Tanbeh (eslatma): Kishi bir gunoh ishni qilgandan keyin, uning yomonlig‘ini ko‘ngli sezib pushaymon bo‘lar ekan, albatta bu ish mo’minlikning belgisidur. Chunki dilida iymoni bor kishi bir gunohni qilib qo‘ysa, ortidan unga pushaymon qilishi aniqdur.
Alloh saqlasin, har qancha gunoh ishlarni qilsa ham parvoyiga kelmasa, uning yomonligini ko‘ngli sezmay, balki undan lazzatlansa, bunday odamning ko‘ngliga iymon nuri aslo kirmagandur, yoki kirgan bo‘lsa ham u chirog‘ o‘chganligining ochiq alomatidur. Xudo yorlaqab bu balodin qutulmas ersa, bunday kishi bir kuni cheksiz qiynovga qolishida hech gumon yo‘qdur.
Aql oldida yomon bilan yaxshining, albatta, chegarasi bo‘lishi kerak. Lekin nafs—shaytonning oldida uning chegarasi yo‘qdur. Iymon aqlga, shayton nafsga yo‘lboshchidur. Haqiqatda esa, inson aqli hech vaqt yomon yo‘lga yurgisi kelmaydi. Chunki inson aqli har bir ziyonlik narsadan uni qaytarib turguvchi Xudo tomonidan qo‘yilgan aning qorovulidir. Endi bu qorovul o‘z erki, kuch-qudrati, quvvati o‘zi bilan turgan taqdirdagina unga topshirilgan vazifani bajara oladi. Agar bu qorovul shaytonga yengilib, bu uni yetaklab olur ekan, u holda butun ishlar teskarisiga aylanadi. Sog‘ni telba, hushyorni mast yetaklaganidek bo‘ladi. Yo‘q esa asli yaratilishda nafsning bilagini Alloh taolo aqlga topshirgan edi. Chunki sog‘ odam boshlamasa, telba kishi qanday yo‘l topib yura olgay? Agar aqlga nafs yo‘lboshchilik qilsa, har ikkovi ham halok bo‘ladi.
Endi aqlning erkin bo‘lishi, uning o‘z kuchi, o‘z sifati bilan buzilmay turishi uchun Alloh taolo tomonidan yuborilgan dinning qonunlariga itoat qilish, albatta, lozimdur. Agar shunday bo‘lmas ekan, aql oynasi zang bog‘lab o‘z safosidan ajrab, haqni botildan, yomonni yaxshidan farq qilolmaydi. Agar bu ikkovi o‘z chegarasidan chiqmagan bo‘lsalar, ul holda hech vaqt bir-birlaridan ajramaydilar. Balki shariat aqlni, aql shariatni har ishda tasdiqlaydi.