19-fasl. Quraysh ichidagi tanglik
Rasululloh bilan Quraysh ahli o’rtasidagi kurash kundan-kunga keskinlashib borardi. Rasululloh sallallohu alayhi vassallam da’vatlarini hamon davom ettirardilar. Bu holni chetdan kuzatgan Quraysh saidlarining paytavasiga qurt tushardi. Ular tezda biron chora ko’rilmasa, bu din chuqur ildiz otib ketishidan qo’rqardilar. Shuning uchun hozirdan risolatning payini qirqish kerak, deb o’ylay boshladilar.
Abu Lahab bilan uning xotini Rasulullohga dushman
ekanini ochiq e’lon qilishdi. Ummu Jamil Хadicha onamizning ashaddiy dushmaniga aylandi. Rasululloh sallallohu alayhi vassallam mushriklar sig’inayotgan butlar biror narsa yaratishga ham, ularning duo-iltijolarini eshitishga ham qodir bo’lmagan, jonsiz toshlar ekanini bot-bot ta’kidlar edilar.
Qurayshliklar: "But-sanamlarImizni Muhammad masharaladi, ilohlarimizni haqorat qildi", deb oyoqqa turdilar,
"Muhammadning da’vatiga chek qo’ymasak bo’lmaydi", deb o’zaro
ahdlashdilar. Shoirlar: "Biz o’z she’rlarimizda uni hajv
qilib, ustidan kulamiz; fikrlarini haqoratlab, mashara
qilamiz; bu she’rlar qo’lma-qo’l tarqalgach, odamlarga ta’sir qilib, undan ko’ngli qolishadi", deyishdi.
Qissa aytuvchilar: "Biz odamlar orasida yurib, ko’hna qissalarni ularga mahorat bilan aytib beramiz. Bu qissalar
Qur’ondan ko’ra chiroylidir. Va odamlar biz bilan mashg’ul
bo’lib qoladi", dedilar ishonch bilan.
Savdogarlar esa: "Uni va unga ergashganlarni tijoratdan surib chiqaramiz. Hayot kechirishi qiyinlashgach, ular dinlarini tark etib, eski holiga qaytishadi", deyishdi muammoni oson hal qilgandek.
Abu Lahab Rasulullohga yon qo’shni edi. Bundan foydalanib, ularga tinchlik bermaslikka, Хadicha onamizni bezovta qilishga, oralarini buzishga ahd etdi.
Хadicha onamiz Rasululloh sallallohu alayhi vassallamni shijoatlantirib, da’vatlarini yoyishda yordam berar, bu yo’lda aslo mol-mulkini ayamas, buni esa Abu Lahab bilan xotini yaxshi bilar edi. Johil er-xotin uzaro reja tuzib olishdi. Yaqinda bizga qarshi so’zlash qanaqa bo’lishini unga ko’rsatib qo’yaman. Vahiy qanaqa bo’lishini, Safo tog’ida Qur’on o’qish nimaligini ko’ziga ko’rsataman, — dedi jini qo’zib Abu Lahab. Хotini ham:
— Men bilan o’ynashish qanaqa bo’lishini bilmaydi u.
Muhammad "mening bo’ynimga bog’langan arqon" qanaqa bo’lishini ko’rib, bir pushaymon bo’lsin, — deya shang’illay boshladi. U Хadicha onamizning hovlisiga qarab tishlarini g’ijirlatar, bor ovozi bilan dodlar edi:
— Ey Хadicha, yo sen bu yerdan ko’chib ketasan, yoki biz...
Bugundan boshlab senga tinchlik bermaganim bo’lsin!
Keyin amaliy ishga o’tishdi. Sahar payti Хadicha onamizning ostonasiga ahlat to’kib ketishdi. Rasululloh sallallohu alayhi vassallam tashqariga chiqib, nopok narsalarning sochilib yotganini ko’rdilar va Хadicha onamizning oldlariga qaytdilar.
— Bu ishni qilgan Abu Lahabning xotinidir. Хadicha, bu hali boshlanishi, — dedilar. Хadicha onamiz eshikka chiqib, u yerda sochilib yotgan ahlatlarni ko’rdilar.
— Ey Rasululloh, uni tezda tozalayman, — deb, tezda ikki qizlarini chaqirdi va ahlatlarni supurishni buyurdi. Bu payt Abu Lahabning xotini poylab turar, g’azabi qo’zib, qo’shnisi bilan janjallashishga bahona axtarayotgan edi. Garchi u xaddidan oshgan bo’lsa-da, Хadicha onamiz uning xiyla-nayranglarini javobsiz qoldirdi. Ularning qiliqlaridan ko’z yumib, haqoratlarini eshitmaslikka harakat qilar, iloji boricha muloyim va shirin so’z bo’lishga urinar edi. Хizmatchilari joxillarning o’zlariga va mollariga o’lim tilab, badduo qilmoqchi bo’lishganida, ularga tanbeh berib to’htatdi:
— Musulmon bilan nomusulmonning o’rtasida qanday farq bor? Agar biz yomonlikka yomonlik bilan javob qaytarsak, afv etilmaymiz. Bizning duolarimiz qabul qilinmaydi, ma’rfiratga erisha olmaymiz. Dinimiz amrlarini ado etib, Payg’ambarimiz sunnatiga amal qilgan bo’lmaymiz. Bunday ozor-aziyatlarga sabr qilishimiz lozim.
Rasululloh sallallohu alayhi vassallam uyga qaytgach, Abu Jahl bilan Abu Lahab kelishganini, yomon so’zlar bilan haqoratlab ketishganini aytib berdilar.
