15-bob. Jihod shartlari va dushman birlan yarashib shartnoma tuzish haqida
Misvar ibn Maxrama va Marvon raziyallohu anhumo rivoyat qtsladilar: «Rasululloh sallallohu alayhi va sallam Hudaybiya vaqtida (ya’ni, Hudaybiya sulhi tuziladirgan yili — hijriy oltinchi yil, Zulqa’da oyining dushanba kuni bir ming besh yuzga yaqin sahobalari birlan Madinadan) yo‘lga chiqdilar, (Zulhulayfaga kelganlarida qurbonlikka atalgan tuya bo‘yniga nishon osib, o‘rkachini qonatgach, umraga ehrom bog‘ladilar. So‘ng, Quraysh mushriklarining musulmonlarga qarshi ne niyatda ekanliklarini bilib kelmoq uchun Busr ibn Sufyonni ayg‘oqchi qilib jo‘natdilar). Birmuncha yo‘l yurishgach, Janob Rasululloh: «Xolid ibn Valid G’amimda, Quraysh otliqlarining oldingi qismida kelayotir, o‘ng tomonga yuringizlar!» — dedilar. (Musulmonlar qo‘shini ul zot ko‘rsatgan tomonga qarab yurdi. Quraysh otliqlarining oldingi qismi musulmonlar qushinining chang-to‘zonini ko‘rib to‘xtadi-da, ortiga qaytib ketdi). Janob Rasululloh (buni ko‘rib): «Olloh taolo haqi, Xolid (ibn Valid) chang-to‘zon ichida kelayotgan musulmonlar qo‘shinini kurmay qoldi!» — dedilar. Xolid ersa Qurayshga Rasululloh sallallohu alayhi va sallamning kelayotganlarini tezroq xabar qilish uchun otini nuqtab choptirib ketdi. Rasululloh sallallohu alayhi va sallam (sahobalar birlan birga) yo‘lda davom etib, Quraysh ustidan tushib keladigan Saniyya dovoniga yetganlarida tuyalari cho‘qdi. Shunda odamlar uni turg‘azish uchun «chu... chu!» deb baqirishdi, ammo u cho‘kkancha yetaverdi. Odamlar: «Qasvo turgisi kelmay, qaysarlik qilayotir, Qasvo turgisi kelmay qaysarlik qilayotir», — deyishdi. (Qasvo — Janob Rasulullohning tuyalari nomi bo‘lib, qulog‘ining bir cheti qirqiq bo‘lgan). Janob Rasululloh: «Qasvo turgisi kelmay, qaysarlik qilayotgani yo‘q, uning bunday odati yo‘q erdi, lekin uni (bul yerdan qo‘zg‘atmay), ushlab turgan zot fillarni (Makkaga kirishdan) to‘xtatib qolgan zotning (Olloh taoloning) o‘zidur», — dedilar (ya’ni, agar Janob Rasululloh boshliq bir necha yuz sahobalar to‘g‘ridan-to‘g‘ri Makkaga kirib borishganda Quraysh kofirlari ularning yo‘llarini to‘sib, qarshilik ko‘rsatardi va buning oqibatida Makkadek muqaddas joyda qon tukilib, ko‘plab bechorahol kishilar, ayollaru bolalar halok bo‘lardi hamda shahar vayron qilinardi. Shu boisdan Janob Rasululloh: «Tuyamni bul yerdan qo‘zg‘atmay, ushlab turgan zot fillarni Makkaga kiryshdan tuxtatib qolgan zotning — Olloh taoloning o‘zidur» — deyish birlan fillarga minib olib, Makkani buzib tashlashni qasd qilib kelgan kofirlarni Olloh taolo ul yerga kirgazmay, halok qilganiga ishora qilayotirlar). So‘ng, Janob Rasululloh: «Jonim qo‘lida bo‘lmish zot haqi, (Quraysh ahli) menga (Makka) hurmatini saqlashga qaratilgan har qanday taklifni qilsa, uni (bajonu dil) qabul qilurman!» — deb aytdilar. So‘ng, tuyalarini «Chu... chu!» — deya o‘rnidan turishga undab erdilar, u darhol turdi. Janob Rasululloh ortlariga qaytdilar-da, Hudaybiyaning (Makkadan) eng uzoq yeriga borib, bir ko‘lmak suv buyida (tuyalaridan) tushdilar. Odamlar darhol (suvga yopirilishib), undan hovuchlab ola-ola bir tomchi ham qoldirishmadi. Shunda ular Rasululloh