Imom Termiziy. Sunani Termiziy. 1-jild  ( 295317 marta o'qilgan) Chop etish

1 ... 61 62 63 64 65 66 67 68 69 B


AbdulAziz  29 Dekabr 2008, 01:16:27

648. Xubshiy ibn Junoda As-Saluliy (roziyallohu anhu)dan rivoyat qilindi; aytdi: «Rasululloh sallallohu alayhi va sallamdan eshitdim; Vido hajida, Arofatda ekanliklarida huzurlariga bir a’robiy (badaviy) keldi-da, ridolarining bir uchidan ushlab, uni («Menga bering» deb) janobi Payg‘ambardan so‘radi. Rasuli Akram (ridolarini) unga berib yubordilar, u (olib) ketdi. Ana shu voqea ustida tilanchilik harom qilindi. Shunda Rasululloh sallallohu alayhi va sallam bunday dedilar: «Tilanmoq boy va baquvvat o‘rtahol kishi uchun joiz emas. Illo o‘ta qashshoq va behad og‘ir qarz ostida qolgan kishiga joizdir. Kimki mol-davlatini ko‘paytirmoq uchun insonlardan tilansa, bu tilanchilik qiyomat kunida uning qiyofasida bir tirnalgan (shilingan)lik alomati bo‘lur va u jahannamdan olib yeydigan qizigan bir tosh bo‘lur. Bas, xohlagan kishi kamaytirsin, xohlagan kishi ko‘paytirsin!».

Qayd etilgan


AbdulAziz  29 Dekabr 2008, 01:16:54

649. Mahmud ibn G’aylon, Yahyo ibn Odam orqali Abdurrahmon ibn Sulaymondan bizga bayon qildi: o‘tgan hadisning o‘zi...
Ushbu hadis bu vajhdan g‘arib.

Qayd etilgan


AbdulAziz  29 Dekabr 2008, 01:21:59

24-BOB
MAVZU: QARZDOR VA SHUNGA O’XSHASH KISHILAR ORASIDA SADAQA OLISHI JOIZ BO’LGANLAR


650. Abu Sa’id Al-Xudriy (roziyallohu anhu)dan rivoyat qilindi; aytdi: «Rasululloh sallallohu alayhi va sallam davrlarida bir kishi* sotib olgan mevalaridan zarar ko‘rib, qarzi ko‘paydi. Shunda Rasululloh sallallohu alayhi va sallam: «Unga sadaqa qilingizlar!» dedilar. Odamlar unga sadaqa qilishdi, lekin yig‘ilgan sadaqa uning qarzini to‘lamoqqa yetmadi. Shunda Rasululloh sallallohu alayhi va sallam uning tovonchilariga: «(Undan) nimaki topsangiz, olingizlar, illo sizlarga shu topganlaringizdan boshqa narsa yo‘q», — dedilar. (Ya’ni faqat topganlaringiznigina olishlaringiz mumkin).
* Bu zot Mu’oz ibn Jabal (roziyallohu anhu) ekanligi aytildi.
Bu bobda Oisha, Juvayriy va Anas (roziyallohu anhum)dan hadis rivoyat qilindi.
Abu Sa’idning hadisi hasan-sahih.

Qayd etilgan


AbdulAziz  29 Dekabr 2008, 01:22:17

25-BOB
MAVZU: RASULULLOH SALLALLOHU ALAYHI VA SALLAM UCHUN, U ZOTNING AHLI BAYTI VA AVLODLARI UCHUN SADAQA (VA ZAKOT) OLMOQ KAROHAT EKANLIGI


651. Bahz ibn Hakimning bobosi (roziyallohu anhu)dan rivoyat qilindi: aytdi: «Rasululloh sallallohu alayhi va sallamga biror narsa keltirilsa, «Bu sadaqami yoki hadyami?» deb so‘rar edilar. Agar «Sadaqa» desalar, yemas edilar, «Hadya» desalar, yer edilar».
Bu bobda Salmon, Abu Hurayra, Anas, Al-Hasan ibn Ali, Muarraf ibn Vosilning bobosi - Abu Omira, uning ismi Rushayd ibn Molik, - Maymun yoki Mihron, Ibn Abbos, Abdulloh ibn Amr, Abu Rofi’ va Abdurrahmon ibn Alqama (roziyallohu anhum)dan hadis rivoyat qilingan. Bu hadis ayni vaqtda Abdurrahmon ibn Alqamadan, Abdurrahmon ibn Abi Oqildan, Payg‘ambar sallallohu alayhi va sallamdan rivoyat qilingan.
Bahz ibn Hakimning bobosining ismi - Muoviya ibn Hayda Al-Kushayriy.
Bahz ibn Hakimning hadisi hasan-g‘arib.

