasi tegadi, deb o‘ylaymiz.
Bu so‘zlar aytilayotganida Rofi’ yana ham bo‘ychanroq ko‘rinish uchun oyoq uchiga turib oldi. Taklif kabul qilindi. Rofi’ qo‘shin safidan o‘rin oldi.
Shu payt Samura ibn Jundub ham o‘gay otasi Muray ibn Sinonga yaqinlashib:
— Otajon, Rofi’ jangda katnashishga ruxsat oldi. Axir, men kurashda uni yiqitamanku, — dedi.
Muray unga indamadi. Rasululloh (s.a.v.) yoniga kelgaiida o‘g‘lining talabini ma’lum qildi. Bir ozdan so‘ng davra qurilib, ikki talabgor kurash uchun maydonga tushdi. Bu kurash Samuraning foydasiga hal bo‘ldi. Bir necha daqiqa tomoshabinlarga bo‘lg‘usi jang hayajonini unuttirdi bu kurash, ularni ham bir damga bolalik yillariga eltdi go‘yo. Samura jangda qatnashish xuquqini qo‘lga kiritdi.
Bu bolalar o‘limning ma’nosiga tushunmaydi, deb ham bo‘lmasdi. Ular jangdan sog‘omon chiqishlariga hech kimning ko‘zi yetmasdi. Lekin hademay o‘zlaridan bir nscha barobar ko‘p dushman bilan yuzma-yuz kelishlarini juda yaxshi bilgan bu beg‘ubor go‘daklar ortga qaytib ketmaslik uchun har narsaga tayyor edilar.
Kurash tugagach, Rasuli akram (s.a.v.) qo‘shinga murojaat qildilar:
— Bizni dushman qo‘shiniga duch keltirmay Uhudga elta oladiganlar bormi?
Abu Haysama bu vazifani bajarishini ma’lum qildi. Shu tariqa u old qatorga o‘tib, qo‘shinni yo‘lga boshladi.
— To‘xtanglar, qaerga boryapsizlar? — deb baqirib qoldi kimdir. Bu ovoz Mirbo’ ibn Hayzi ismli shu yerlik ko‘zi ojiz bir odamniki edi. Qo‘shin unga tegishli bo‘lgan daladan o‘tayotganini sezib qolgani uchun baqirayotgan edi u.
— Sen Ollohning payg‘ambari bo‘lsang ham, mening yerimdan ruxsatsiz o‘tishga haqqing yo‘q!
— Tinchlan, ey odam, biz dushman bilan jang qilishga boryapmiz.
Mirbo’ hech kimga quloq solgisi yo‘q edi. Hovuchidagi tuproqni sovurarkan:
— Bu tuproqni sendan boshqasiga sochmasligimni bilib qo‘y, ey Muhammad, — derdi.
Ba’zilar uning ustiga tashlanishdi. Adabini berib qo‘ymoqchi bo‘lishdi. Abdul Ashhal qabilasidan Sa’d ibn Zayd unga yetib, qo‘lidagi nayza bilan boshiga soldi. Voqeaga darhol Rasuli akram (s.a.v.) aralashdilar:
— Qo‘yinglar, bu odam ko‘r... Ko‘zi ham ko‘r, qalbi ham ko‘r, — dedilar.
Mirbo’ning qabiladoshlaridan bir necha kishi uning yonini olib chiqishdi. Janjal naqd bo‘lib qoldi. Shu payt Usayd ibn Xudayr olg‘a otildi:
— Urishsak, urishaveramiz. Ammo u odam Rasululloh janobimizga nima deganini eshitmadilaringmi? —deya baqirdi.
Rasululloh (s.a.v.) Usaydni tinchlantirdilar, so‘ngra qo‘shinga yo‘lda davom etishni buyurdilar. Nihoyat, Quraysh qabilasini chetlab, Uhud tog‘iga yetib kelindi. Qo‘shin toqqa orqa qilib, Madinaga yuzlangan holda qarorgoh qurdi. Janobi Payg‘ambar moxir nayzachilardan ellik kishini ayirib, Abdulloh ibn Jubayrni ularga boshliq qilib tayinladilar va «Aynayn» deb atalgan yo‘lni ko‘rsatib, bunday dedilar:
— Sizning vazifangiz bizni orqadan muhofaza qilishdir. Orqa tomondan kelishi ehtimol bo‘lgan otliqlarni nayza otib qaytaring. Jangda yengsak ham, yengilsak ham, mening ko‘rsatmamsiz joyingizdan bir qadam jilmang. Dushmanni oldimizga solib quvganimizni, o‘lja yig‘ishga tushganimizni ko‘rsangiz ham, men odam yubormagunimcha bu yerdan qimirlamang. Ular bizni mag‘lub etib, jasadlarimiz ustiga qushlarning qo‘nganini ko‘rsangiz ham, men amr kilmagunimcha joyingizni tashlab ketmasligingiz lozim! — deb qattiq tayinladilar. So‘ngra ashobga yuzlandilar: — Jabroil qalbimga shu haqiqatni vahiy etdi. Hech bir inson dunyoda o‘ziga taqdir qilingan rizqni qo‘lga kiritmasidan ajali yetmaydi. Kech bo‘lsa ham, taqdir qilingan rizq o‘z egasini topadi. Ko‘zingizni oching, Ollohdan qo‘rqing va rizq payida bo‘lgan vaqtingizda chiroyli yo‘l tuting, — dedilar.