sallallohu alayhi va sallamga chanqaganlarini aytishib, shikoyat qilishdi. Janob Rasululloh sadoqlaridan bir kamon o‘qini oldilar-da, uni ko‘lmak suv turgan yerga tiqishni amr qildilar. Olloh taolo haqi, shunda ul yerdan shul qadar ko‘p suv otilib chiqdiki, hatto barcha odamlar chanqoqlarini qondirishib, (meshlarini ham to‘ldirib olishdi). Ular shul ish birlan mashgul bo‘lib turishganda Budayl ibn Varqo al-Xuzo’iy bir necha xuzo’iylar birlan birga ul zotning huzurlariga keldi. Xuzo’a qabilasi Tihoma ahlidan (ya’ni, Makka va uning atrofidagi yerlar ahlidan) bo‘lib, o‘shanda Budayl va u birlan birga kelgan kishilar Janob Rasulullohning nasihatlarini (mushriklarga) to‘la-to‘kis yetkazib, ul zotning ishonchlarini oqlagan erdilar. Budayl (Janob Rasulullohga): «Men (sizning huzuringizga) kelayotganimda Ka’b ibn Luay va Omir ibn Luay (ko‘p sonli qushin birlan) Hudaybiya suvlariga boradirgan yo‘llarni tusib turishgan erdi, ular (chanqoqlikdan qiynalmaslik uchun) o‘zlari birlan ko‘plab sog‘in tuyalarni ham olib ketishgan, sizni (Baytullohga) kirgizmaslik uchun siz birlan jang qilmoq niyatidadurlar», — dedi. Janob Rasululloh: «Biz biror kishi birlan urush qilgani kelgan ermasmiz, biz umra qilmoq niyatida kelgandurmiz. Quraysh qabilasini ersa, urush holdan toydirib, xonavayron qilgandur. Agar istasalar, men ularga muhlat berib, (shu muhlat davomida ular birlan urush qilmasman. Qabila boshliqlari o‘z) odamlarini (urush qilmoq niyatidan qaytarmog‘imga) imkon bersinlar. Agar ularni (bundan) qaytara olsam-u, menga itoat etgan odamlar kabi itoat etmoqni istasalar, itoat etsinlar, basharti ko‘ndira olmasam, (demak) ularning xohishi shu bulur. Mobodo ular (bizni Baytullohga) kiritmoqdan bosh tortsalar, ul holda jonim qo‘lida bo‘lmish zot haqi, men bu ishimni (Olloh taolo menga yuklagan ipshi) deb to ulgunimcha ularga qarshi albatta jang qilurman va Olloh taolo (menga yuklagan) ishni albatta amalga oshirgusidur!» — dedilar. Budayl: «Siz aytgan gaplarni ularga yetkazurman», — dedi-da, Quraysh ahli qoshiga qaytib borib: «Biz sizlarning oldingizga o‘shal odamning (ya’ni, Janob Rasulullohning) huzurlaridan keldik, ul kishining gaplarini tingladik, agar istasangizlar, sizlarga birma-bir bayon qilib berurmiz», — dedi. Shunda ularning orasidagi ahmoqlari (Ikrima ibn Abu Jahl va Hakam ibn Abulos): «Ul xususida bizga biror narsa aytmog‘ingga zor emasmiz!» — deyishdi, aqllisi ersa: «Nima degan bo‘lsa, menga aytib ber!» — dedi. Budayl: «Ul odam bunday va bunday, deb aytdi» — deb ul zotning gaplarini bayon qildi. So‘ng, Urva ibn Mas’ud o‘rnidan turib: «Ey qavm, ota-bola kabi bir-birimizga shafqatli emasmizmi?» — dedi. Ular: «Ha, shunday, (shafqatlimiz)», — deyishdi. Urva: «Ota-bola kabi bir-birimizga ishonchli emasmizmi?» — dedi. Ular: «Ha, shunday, (ishonchlimiz)», — deyishdi. Urva: «Meni yolg‘onchi deb bilasizlarmi?» — dedi. Ular: «Yo‘q», — deyishdi. Urva: «Ukoz ahlini sizlarga yordam qilmoq uchun jangga chorlaganimni hamda ular qo‘rqoqlik qilib, kelmaganlarida uzim, bolalarim, qarindoshlarim va menga itoat qilguvchi barcha kishilar birlan (yordamga) kelganim esingizdami?» — dedi. Ular: «Ha, unutganimiz yo‘q», — deyishdi. Urva: «Ul kishi (ya’ni, Janob Rasululloh) sizlarga rushd yo‘lini (ya’ni, yaxshilik, tinchlik va insof yo‘lini) ko‘rsatibdilar, uni qabul qilingizlar-da, menga ijozat beringizlar, ul kishining huzurlariga borib (kelayin!)» — dedi. Ular: «Mayli, uning huzuriga borib (kel!)» — deyishdi. Keyin, Urva Rasululloh sallallohu alayhi va sallamning huzurlariga borib so‘zlay boshlab erdi, ul zot Budaylga ne degan bo‘lsalar, unga ham taxminan o‘shal gaplarni aytdilar. Janob Rasululloh: «...ularga qarshi albatta jang qilurman...» — deganlarida Urva: «Zy Muhammad, menga aytingiz-chi, o‘z qavmingizni butunlay qirib yubordingiz ham deyaylik, ammo sizga qadar biror arabning o‘z ahlini qirib yuborganini eshitganmisiz? Agar (dushmanlaringiz qo‘llari baland kelib), zafar qozonsalar, (sahobalaringizning sizga nafi tegmas). Chunki, men, Olloh haqi, odamlaringiz orasida olijanob, zodagon kishilarni ko‘rmayotirman, nuqul zoti past, tuban kishilarga ko‘zim tushdi. Turgan gapki, ular sizni jang maydoniga tashlab qochgaylar», — dedi. Shunda Janob Rasulullohning ortlarida o‘ltirgan Abu Bakr (g‘azablanib): «(Ey Urva), shu gaping uchun Lotning tilligini so‘r, hali biz ul zotni tashlab qochamizmi?!» — dedilar. («Lot» ayol qiefasidagi bir butning nomi bo‘lib, kofirlar unga qattiq e’tiqod birla sig‘inganlari uchun Abu Bakr shunday deb so‘kdilar). Urva: «Bul (gapirgan kishi) kim?» — dedi. Odamlar: «Abu Bakr», — deyishdi. Urva: «Ammo, jonim qo‘lida bo‘lmish zot haqi, agar (bir vaqtlar menga madad qo‘lini cho‘zib) qilgan yaxshiliklaring bo‘ynimda qarz bo‘lib turmaganida erdi, senga javob qaytargan bo‘lar erdim!» — dedi. So‘ng, Urva Rasululloh sallallohu alayhi va sallamga so‘zlay boshladi va har gal so‘z aytganda (arablar odatiga ko‘ra lutf birlan) ul zotning muborak soqollarini ushlab qo‘yar erdi. Mug‘iyra ibn Shu’ba ersalar sovut kiyib olib ul zotning tepalarida qilich ushlagan holda turar va Urva ul zotning muborak soqollariga qo‘l cho‘zdi deguncha qilichlarining qini birlan uning qo‘liga urar erdilar. Nihoyat, Mug‘iyra chidamay: «Janob Rasulullohning soqollaridan qo‘lingni tort, chunki mushrik uni ushlamasligi lozim!» — dedilar. Urva boshini ko‘tarib: «Bu kim?» — dedi. Odamlar: «Mug‘iyra ibn Shu’ba», — deyishdi. Urva Mug‘iyraga xitob qilib: «Ey xoin, qilgan xiyonating balosidan seni qutqarib qolmaganmidim?!» — dedi.
Mug‘iyra johiliyat davrida (Saqif qabilasiga mansub) bir qavm birlan birga (Misr va Iskandariya hokimi Muqavqisni ziyorat qilgani) borgan erdilar. (Shunda Muqavqis o‘shal qavmga ko‘p in’omlar berib, Mug‘iyra bo‘lak qavmdan bo‘lganlari uchun, ul kishiga hech narsa bermagan erdi. Keyin, ular qaytib kelishayotganda ichkilik ichib, mast bo‘lib uxlab qolishgan erdi. Shunda Mug‘iyra g‘ayrliklari kelib, ularning barchasini o‘ldirib, Muqavqis bergan in’omlarni olib ketgan erdilar. Saqif qabilasi Mug‘iyraning bu qilgan ishlaridan xabar topgach, ul kishiga qarshi urush e’lon qilgan erdi. Shunda Mug‘iyraning amakilari bo‘lmish Urva o‘rtaga tushib, Saqif qabilasini o‘ldirilgan o‘n uch kishining xun haqini olishga ko‘ndirib, har ikki tomonni yarashtirib qo‘ygan erdi). So‘ng, (Mug‘iyra Madinaga kelib), Islomga kirgan erdilar. o‘shanda Janob Rasululloh (Mugiyraga): «(Agar) Islom xususida (so‘zlashgani kelgan bo‘lsang), uni qabul qil va (agar o‘zing keltirgan mol-mulk haqida so‘zlashgani kelgan bo‘lsang), ul holda men (xiyonat birlan tortib olingani uchun) uning xususida so‘zlashmasman!» — deb erdilar.
