ZUBAYR ibn AVVOM, to‘liq ismi Abu Abdullo az-Zubayr ibn al-Avvom ibn Xuvaylid al-Asadiy al-Qurayshiy (? -656) - sahoba, makkalik ilk musulmonlardan. Asharai Mubashsharadan. Kuraysh qabilasidan, Xadicha kabi bani Asad urug‘idan. Muhammad (sav)ga xolavachcha, Xadichaga esa, akaning o‘g‘li. Oishaning singlisi Asmoga uylanganligi uchun Rasuli Akramga boja hisoblanadi. 12 yoshida islomga kirgan. Oldin Habashistonga, so‘ngra Madinaga ko‘chgan(hijrat qilgan)lardan. Muhammad(sav)ning barcha g‘azotlarida qatnashgan. Badr jangida dushmanga birinchi bo‘lib qilich solib hamla qilgan. Umar (ra) davrida Yarmuk jangida qatnashib, ikki joyidan yaralangan. Misrni fath etishda qatnashgan. Z.ibn A. badavlat bo‘lib, uning bir quli, hisobsiz moli, yer va bir necha uyi bo‘lgan; u xayr-ehson qilishni sevar, mol dunyosini Alloh yo‘lida sarflagan. Savdogarlik b-n shug‘ullangan. Xalifa Umar (ra)ning xalifalik uchun ajratgan 6 kishilik maslahat ashobidan edi. Usmon (ra) xalifaligi davrida chiqqan ixtiloflarga qo‘shilgan. Jamal jangida Aliga qarshi chiqqan, so‘ngra afsus chekib, orqaga qaytgan. Biroq qaytishda bir daraxt tagida uxlab yotganida o‘ldirilgan. Qotil Ibn Jurmuz Zubayrning boshini Aliga olib borgan. Mukofot kutgan qotilga Ali payg‘ambarimizning "Zubayr qotiliga jahannamga kirishini xabar beringiz", mazmunidagi hadislarini o‘qib bergan. Z.ibn A. payg‘ambarimizdan 38 hadis rivoyat qilgan.