....U (general) shunday xulosaga kelardiki, qanchalik urinib-surnib yashamagin — baribir u faqat qanday yashashni o’rganishgagina yetadi — bu ham umrning eng so’nggi damida muyassar bo’ladi! U umr borasida bir xulosaga kelganda o’ldi... U jismoniy, hirsiy muhabbat o’rnini hokimiyatga muhabbat bilan bosishni mo’ljalga oldi, ko’ngil mulkida hokimiyatparaslik devini tarbiyaladi; u nafsini kazzoblik va jinoyatlar bilan boqdi, shafqatsizlik va nomussizlikda qad ko’tardi... U faqat bir narsani tushunmadi, hokimiyatparslik, hech to’ymas hokimyatparaslikni keltirib chiqaradi, u tushunmadi, hokimiyatga to qiyomat qoyimgacha to’yib bo’lmaydi, balki yana boshqa dunyolar tura turguncha unga to’yib bo’lmas!..
Lekin u axir bilardi boshdanoq: unga xushomad qiluvchilar uni aldaydilar, u bilardi, xushomad uchun naqdina oladilar, u bilardi, uni shodumon sharaflagan va unga mangu baxtiyor hayot tilagan izdihomlar harbiylarning qurolli kuchi bilan haydab keltiriladi; u bularning barini bilar va o’zini shu yolg’onga, shon-shuhratning shu tuban o’lponiga suyanib yashashga o’rgatgandi. Zero, o’zining son-sanoqsiz umrguzaronlik yillarida shunga takror-takror amin bo’lardiki, yolg’on - shubhalardan qulayroq, muhabbatdan nafliroq, haqiqatdan boqiyroqdir; u nomigagina hukmronlik qiladigan bo’lib qolgan paytlargacha yashab, endi hech narsaga ajablanib o’tirmaydigan darajaga yetgandi; u hamma narsa uning hukmidan chiqqan mahalda hukm yuritardi, u shon-sharafni batamom yo’qotganda, shon-sharflarga chulg’anardi, hech qanday obro’-e’tibori bo’lmagan holda qo’l ostidagilarning bo’ysunishidan taskin-tasalli topardi.
Umr kuzining xazongarchiligi boshlanganda, u shunga ishonch hosil qildiki, o’z hokimiyatiga hech qachon to’la ega bo’la olmaydi"¦, Zero, u bu hayotning yolg’iz orqa tomonigina bilishga mahkum.... hatto oxirgi damlarda ham anglolmadiki, haqiqiy hayot, chin hayot barchaning ko’z o’ngida edi... u ko’pchilik besh qo’lday yaxshi bilgan narsalarni bilishdan qo’rqar edi: ya’niki hayot nihoyatda mushkul va u yeldek tez o’tib ketgay, ammo boshqa qaytib kelmagay...!