Faqat bir narsa ma’lumki, oddiy tuproqdan tayyorlangan loydan yaratilgan insonga Alloh o‘z ruhidan puflash bilan uni yuksaltirdi, azizu mukarram qildi. Inson o‘ziga berilgan ilm va tafakkur qobiliyatini yomonlikka ham, yaxshilikka ham, ya’ni sharrga ham, xayrga ham ishlatishi mumkin. Inson tabiatidagi tuproq, loy uni pastga, zalolatga tortsa, unga ingan «Allohning ruhi» yuksaklikka, poklikka, ma’naviy kamolot sari intilishga undaydi. Ilohiy kitoblar inson uchun hidoyat yo‘li bo‘lsa, insonga yaratilishdan Alloh tomonidan nasib etilgan pok ruh ushbu kitoblar mazmunini, payg‘ambarlar da’vatini anglashga imkon yaratadi. Darhaqiqat, insondan o‘zga hech bir tirik («jonli») mavjudot ushbu kitoblar mohiyatini anglashga qodir emas. Bundan tashqari yuqorida eslab o‘tilgan ilm va tafakkur qobiliyati, hayotiy hodisalar ustida mushohada yuritib, undan tegishli xulosalar chiqarish imkoniyati ham faqat insonga xos.
Shunday ekan, inson o‘ziga berilgan bunday noyob imkoniyatlarni besamara qoldirmasligi, tafakkur bilan, borliqni va ilohiy kalom mazmunini anglash orqali o‘z ma’naviy kamolatini yuksaltirib borishi lozim. Alloh taolo tomonidan bandaga in’om etilgan pok ruh uni yaratganga imon keltirish, ne’matlariga shukr etish, hayotlik davrida Allohning murodini haq deb bilib, adolat, rostlik, yaxshilik, haqiqatni sevish sifatlari bilan hayot kechirishni taqozo etadi. Shunda inson unga Alloh ato etgan ulug‘ ne’matni zoe qilmagan bo‘ladi. Agar kimki, shunga loyiq amal qilmasa, uning oqibati achchiq pushaymonlikdir.