So‘ng, Urva Rasululloh sallallohu alayhi va sallamning sahobalarini birma-bir ko‘zdan kechirib chiqa boshladi. Qarasa, ular Janob Rasulullohning qoshlarida ta’zimu ehtirom birlan qo‘l qovushtirib, ul zotning har bir xatti-harakatlari, har bir so‘z va ishoralariga e’tibor berib turishar, hattoki tupursalar, tupuklarining (erga tushmog‘iga yo‘l qo‘ymay), unga kaftlarini tutishar, kaftlariga tushgan muborak tupukni ersa darhol yuzlari birlan badanlariga surtishar, biror narsa xususida amr qildilar deguncha, tezliqda uni bajo keltirmoqqa oshiqishar, tahorat qilsalar, tahoratlaridan tushayotgan muborak suvdan nasiba olmoq uchun bir-birlari birlan urishib ketgudek talashishar, so‘zlasalar, darhol jim bo‘lishar va ul zotga nigohlarini quyi qilib qarashar erdi. Keyin, Urva o‘z ashoblari (ya’ni, Quraysh kofirlari) huzuriga qaytib borib, ularga: «Ey qavm, Olloh haqi, men (ko‘plab) podshohlarning, (jumladan Rum) qaysari, (Fors) xusravi va (Habashiston podshohi) Najoshiyning huzuriga elchi bo‘lib borganman, ammo, Olloh haqi, Muhammad sallallohu alayhi va sallamchalik o‘z sahobalari hurmatiga sazovor bo‘lgan biror podshohni ko‘rmaganman, Olloh haqi ul zot tupursalar, tupuklari (erga tushmay), sahobalaridan birining kaftiga tushayotir va u darhol uni tabarruk qilib, yuzi birlan badaniga surtayotir, biror narsani amr qilsalar, uni bajo keltyrmoqqa oshiqishayotir, tahorat qilsalar, tahoratdan tushayotgan suvdan nasiba olmoq uchun urushib ketgudek talashishayotir, so‘zlasalar, darhol jim bo‘lishayotir, qattiq hurmat qilganlaridan ul zotga tikilib qarashmayotir. Darhaqiqat, ul zot sizlarga rushd (xayriyat, tinchlik va insof) yo‘lini ko‘rsatdilar, uni qabul qilingizlar!» — dedi. Shunda Banu Kinona qabilasidan bir kishi (ya’ni, Hulays ibn Alqama): «Menga ham ijozat beringizlar, uning huzuriga borib kelayin!» — dedi. (Qabila boshliqlari): «Mayli, borib kel!»— deyishdi. Hulays yo‘lga tushib, Rasululloh sallallohu alayhi va sallam birlan ul zotning sahobalari turgan yerga yaqinlashgach, Janob Rasululloh: «Bul odam falonchi bo‘lib, u tuya va mollarni yaxshi ko‘radirgan qavmdandur. (Mening tuyamni) turgazib, (uni mindirib kelingizlar!)» — dedilar. Sahobalar (ul zotning tuyalarini) yetaklab, umraga talbiya aytgancha Hulaysga peshvoz chiqishdi. Hulays buni ko‘rib: «Subhonalloh, bunday odamlarni (Baytullohga) kiritmaslik gunohdur!» — dedi. So‘ng, Quraysh kofirlari huzuriga qaytib borgach, ularga: «Men (hajda qurbon qilishga atalgan), bo‘yniga nishon osilib, o‘rkachi qonatib quyilgan tuyalarni ko‘rdim, (Muhammad va uning sahobalari haqiqatan ham umra qilmoq niyatida kelishgan erkan), ularni Baytullohga kiritmaslik kerak, deb hisoblamayman», — dedi. Shunda ularning oralarida o‘ltirgan Mikraz ibn Hafs ismli bir kishi o‘rnidan turib: «Menga ham ijozat beringizlar, uning huzuriga borib kelayin!» — dedi. Ular: «Mayli, borib