Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallam aytdilar: «Albatta shayton odam farzandi uchun bir necha yo‘llarda o‘tiradi. Hatto Islom yo‘lida ham o‘tiradi. Aytadiki: «O’z diningni va otangning dinini tashlab musulmon bo‘lasanmi?» Inson unga osiy bo‘lib musulmon bo‘ladi. So‘ngra shayton inson uchun hijrat yo‘lida o‘ltiradi. Aytadiki: «Yeru osmoningni tashlab hijrat qilasanmi?» Inson yana unga osiy bo‘lib hijrat qiladi. So‘ngra shayton jihod yo‘lida o‘tiradi. Aytadiki: «Jihod qilasanmi? U jon va molga talofat yetkazadi. Sen urushasan, seni o‘ldirishadi, xotinlaring nikohlanib, moling bo‘lib olinadi». Inson unga osiy bo‘lib jihod qiladi». Rasululloh sollallohu alayhi vasallam aytdilar: «Kim mana shunday qilib o‘lsa, Alloh taologa uni jannatga kirgizish vojib bo‘ladi» (Nasaiy rivoyati, sanadi sahih). Rasululloh sollallohu alayhi vasallam (bu hadislarida) vasvasa ma’nosini aytganlar. Ular jihod qiluvchining ko‘ngliga keladigan narsalar bo‘lib, uning o‘ldirilishi, xotinlarining nikohlanib olinishi va boshqa xayollar jihoddan to‘xtatib qo‘yadigan fikrlardir. Bu xayollar ma’lumdir. Demak, vasvasalar mushohada bilan ma’lum bo‘ladi. Ko‘ngilda kechgan har bir narsaning sababi bo‘lib, uni tanitadigan nomga muhtoj bo‘ladi. U sababning ismi shayton, deb atalib, uning odamdan ajralishini tasavvur qilib bo‘lmaydi. Odamlar unga osiy bo‘lish yoki unga ergashish bilan farqlanadilar. Shuning uchun Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallam: «Sizlarning har biringiz uchun bittadan shayton bo‘ladi», dedilar (Imom Muslim rivoyati).
Batahqiq, bu nav ichki his bilan vasvasa va ilhom, farishta va shayton, tavfiq va muvaffaqiyatsizlik ma’nolari ravshan bo‘ldi. Mana shundan keyin shaytonning zoti to‘g‘risida mulohaza qiladigan kishi shunday o‘ylaydi: shayton latif jism yoki jism emas. Agar jism bo‘lsa, insonning badaniga qanday qilib kiradi? U jism emas, deydi. Bu masala hozir muomala ilmida (ya’ni, zohiriy ilmda) muhtoj bo‘linadigan narsa emas.