Qur’oni Karimdagi bir yuz o‘n to‘rt (114) suradan yigirma oltita (26) sura Madinada nozil bo‘lgan. Qatoda (r.a.)ning rivoyatlariga ko‘ra ular: Baqara, Oli Imron, Niso, Moida, Tavba, Ra’d, Nahl, Haj, Nur, Ahzob, Muhammad, Fath, Hujurot, Ar-Rahmon, Hadid, Mujodala, Hashr, Mumtahana, Saf, Jum’a, Munofiqun, Tag‘obun, Taloq, Tahrim (Tahrim surasining avvalgi to‘qqiz oyati), Izo zulzil, Iza jaa nasrulloh suralaridir. Qolgan sakson sakkiz (88) sura Makkada nozil qilingan. (Ibn Kasir tafsiri. Bayrut. 1969 y. 1-jild. 7-b. Qurtubiy Al-Jomi’ li-ahkomil-Qur’on. Bayrut. 1-j. 61-b)
Misrning Qohira Nasr shahrida 1999 yilda, Bayrutda 1994 yilda va Madinada, Urdunda Hazrat Usmon mushaflariga muvofiq ravishda chop etilgan Qur’oni Karim nusxalarining barchasida, hattoki Toshkentda nashr etilgan Shayx Abdulaziz Mansurning «Qur’oni Karim ma’nolarining tarjimasi» kitobida ham Madinada nozil bo‘lgan suralarning soni yigirma sakkizta(28), Makka suralarining soni esa sakson oltita(86) deb, «Bayyina» va «Inson» suralari ham Madaniy suralar qatorida ko‘rsatilgan.
«Payg‘ambarimiz va Asharai mubashshara» kitobining muallifi esa: «Qur’on suralarining to‘qson uchtasi (93) Makkada, yigirma bittasi(21) Madinada nozil bo‘lgan» (Zakoi Kunrapa. Payg‘ambarimiz va Asharai mubashshara. Toshkent. 1995 y. 87-b) deb yozadi. Ammo muallif bu raqamlarni qaysi manba’dan olinganini aytmagan va bu ma’lumot ulug‘ mufassirlarning fikrlariga ham xilofdir.