kel!» — deyishdi. Mikraz Rasululloh sallallohu alayhi va sallam birlan ul zotning sahobalari turgan yerga yaqinlashganda, Janob Rasululloh: «Bu Mikraz bo‘lib, u xiyonatkordur», — dedilar, (chunki u Hudaybiyada musulmonlarga qarshi xiyonatkorlik qilgan erdi). Mikraz kelib, Janob Rasulullohga so‘zlay boshladi, shu asnoda Suhayl ibn Amr kelib qoldi. Ul zot: «Mana, ishlaringiz bir oz yengil ko‘chadirgan bo‘ldi», — dedilar. (Arab tilida «sahula» fe’li bo‘lib, «osonlashdi», «engillashdi» degan me’nolarni anglatadi. «Suhayl» degan ism ersa ana shu fe’lning o‘zagidan yasalgan bo‘lib, «jindak oson», «bir oz yengil» degan mazmundadur). Suhayl: «Kelingiz, biz birlan sizlar o‘rtamizda shartnoma tuzingiz!» — dedi. Janob Rasululloh kotibni (Hazrat Alini) chaqirdilar-da, ul kishiga: «Bismillohir rahmonir rahiym, deb yozgil!» — dedilar. Suhayl: «Ammo, men «Ar-Rahmon» nima erkanligini bilmasman, shuning uchun ilgari yozib yurganingizdek «Bismika Ollohumma» («Yo parvardigoro, sening isming birlan») deb yozingiz!» — dedi. (Janob Rasululloh johiliyat davrida yozishgani kabi Islomning dastlabki davrida ham shunday deb yozib yurar erdilar. Bul xususda maxsus oyat nozil bo‘lgach, «Bismillohir rahmonir rahiym» deb yozadirgan bo‘ldilar). Shunda musulmonlar (e’tiroz bildirishib): «Olloh taolo haqi, faqat «Bismillohir rahmonir rahiym» deb yozamiz!» — deyishdi. Janob Rasululloh (Hazrat Aliga): «(Mayli), «Bismika Ollohumma» deb yozaver!» — dedilar, so‘ng: «Ushbu noma Ollohning rasuli Muhammadning (Quraysh qabilasi elchisi Suhayl ibn Amr birlan tuzgan) shartnomasidur» deb ham yozib qo‘ygil!» — deb aytdilar. Suhayl «Olloh haqi, agar sizni Ollohning rasuli, deb tan olganimizda erdi, sizning Baytullohga kirmog‘ingizga mone’lik qilib, sizga qarshi jang qilmoqqa qasd qilmagan bo‘lur erdik, shuning uchun «Abdullohning o‘g‘li Muhammad» deb yozingiz!» — deb turib oldi. Janob Rasululloh: «Olloh taol haqi, men darhaqiqat Ollohning rasulidurman! Bas, mei yolg‘onchiga chiqargan erkansizlar... (Ey Ali), mayli «Abdulloh o‘g‘li Muhammad» deb yozaver!» — dedilar. So‘ng, ul zot (Suhaylga): «Baytullohni tavof qilmog‘imiz uchun uni bizga xoli qoldirasizlar!» — deb aytdilar. Suhayl: «Olloh haqi, (bu yil) Baytullohni sizlarga xoli qoldira olmasmiz, chunki arablar bizni: «Musulmonlar qudrati oldida bosh egishibdi — deb gap-so‘z qilishur, uni kelasi yili sizlarga xoli qoldirurmiz», — dedi. Hazrat Ali shunday deb yozdilar. Keyin Suhayl: «Agar bizlardan biror kishi sizning oldingizp qochib kelsa, garchi u sizning diningizda bo‘lsa-da, uni bizga qaytargaysiz», — dedi. Shunda musulmonlar: «Subhonalloh, Islomni qabul qilib kelgan kishi qanday qilib mushriklar ga qaytariladi?» — deyishdi. Musulmonlar birlan mushriklar shul tariqa tortishib turishgan erdi, ularning huzuriga Abu Jandal ibn Suhayl ibn Amr (oyoqlaridagi) kishanlarini sudragancha kirib keldilar. (Mushriklar ul kishini Islomga kirganlari uchun oyoq-qo‘llarini kishanlab, zindonga tashlashgan erdi. Hozir ersa zindondan qochgancha) Makkaning quyi tomonidan kirib keldilar-da, o‘zlarini musulmonlar bag‘riga otdilar. Suhayl (o‘g‘li Abu Jandalning kirib kelganini ko‘rib): «Ey Muhammad, (shartnomamizga