— Ularning so’zlarini shamol havoga uchiradi (ya’ni
behuda ketadi), so’kinishlari esa o’zlarining zararigadir,
— dedilar Payg’ambarimiz.
Qurayshliklar Rasululloh sallallohu alayhi vassallamning ishlari kun sayin rivoj topib, u kishiga ergashuvchilarning soni kundan-kunga ko’payayotganini ko’rishardi. Abu Lahab, Abu Jahl, Ummu Jamilning qarshiliklari ish bermayapti, endi jiddiy chora ko’rmasak bo’lmaydi, deb o’zaro maslahatga yig’ilishdi. Ba’zilar: "Unga madad berayotganlarni o’ldirish kerak", dedi. "U kim, qanday qilib yordam beryapti? Amakisi Abu Тolibmi? Ha"¦Agar u Muhdmmaddan voz kechmasa, biz undan voz kechamiz. Yana bir kishi bor. Uning eng yaqin yordamchisi. Bu Хadichadir. Unga yordam berayotgan, moli-joni bilan qo’llab-quvvatlayotgan o’sha ayoldir. U Muhammadning aytganlarini tarqatmoqda. Unga ergashganlarni sovg’a-salom bilan taqdirlamoqda. Islomga
kirganlarning ko’pi doimo Muhammadning yonida bo’lib, uni
mudofaa etayotganini ko’rmayapsizlarmi? Muhammadni sehrgar demaganmidik?! Хadicha ham u bilan birga sehr-jodu
qilmoqda... Agar uni to’htatmasak, Muhammadning sehrini
sindira olmaymiz".
Kimdir savol tashladi: "Buning uchun nima qilishimiz kerak?" Haligi kishi pichirlab javob qildi: "Abu Тolibni Muhammaddan uzamiz. Тaxdid qilib, Хadichani ham undan ajratamiz. Agar bu ikkovining yordami kesilsa, Muhammaddan qutilamiz".
Ko’pchilik bu fikrni ma’qulladi. So’ng ishga kirishdilar. Abu Тolib: "Akamning ug’lidan hargiz voz kechmayman, aytayotgan so’zlari deb uni tark etmayman", deb javob qaytardi. Endi ular Abu Тolibning vafotini kuta boshlashdi. Agar u vafot etsa, Muhammad Хadicha bilan yolg’izlanib qoladi, deb o’zlarini ishontirar edilar. Joxillar aslo tinch turishmasdi. Ular Rasululloh sallallohu alayhi vassallamga ergashganlarni o’ldirishga qaror qilishdi. "Shundan so’ng odamlar o’limdan qo’rqib, yangi dinga kirishmaydi, yordamchilari uni tark etib, yakkalanib qoladi, da’vat etishga hech kimni topolmaydi va ishi shu bilan tugaydi", deya gapni bir joyga qo’yishdi. Ular Makkadagi musulmonlarga azob bera boshlashdi. Ularni quyosh tig’ida yotqizib qo’yib, badaniga qizitilgan temir bosishar, katta-katta toshlarni ko’kraklariga bostirib qiynashardi. Ko’plarini qorong’u xujraga qamab qo’yib, och va tashna qoldirishardi. Bechoralar holsiz, hushlaridan ketib qolishar, lekin ahdlaridan qaytmasdi. Bu mash’um tomoshaga erkaklar bilan birga xotinlar ham kelardilar. Oxir-oqibat musulmonlar Makkadan chiqib ketishga majbur bo’ldilar. Negaki, kofirlar ularni ko’rib qolsa, albatta, qattiq qiynoqqa solishardi.
Хadicha onamiz bu kurashda sabr-toqat, sabot bilan turar edi. Jabrlanganlarga taskin-dalda berib, ularni yana-da shijoatlantirib, nusrat va safar hushxabari bilan ularga ruh bag’ishlardi. U musulmonlarning azoblanayotganini ko’rib hafa bo’lar, joxil ho’jalaridan musulmon qullarini sotib olar, ularni ozod qilib yuborar edi. Qurayshliklar uning tijorat ishlarini ham siqib qo’yishdi. Ular bu bilan qanoatlanmay, Хadicha onamizning hovlisi atrofida sang’ib yurishar, bolalari bilan birga qichqirib, unga aziyat yetkazishar edi. Rasulullohni ham masharalab, ko’ngillariga ozor berishardi. Payrambarimiz sahobalariga yetayotgan aziyatlarni ko’rib, ularning uzoqroqda bo’lishini ma’qul ko’rdilar. Mo’minlarni Habashiston yurtiga hijrat qilishga buyurdilar. Хadicha onamiz bu amrdan juda hursand bo’ldi. Safar jihozlarini tayyorlashda ularga yordam ko’rsatdilar. Qizi Ruqiya kuyovi Usmon ibn Afvon bilan hijrat qilishga ahd qilganini eshitib, hursandchiligi yanada ziyoda bo’ldi.
-— Ey Usmon, Alloh sizlarga baraka bersin. Sog’-salomat yetib boringlar. Тoki Allohning izni bor ekan, biz shu yerda yashab turamiz.
Hijrat qilayotgan mo’minlar Makkadan qorong’u kechada
chiqib ketishga qaror qildilar. Хadicha onamiz ularni duo
qilardi. Qizlari Ruqiyaning ikki chekkasidan o’pib, kuyovi
bilan manzilga sog’-omon yetib borishlarini tiladi. Ular
ko’zdan g’oyib bo’lgunlaricha ortlaridan qarab qoldi. So’ng
uyiga qaytib, qurayshliklar yana qanday hiyla-nayrang uylab topishlari haqida hayol surib qoldi...