Qayd etilgan


AbdulAziz  29 Dekabr 2008, 01:22:35

652. Abu Rofi’ (roziyallohu anhu)dan rivoyat qilindi: «Rasululloh sallallohu alayhi va sallam Bani Maxzum (qavmi)dan bo‘lmish bir kishini* sadaqa (zakot) yig‘moq uchun jo‘natdilar. Bu kishi Abu Rofi’ga: «Menga yo‘ldosh bo‘lgin, zakotdan ulush ololgaysan» dedi. (Abu Rofi’) aytdiki, «(Buni) Rasululloh sallallohu alayhi va sallamdan borib so‘ramasa, bo‘lmaydi». Payg‘ambar sallallohu alayhi va sallamga uchrashib, u kishidan (buni) so‘radi. Shunda (Rasuli Akram) bunday dedilar: «Sadaqa bizlarga joiz emas, bir qavmning mavlolari (ozod etilgan qullari) ham ularning o‘zlaridan hisoblanadi».
* As-Suyutiy bu zot Al-Arqom ibn Abil Arqom ekanligini aytadi.
Hadis, sadaqa va zakot Payg‘ambar sallallohu alayhi va sallamga, u kishining xonadonlari ahliga va Bani Hoshim oilasining mavlolariga (ozod etilgan qullariga) harom ekanligaga dalolat qiladi. Hofiz Ibn Hajar «Fath ul-boriy»da Ahmad, Abu Xanifa va Molikiylardan ba’zilari shu qavlga ega bo‘lganliklarini qayd etadi.
Bu hadis hasan-sahih. Payg‘ambar sallallohu alayhi va sallamning mavlolari (ozod etgan kullari) Abu Rofi’ning ismi - Aslam. Abu Rofi’ning o‘g‘li Ali ibn Abu Tolib (karromallohu vajhahu)ning kotibi - Ubaydulloh ibn Abu Rofi’dir.

Qayd etilgan


AbdulAziz  29 Dekabr 2008, 01:22:47

26-BOB
MAVZU: QARINDOSHLARGA SADAQA QILMOQ


653. Salmon ibn Omir (roziyallohu anhu)dan rivoyat qilindi: Nabiy sallallohu alayhi va sallam aytdilar: «Sizlardan birortangiz ro‘zasini ochmoqchi bo‘lsa, xurmo bilan og‘iz ochsin, chunki xurmo barokatdir. Agar xurmo topa olmasa, suv bilan og‘iz ochsin, chunki suv pokizadir!...» So‘ng bunday dedilar: «Miskin kishiga berilgan sadaqa - bitta sadaqadir, qarindoshga berilsa - ikkitadir: bittasi - sadaqa, bittasi - silai rahm».
Bu bobda Abdulloh ibn Mas’udning xotini - Zaynab, Jobir va Abu Hurayra (roziyallohu anhum)dan hadis rivoyat qilingan. Salmon ibn Omirning hadisi hasan. Ar-Rabob - Sulaymning qizi Ummur-Roihdir. Sufyon As-Savriy shu tarzda Osimdan, Hafsa binti Siyrindan, Ar-Rabobdan, uning amakisi Salmon ibn Omirdan, Payg‘ambar sallallohu alayhi va sallamdan ayni shu hadisni rivoyat qiladi. Shu’ba bu hadisni Osimdan, Hafsa binti Siyrindan, Salmon ibn Omirdan rivoyat qildi va hadisning sanadida Ar-Rabobni zikr etmadi. Sufyon As-Savriy va Ibn Uyaynaning rivoyatlari yanada sog‘lom. Ibn Avn va Hishom ibn Hasson ham shu tarzda hadisni «Hafsa binti Siyrindan, Ar-Rabobdan, Salmon ibn Omirdan» deb rivoyat qildilar.