ko‘ra) sizdan dastavval talab qiladirgan narsam shuki, uni darhol menga qaytarib beringiz!» — dedi. Janob Rasululloh: «Biz hali shartnomani tuzib bo‘lganimizcha yo‘q», — dedilar. Suhayl: «Olloh haqi, (agar o‘g‘limni menga qaytarib bermas erkansiz), demak men siz birlan biror narsa xususida hech qachon kelisha olmasman!» — dedi. Janob Rasululloh: «(O’g‘lingni senga qaytarib bermasligimga kunib), shartnomani imzolagil!» — dedilar. Suhayl: «Shartnomani sizga bunday deb imzolab bermasman!» — dedi. Janob Rasululloh: «Men ersam shunday deb imzolagayman!» — dedilar. Suhayl: «Men ersam, bunday deb imzolamasman!» — dedi. Mikraz: «Axir, (bizdan sizning oldingizga qochib kelganlarni qaytarib bermog‘ingizga) qaror qilib erdik-ku?!» — dedi. Shunda Abu Jandal: «Ey musulmonlar jamoasi, men musulmon bo‘la turib, mushriklar qo‘liga qaytarilamanmi? Axir, ularning meni ne ahvolga solishganini ko‘rib turibsizlar-ku!» — dedilar. Darhaqiqat, (mushriklar) ul kishini Olloh taolo (yo‘liga kirganlari) uchun qattiq azobu qiynoqqa solishgan erdi. Hazrat Umar raziyallohu anhu bunday deydilar: «(Abu Jandal shunday degach), men Rasululloh sallallohu alayhi va sallamning oldilariga borib: «(Yo Rasulalloh), siz Olloh taoloning haqiqiy rasuli ermasmisiz?» — dedim. Ul zot: «Ha, shunday, (uning haqiqiy rasulidurman)», — dedilar. Men: «(Yo Rasulalloh), bizning (yo‘limiz) haq (yo‘l) bo‘lib, dushmanlarimizning (yo‘li) botil ermasmi?» — dedim. Ul zot: «Ha, shunday, (bizning yo‘limiz haq va dushmanlarimiz yo‘li botildur)», — dedilar. Men: «Shunday erkan, nechun dinimizga zid ishni qilayotirsiz?» — dedim. Ul zot: «Men Olloh taoloning rasulidurman, ul mening madadkorim bo‘la turib, (hech vaqt) unga osiylik qilmasman!» (ya’ni, «Men o‘zboshimchalik qilayotganim yo‘q, Olloh yuborgan vahiyga binoan shunday qarorga keldim!») — dedilar. Men: «(Tushingizda sahobalaringiz birlan Baytullohga kirganingizni ko‘rganingizda) Baytullohga borib, uni tavof qilajagimiz haqida bizga gapirar erdingiz-ku?» — dedim. Ul zot: «Ha, shunday, ammo shu yili Baytullohga boramiz, deb aytganmidim?» — dedilar. Men: «Yo‘q, (bunday deb aytmagandingiz)», — dedim. Ul zot: «Darhaqiqat, sen Baytullohga borib, uni tavof qilgaysan, (ammo bu yil ermas)», — dedilar. So‘ng, men Abu Bakrning oldilariga borib: «Ey Abu Bakr, ul zot Olloh taoloning haqiqiy rasuli ermasmilar?» — dedim. Abu Bakr: «Ha, shunday, (ul zot Olloh taoloning haqiqiy rasulidurlar)», — dedilar. Men: «Bizning (yo‘limiz) haq bo‘lib, dushmanlarimiz (yo‘li) botil ermasmi?» — dedim. Abu Bakr: «Ha, shunday, (bizning yo‘limiz haq va dushmanlarimiz yo‘li botildur)», — dedilar. Men: «Shunday erkan, nechun dinimizga zid ish qilayotirmiz?» — dedim. Abu Bakr: «Ey kishi, ul zot shubhasiz Olloh taoloning rasulidurlar, ul zot o‘zlarining madadkorlari bo‘lmish Olloh taologa (hech vaqt) osiylik qilmaslar, ul zotning etaklaridan mahkam (ushlagil-da, ketlaridan indamay) ergashaver, Olloh taolo haqi, ul zot (tutgan yo‘l) haq (yo‘ldur)», — dedilar. Men: «Janob Rasululloh (tushlarida sahobalari birlan Baytullohga kirganlarini ko‘rganlarida) Baytullohga borib, uni tavof qilajagimiz haqida bizga gapirar erdilar-ku?!» — dedim.