Attor bu hikoyani ko‘pgina tafsilotlar bilan ziynatlagan. Turli-tuman qushlarning Hudhud bilan suhbatlarida Attor husni ta’lil san’atidan foydalanib, g‘oyat yangi bir tarzda tasavvufiy, hikmatli fikrlarni ifodalaydi. Bundan boshqa, Anqo ismi o‘rniga shoir Simurg‘ ismini qo‘yish bilan «tajnisi murakkab» san’atidan foydalanib, «man a’rifa nafsaxu faqad a’rifa rabbahu» so‘zining ma’nosini go‘zal bir tarzda anglatgan (Kim o‘zligini bilsa, Allohi taoloni ham biladi). Simurg‘ni izlab kelgan qushlardan 30 nafari omon qoladi va oxiri «Simurg‘» (30 qush) o‘zlari ekanini anglab yetadilar. Boshqacha aytganda, odamlarning umr bo‘yi izlagan orzusi ularning o‘z qalbidadir. Gulshanriy 717-hijriyda «Mantiq ut-tayr»ga bir nazira yozgan bo‘lib, undan bizgacha kattagina parcha yetib kelgan. (Qarang: F. Teshner. Das futuvvat kapitel in Gulshexris alt osmanissher Barbeytug fon Atgars Mantiqut-tayr. (Olmoncha.) Turk adabiyoti namunalari. Istanbul, 1926).
«Musibatnoma» — bu masnaviyda shoir Allohni Koinotdan izlab, oxiri o‘z qalbidan topgani borasidagi tasavvufiy g‘oyani boshqacha bir tarzda ifodalagan. Bir solik (tariqat, suluk a’zosi) pirining amri bilan ruhan (shuuriy) ko‘klarga sayohat qilib, Isrofil, Mekoil, Azroil va boshqa farishtalar hamrohligida Arsh, Kursi, Lavh, Qalam, Jannat. Jahannam, Ko‘k, Quyosh, Oy, Anosiri-arbaa (To‘rt unsur), Tog‘, Dengiz, Ma’dan, Nabotot, Hayvonot, Qushlar, Iblis, Odam, Nuh, Ibrohim, Muso, Dovud, Iso, Muhammad, His, Xayol, Aql, Qalb va Jon bilan uchrashib suhbatlashadi. Ular birin-ketin husni ta’lil ruhidagi javoblari bilan yo‘lchining umidini yo‘qqa chiqaradilar. Nihoyat, u izlaganini o‘z qalbidan topadi.
Bu asar Pur Muhammad tarafidan «Tariqatnoma» atalib, sulton Murod II topshirig‘i bilan turkiy tilga tarjima qilingan.
«Ilohiynoma»— bu ma’naviy doston ham bir qamrovli hikoya va bir qancha kichik hikoyatlardan tashkil topgan. Qamrovli hikoyaning mazmuniga ko‘ra, bir podshoh olti o‘g‘lidan: «Dunyoda eng sevgan narsalaringiz nima ekanini ayting», deb so‘raydi. Birinchi o‘g‘il parilar podshohining qizini sevishini, ikkinchisi sehrgarlikni yoqtirishini, uchinchisi - Jomi Jamni (Jamshid qadahini), to‘rtinchisi - obihayotni, beshinchisi — Sulaymonning uzugini, oltinchisi — al-kimyoni orzu qilishini aytadilar. Podshoh farzandlariga bu dunyo havaslaridan yuksakroq orzular borligini tushuntiradi. Asosiy hikoya to‘qimasiga singdirilgan kichik hikoyatlarda Attor zuxdiy va tasavvufiy mavzulardan bahs etadi.