42-bob. Imomga odamlar qanday bay’at qilg‘ay?
Uboda ibn as-Somit rivoyat qiladilar: «Biz «(Imom, hokim yokim amirlarimizning farmonlari bizga) yoqadirmi, yo‘qmi, quloq osib itoat etgaymiz, ularga qarshi kurashmag‘aymiz, qaerda bo‘lmaylik doimo haq ish qilib, haq gapni aytg‘aymiz, Olloh taolo yo‘lida malomatchining malomatidan qo‘rqmag‘aymiz!» — deb Janob Rasulullohga bay’at qildik».
Anas ibn Molik rivoyat qiladilar: «Rasululloh sallallohu alayhi va sallam ertalab barvaqt tashqariga chiqdilar. Shunda muhojirlar birlan ansorlar xandaq qaziyotgan erdilar, (ularning tirishib ishlayotganlarini ko‘rib): «Ey parvardigoro, haqiqiy xayriyat — oxiratning baxayr bo‘lmog‘idur, ansor va muhojirlarni o‘zing mag‘firat qilgaysen!» — dedilar. Ular (buni eshitib): «Biz Muhammad sallallohu alayhi va sallamga bay’at qilgan kishilardurmiz!» — deb javob qilishdi».
Abdullo ibn Umar rivoyat qiladilar: «Agar biz Janob Rasulullohga qobilu itoatkor bo‘lmoqqa bay’at qilsak ul zot bizga: «Ilojingiz (imkoningiz) boricha!» — der erdilar».
Abdulloh ibn Dinor rivoyat qiladilar: «Men ibn Umarni Abdulmalikka bay’at qilmoq uchun to‘plangan odamlar orasida ko‘rdim. Ul o‘z bay’atnomasida: «Men Olloh taoloning buyruqlari birlan uning rasuli sunnatiga muvofiq mo‘minlar amiri bo‘lmish Abdulmalikka imkonim qadar quloq osib itoat etmoqqa so‘z berurmen, o‘g‘illarim ham shunga so‘z berurlar!» — deb yozdi».
Jarir ibn Abdulloh rivoyat qiladilar: «Men Rasululloh sallallohu alayhi va sallamga quloq osib itoat qilmoqqa bay’at qildim. Shunda menga: "Imkoning boricha qobilu itoatkor bo‘lgil va har bir musulmonga nasihat qilg‘il!» — deb aytdilar.
Yazid (ibn Abu Ubayd) rivoyat qiladilar: Men Salama (ibn al-Akva’)ga: «Hudaybiya kuni sizlar Janob Rasulullohga ne deb bay’at qildingizlar?» — dedim. Ul: «O’limga (rozi bo‘lg‘aymiz) deb bay’at qildi», — dedi».
Misvar ibn al-Mahrama rivoyat qiladilar: «Hazrat Umardan (ulardan keyin yangi xalifa ta’yinlanguncha) davlatni idora qilib turmoq huquqini olgan kishilar guruhi (yangi xalifa nomzodini kelishib olmoq uchun) maslahatga to‘planishdi. Shunda Abdurrahmon ularga: «Men bul xususda sizlar birlan tortishadiganlardan ermasmen, ammo agar istasangizlar, oralaringizdan xalifalikka munosib bir kishini tavsiya qilmog‘im mumkin», — dedi. Ular (rozi bo‘lib) bul ishni Abdurrahmonga topshirdilar. Shundan so‘ng, barcha odamlar Abdurrahmon tomoniga og‘ib ketdi, hatto qarasam, boyagi guruh tarafini oladirgan birorta ham odam qolmabdi. Odamlar Abdurrahmonga shul qadar og‘ib ketishdiki, hatto o‘shal kechalar tongotar unga maslahat berib chiqishdi. Piravardida bir kuni tong ottirib biz Usmonga bay’at qildik».
Misvar ibn al-Mahrama bunday deydilar: «Bir kuni Abdurrahmon tun qorong‘usida kelib eshigimni taqillatdi, men uyg‘onib huzuriga chiqdim. Ul menga: «Uxlab yotgan erkansanda, Olloh taolo haqi, men bul kecha uxlay olmadim borg‘il, Zubayr birlan Sa’dni chaqirib kelg‘il!» — dedi. Men borib ularni chaqirib keldim. Abdurrahmon ular birlan maslahatlashib olgach, meni yoniga chaqirdida «Borg‘il, Alini chaqirib kelg‘il!» — dedi. Men uni chaqirib keldim, ikkalalari tun oqargunga qadar maslahatlashishdi. So‘ng, Ali uning huzuridan chehrasi yorishib chiqib keldi. Abdurrahmon negadir Alidan cho‘chir erdi. Keyin, Abdurrahmon menga: «Borg‘il, Usmonni chaqirib kelg‘il!» — dedi. Men chaqirib keldim. Ular ikkalalari muazzin bomdodga azon aytguniga qadar maslahatlashishdi. Odamlar bomdodni o‘qib bo‘lgach, Hazrat Umar ta’yin qilgan boyagi guruh minbar yoniga kelib to‘planishdi. Abdurrahmon namozga kelgan muhojirlar, ansorlar hamda Hazrat Umar birlan shu yilgi hajda birga bo‘lgan lashkarboshilarni yoniga chorladi. Ular to‘plangach, Abdurrahmon kalimai shahodat aytdi. Keyin, «Ammo, andin so‘ng» degach: «Ey Ali, men ko‘pchilikning fikriga qarab ish tutayotirmen, o‘ylaymenki, ular Usmonning xalifa bo‘lmog‘iga e’tiroz bildirmag‘aylar, sen ersang bul mansabga tomon o‘zingga yo‘l ochmoqqa intilmag‘il!» — dedi. So‘ng, Usmonga: «Men Olloh taoloning amriga va uning‘ rasuli sunnatiga hamda ul zotdan keyingi ikki xalifaga bildirgan sadoqatimga muvofiq sizga bay’at qilurmen!» — dedi. Uning ortidan muhojirlar, ansorlar, lashkarboshilar va barcha musulmonlar ham Usmonga bay’at qilishdi».