14— Qur'on Sulaymon qissasini hikoya qiladi
(Bolalar,) Qur'on Karimda ushbu shirin va shavqli qissani o'qinglar. Alloh taolo dedi:
"U qushlarni ko'zdan kechirib (ularning orasida hudhudga ko'zi tushmagach): "Nega men hudhudni ko'rmayapman, balki u (mendan beizn) g'oyib bo'lgandir?! Albatta uni qattiq azob bilan azoblayman yo so'yib yuboraman yoki u menga (o'z uzrini bayon qilib) ochiq hujjat keltiradi", dedi. So'ng uzoqqa qolmay (hudhud kelib) dedi: "Men sen ogoh bo'lmagan narsadan ogoh bo'ldim va senga Saba' (shahri) dan aniq bir xabar keltirdim. Darhaqiqat men bir ayolni ko'rdim. U ularning malikasi ekan. Unga barcha narsadan ato etilgan bo'lib, katta taxti ham bordir. Men u va uning qavmi Allohni qo'yib, quyoshga sajda-ibodat qilayotganlarini ko'rdim". Shayton ularga (qilayotgan) amallarini chiroyli ko'rsatib, ularni (Haq) yo'ldan to'sib qo'ygandir. Bas ular (to) Allohga sajda qilmagunlaricha (Haq yo'lga) hidoyat topmaslar. (Alloh) osmonlar va erdagi barcha sirlarni oshkor qiladigan hamda sizlar yashiradigan va oshkor qiladigan barcha narsalarni ham biladigan zotdir." Alloh — hech qanday barhaq iloh yo'q, magar Uning O'zigina barhaqdir. U ulug' arsh egasidir." (Sulaymon) dedi: "Sen rost so'zladingmi yoki yolg'onchilardan bo'ldingmi, ko'ramiz. Mana bu maktubimni olib borib, ularga tashlagin, so'ngra ulardan chetlanib kuzatgin-chi, nima (javob) qaytarar ekanlar." (Qachonki hudhud Sulaymonning maktubini olib kelib, malika Bilqiysning oldiga tashlagach) u dedi: "Ey odamlar, haqiqatan menga ulug' bir maktub tashlandi. Albatta u Sulaymondandir va u (maktubda shunday bitilgandir): "Mehribon va rahmdil Alloh nomi bilan boshlayman. Sizlar menga kibr-havo qilmay, huzurimga bo'ysungan holingizda kelingiz!" (Malika) aytdi: "Ey odamlar, menga bu ishimda maslahat beringlar. Men to sizlar guvoh bo'lmaguningizcha biron ish haqida hukm qiluvchi emasman." Ular dedilar: "Bizlar kuch-quvvat va jur'at-matonat egalaridirmiz. (Qanday ishga) buyurish sening o'zingga havola. Nimaga buyurishni o'ylab ko'raver, (bizlar esa senga itoat eturmiz)." U aytdi: "Aniqki podshoxlar qachon biron qishloqqa (bostirib) kirsalar uni vayron etadilar, aholisining obro'-e'tiborlilarini esa hor-zor qiladilar. Ularning qilmish-odatlari shudir. Men ularga bir hadya yuborib, ko'ray-chi, elchilarim nima (xabar) bilan qaytar ekanlar."
I z o h. Bilqiys dono malika edi. U hadya yuborish bilan Sulaymon alayhis-salomning haqiqiy payg'ambarmi yoki oddiy bosqinchi podshohmi ekanligini imtihon qiladi. Malikaning fikri shunday edi: "U agar oddiy podshoh bo'lsa, hadyani darhol qabul qiladi, demak unga qarshi hujum uyushtirish ham mumkin bo'ladi. Endi agar u Alloh taoloning payg'ambari bo'lsa, hadya qabul qilmaydi, u holda unga bo'ysunish lozim bo'ladi"
Qachonki (Bilqiysning elchilari uning yuborgan hadyasini olib) Sulaymon (huzuriga) kelgach u dedi: "Sizlar menga mol-dunyo bilan madad bermoqchimisiz?! U holda (bilingizki), Alloh menga ato etgan (payg'ambarlik va mulku-davlat) U zot sizlarga bergan (mol-dunyodan) yaxshiroqdir. Balki sizlar hadyalaringiz bilan xursand bo'larsizlar, (lekin mening unga ehtiyojim yo'qdir). Sen (qavmingga) qaytib borib (aytginki, agar huzurimga bo'ysungan hollarida kelmasalar) albatta biz ularga shunday qo'shin bilan borurmizki, ular unga aslo bas kela olmaslar va albatta biz ularni (qishloqlaridan) mag'lub hollarida quvib chiqaramiz.