Bu yer bozor emas, jang maydoni edi. Ko‘pi bilan yarim soatdan so‘ng to‘qnashuv boshlanib, dushmanga ro‘bara kelishlari, hayotmamotlari hal bo‘lishi turgan gap edi. Shunday muborak bir onda nega Rasuli akram bunday dedilar?
Aslida, Rasulullohni (s.a.v.) bu gapni aytishga undagan bir sabab bor edi va bu sabab hech qancha vaqt o‘tmay ayon bo‘lishi kerak edi.
Oppoq libosli Abdulloh ibn Jubayr boshchiligidagi o‘qchilar tepa ortidagi joylarini egallashdi. Rasuli akram boshqalarga buyruqsiz jang boshlamaslikni tayinlab, o‘zlari o‘sha tepalikka chiqib bordilar. Dushman mana shu tomondan hujum qilishi mumkin, deb aylanma yo‘lni ko‘rsatdilar. Avvalgi ogoxlantirishlarini yana bir marta takrorlagach, qo‘llarini yuqoriga ko‘tarib:
— Ollohim, ularga vazifalarini tushuntirib berganimga o‘zing shohid bo‘l, — dedilar.
Bu orada qo‘shin ichida bir taraddud boshlandi. Masala tezda ayon bo‘ldi. Safdan ajralib, Madinaga otlangan Abdulloh ibn Ubayy ibn Salul:
— Bu yerda o‘zimizni o‘limga topshirishning nima ma’nosi bor, hech tushunmadik, — deb hayqirar edi.
Unga hamfikrlar ham ortidan ergashishdi. Shunday qilib, jami uch yuzga yakin kishi qo‘shinni tark etdi.
Abdulloh ibn Ubayy musulmonligini ma’lum qilganidan beri payt poylab, fitna va fasod chiqarishni, shu yo‘l bilan mo‘minlarga zarba berishni o‘ylab yurardi. Mana, endi Uhud tog‘i etaklarida, bir necha barobar ustun kuchga ega Makka mushriklari bilan yuzma-yuz kelinganida, musulmonlarning oyog‘idan chalish uchun bundan yaxshiroq imkon qayta kelishi mumkin emasligini bildi. Har biri intiqom otashida yonayotgan uch ming kishilik lashkar qarshisidan o‘ziga bo‘ysungan uch yuz kishini olib, jang maydonini tark etishi hazilakam ish emasdi. Uch yuz kishi degani boryo‘g‘i ming kishilik musulmon qo‘shinning uchdan biri degani edi. Bunday bir harakat bilan Abdulloh ibn Ubayy qo‘shinning belsuyagini sindirgan hisoblanardi. Chunki qolgan yetti yuz kishini qilichdan o‘tkazish oson bo‘lib qolardi.
Ularni bu chirkin qarorlaridan qaytarish uchun yonlariga borgan Abdulloh ibn Amr ibn Haram:
— Nima qilib qo‘yganingni o‘zing bilasanmi, ey Ibn Ubayy? — dedi.
Ibn Ubayy kibr bilan javob berdi:
— Ha, ey Abdulloh, ishimni bilib qilyapman. Qurayshning tayyorgarligini va kuchini ko‘rib turibsan, bu yerda qolib o‘zimizni o‘limga tutib berishimizning nima ma’nosi bor? Men Madinadaligimizdayoq fikrimni aytganman. Ammo sizning odamingiz johillarning so‘zini biznikidan ustun ko‘rdi.
Abdulloh ibn Amr Hazrati Payg‘ambarga qarshi bunday yo‘l tutish yaxshi emasligini aytib, musulmonlarni shunday og‘ir damda tashlab ketishning zararini tushuntirishga urinib ko‘rdi. Ammo gaplari ta’sir qilmadi. Shu xolda ancha yo‘l bosib ulgurishgan edi. Abdulloh ibn Amr endi ularni qaytara olmasligini anglab, bunday deb hayqirdi:
— Ey Ollohning dushmani, Olloh sizlarni o‘z rahmatidan benasib qilsin! Hech ham shubha qilmanglarki, Olloh taolo payg‘ambarini sizlarga muhtoj qilib qo‘ymaydi!
Abdulloh shu so‘zlarni aytib, ulardan ajraldi va Uhud tog‘i tomon yo‘l oldi.