— Sen bularni menga aytmovding? — dedi Bazarov norozi ohangda.
— To‘ppa-to‘g‘ri bu yerga boshlab kelishlarini bilmabman. Aslida sizga ko‘rsataman, deb o‘ylovdim. Siz baribir o‘rtoq Baygildinga berardingiz.
— Bu hisobingiz ham to‘g‘ri, — dedi Baygildin jilmayib. So‘ng qog‘oz yuzidagi qizil dog‘ga ko‘zi tushib, Samandarning bog‘log‘liq qo‘liga qaradi: — Qo‘lga nima qildi?
— Ha, shunchaki... shisha tilib ketdi, — dedi Samandar o‘zini xotirjam tutishga intilib.
Baygildin ularni uzoq ushlab o‘tirmadi. Samandarni shahar chetidagi xos mehmonxonaga kuzatib qo‘yishdi. Xonaga kirib, birinchi ko‘rgani — Hindiqush xaritasi bo‘ldi. «Maqsadlari jiddiyga o‘xshay-di, — deb o‘yladi. — Agar Afg‘onistonga ham o‘rnatilsa, yangi o‘ta sezgir qurilmaga hojat qolmaydi. Yo‘lni to‘sishadi». Shu fikr xayoliga kelib, battar bo‘g‘ildi. Muzjavonni ochdi: baxtiga aroq bor ekan. Katta qadahga quyib, sahroda yo‘l yurib chanqagan odam kabi yutoqib ichdi. Bittaga qanoat qilmasdan ikkinchisini ham to‘ldirib ichgach, dasturxon ustidagi olmalardan birini olib, karsillatib tishladi. Nazarida aroqning quvvati ojizday tuyulib yana ikki marta ichdi-da, shisha beliga yopishtirilgan yorliqqa qaradi. Aroqning qirq daraja ekanini o‘qib, ajablanganicha bosh chayqadi.
Eshik taqillab, askar yigit ko‘rindi-da, «Yemakxonaga chiqasizmi yo ovqatni shu yerga olib kelaymi?» deb so‘radi. Samandar och bo‘lsa-da, ovqat yegisi yo‘q edi. Avvaliga «kerakmas», deb rad etdi. So‘ng yigitni chaqirib, «shu yerga olib kel», deb buyurdi.
Aroq ta’sir qilib, badani qizidi. Boshi aylandi. Bog‘langan panjasiga qarab g‘ijindi-da, dokani yechib tashladi. O’zicha bir nimalar deb g‘o‘diranib, hammomga kirdi. Yuvinib chiqqanida xonani ovqatning yoqimli isi tutgan edi. Shishani bo‘shatgunicha to‘rt-besh cho‘qim ovqat yeya oldi, halos. Tomog‘idan boshqa hech narsa o‘tmadi. Yana bir shisha pivo ichgach, to‘shakka ham yetib bora olmay, gilam ustiga cho‘zildi.