Hazrati Usmonning xalifaligi
Hazrati Umar xastalik davrlarida hech kimni xalifa qilmadilar, balki ashoblarning ulug‘laridan olti kishini to‘plab, o‘zlaringiz o‘z ichlaringizdan kimni loyiq bilsangizlar, o‘shani xalifa qilingizlar, dedilar. Hazrati Ali, hazrati Usmon va Abdur-Rahmon binni Avf shu olti nafar qatorida edilar. Bular hazrati Umarning dafnlaridan keyin bir uyga yig‘ilib mashvarat qildilar. Abdur-Rahmon binni Avfdan tashqari hammalari Usmonni xalifalikka loyiq topdilar. Abdur-Rahmon ko‘rdiki, vaziyat bo‘lakcha, hammadan farqlanib, xalifa bo‘lishdan cho‘chidi. Binobarin, ertangi kun odamlar masjidga to‘planganlarida janob Abdur-Rahmon minbarga chiqdi, avvalan hazrati Alini oldilariga chaqirib, baland ovozda so‘radilar: "Yo Ali, men seni xalifalikka loyiq bilurman, shu shart bilanki, Payg‘ambarimiz hazratlari va avvalgi ikki xalifa tutgan yo‘ldan chiqmaysan". Bu mushkul shart edi. Hazrati Ali javob berdilarki, men buning uddasidan chiqolmayman. Janob Abdur-Rahmon bu daf’a hazrati Usmonni chaqirdilar va yana ushbu shart bilan xalifalikni taklif qildilar. Hazrati Usmon qabul qilgach, odamlar hazrati Usmonni tan oldilar.