Qayd etilgan


AbdulAziz  29 Dekabr 2008, 01:23:05

27-BOB
MAVZU: MOLDA ZAKOTDAN BOSHQA HAM HAQ BOR


654. Fotima binti Qays (roziyallohu anho)dan rivoyat qilindi; «Nabiy sallallohu alayhi va sallamdan zakot haqida so‘radim yoki so‘raldi», deydi. Shunda: «Albatta, molda zakotdan tashqari ham haq bor», dedilar. Keyin «Baqara» surasidagi ushbu oyatni o‘qidilar: «Yaxshilik faqat yuzlaringizni .... buraverishingiz emas».
Oyati karimaning davomi: «Baqara» surasi, 177-oyat ma’nosi:
«Yaxshilik (faqatgina) yuzlaringizni Mashriq va mag‘rib tomonlarga buraverishingiz emas. Balki, Allohga, oxirat kuniga, farishtalarga, kitoblarga, Payg‘ambarlarga iymon keltirgan, o‘zi yaxshi ko‘rib turib, molini qarindosh-urug‘lariga, yetim-esirlarga, miskin-bechoralarga, yo‘lovchi musofirlarga, tilanchi-gadolarga va qullarni ozod etish yo‘lida beradigan, namozni to‘kis ado qilib, zakotni beradigan kishilar va ahdlashgan paytlarida ahdlariga vafo qiluvchilar va xususan, og‘ir-engil kunlarda va jangu jadal paytida sabr-toqat qiluvchilar yaxshi kishilardir».
Payg‘ambar sallallohu alayhi va sallam bu oyati karimani, molda zakotdan tashqari ham haq borligiga dalil qilib ko‘rsatdilar. Chunki, Allohu taolo, molning xayr-hasanot joylariga berilishini ta’kidlagandan keyin, zakotga o‘tgan va «zakotni bergaydir» deb marhamat qilgan. Bu esa molda zakotdan tashqari ham haq borligiga dalolat qiladi.

Qayd etilgan


AbdulAziz  29 Dekabr 2008, 01:23:25

655. Fotima binti Qays (roziyallohu anho)dan rivoyat qilindi; «Nabiy sallallohu alayhi va sallam aytdilar: «Albatta, molda zakotdan tashqari ham haq bor.
Bu hadis o‘tgan hadisning ayni o‘zi bo‘lishi bilan birga, sanadi o‘zgargan. Shu sababdan Termiziy buni alohida taxrij qilganlar.
Bu hadisning isnodi uncha sog‘lom emas. Abu Hamza Maymun Al-A’varning hadis (bobi)da zaif ekanligi qayd etilgan. Bayon va Ismoil ibn Solim, bu hadisni Shu’badan uning o‘z so‘zi tarzida rivoyat qildilar. Bu rivoyat yanada sahih.

Qayd etilgan


AbdulAziz  29 Dekabr 2008, 01:23:44

28-BOB
MAVZU: SADAQANING FAZILATI HAQIDA


656. Abu Hurayra (roziyallohu anhu)dan rivoyat qilindi; aytadi: «Rasululloh sallallohu alayhi va sallam bunday dedilar: «Kimki pok (halol) narsadan bir sadaqa qilsa, - (zotan) Alloh faqat pokni qabul etgaydir - Rahmon (jalla jalaluhu) uni albatta «o‘ng qo‘li» bilan olgaydir. Agar o‘sha sadaqa xurmo bo‘lsa, u Rahmonning kaftida kattalashib, hatto tog‘dan ham ulkan bo‘lur. Xuddi sizlardan birortangiz toychog‘ini yoki buzog‘ini boqib ulg‘aytirgani kabi (bo‘lur)».
Bu bobda Oisha, Adiy ibn Xotim, Abdulloh ibn Abi Ajfo, Horisa, Abdurrahmon ibn Avf va Burayda (roziyallohu anhum)dan hadis rivoyat qilingan.
Abu Hurayraning hadisi hasan-sahih.

Qayd etilgan


AbdulAziz  29 Dekabr 2008, 01:24:06

657. Anas (roziyallohu anhu)dan rivoyat qilindi; «Nabiy sallallohu alayhi va sallamdan: «Ramazon (ro‘zasi)dan keyin qaysi ro‘za afzalroq?» deb so‘raldi. Aytdilar: «Ramazon ta’zimi uchun Sha’bon ro‘zasi afzalroq!)» Keyin: «Qaysi sadaqa afzalroq?» deyildi: «Ramazondagi (berilgan) sadaqa!» dedilar.
Bu hadis g‘arib.
Sadaqa ibn Muso - muhaddislar nazdida uncha quvvatli emas.

Qayd etilgan