I z o h. Bilqiysning elchisi uning oldiga hadya bilan qaytib borib Sulaymon alayhis-salomning javoblarini etkazgach, u "Bu oddiy podshoh emasligini bilgan edim", dedi va Sulaymon payg'ambarga: "Men sening kimligingni va da'vat qilayotgan dining qanday din ekanligini bilish uchun o'z a'yonlarim bilan huzuringga bormoqdaman", degan xabar bilan chopar yuborib, o'zi o'n ikki ming odam bilan yo'lga tushdi. Qachonki ular Sulaymon alayhis-salomning qarorgohlariga etib kelishlariga bir farsax (olti chaqirim atrofida) qolganida u zot bundan xabar topib, ularga o'zining haq payg'ambar ekanligini isbotlaydigan bir mo''jiza ko'rsatish va malika Bilqiysning fahmu-farosatini sinash maqsadida qo'l ostidagi xaloyiqqa qarab: "Ey odamlar, ular mening huzurimga bo'ysungan hollarida kelishlaridan ilgari qaysi birlaringiz menga uning (ya'ni Bilqiysning o'z shahrida qolgan) taxtini keltira olur", dedi. (Shunda) jinlardan bir paxlavoni aytdi: "Men uni sen o'rningdan turishingdan ilgari senga keltiraman. Albatta men bunga qodir va ishonchlidirman. Kitobdan ogohligi bor bo'lgan bir zot esa: "Men uni ko'zing o'zingta qaytgunicha (ya'ni ko'z ochib yumguncha) senga keltiraman", dedi. "Bu Parvardigorimning men shukr qilamanmi yoki kufroni ne'mat qilamanmi, imtihon etish uchun bergan fazlu-marhamatidandir. Kim shukr qilsa, bas, albatta u faqat o'z (foydasi) uchun shukr qilur. Kim kufroni ne'mat qilsa, bas, albatta Parvardigorim (uning shukr qilishidan) behojat va fazlu-karam egasidir." "Qachonki malikaning kelishi yaqinlashib qolgach, Sulaymon (uning fahmu-farosatini sinash uchun) dedi: "Uning taxtini tanimaydigan qilib — o'zgartirib qo'yinglar u (o'z taxtini tanishga yo'l) topadimi yoki yo'l topa olmaydigan kimsalardan bo'ladimi, ko'ramiz." "Endi qachonki u kelgach: "Sening taxting shundaymidi?" — deyildi. U (hayratga tushib): "Xuddi o'shaning o'zi-ku" dedi. (Shunda Sulaymon aytdi: "Alhamdulillohki), bizlarga undan ilgari ilm-ma'rifat berilib, musulmon bo'lganmiz. Uni esa o'zi Allohni qo'yib, ibodat qilgan narsasi (Allohga shirk keltirib, musulmon bo'lishdan) to'sgandir. Chunki u kofir qavmdan edi." (Malikaga): "Saroyga kirgin", deyildi. Endi qachonki u (saroyni) ko'rgach, uni suv deb o'ylab oyoqlarini ochgan edi, (Sulaymon): "Bu oynadan yasalgan baland qasrdir", dedi. (Shunda malika) aytdi: "Parvardigorim, darhaqiqat men (quyoshga sig'inish bilan) jonimga jabr qilibman, (endi) Sulaymon bilan birga barcha olamlar hojasi — Allohga bo'ysundim".
Allohning payg'ambari Sulaymon alayhissalom shunday edi. Siz uning Alloh yo'liga va tavhidga da'vat qilishdagi uslubi, hikmati, bilimi va o'z dini va etiqodiga bo'lgan sadoqatini ko'rib chiqdingiz.