KUN TARTIBI
G‘am bo‘yi anqigan nigohga,
Baxt isi taralgan atirdan sepib,
Hamma yurgan yo‘lga shaxdam chiqasan,
O‘lgan ko‘z yoshlarning ustidan tepib.
Ko‘zlaringni qisib qaraysan, quyosh —
Nigohingga sig‘may ko‘pchigan, toshgan.
Jaranglab ketadi nur siniqlari —
Baxt isi tomonga turtinib shoshgan.
Osmon qarog‘ingga kirar bostirib,
Oy, yulduz
Go‘yoki ko‘zingga ekilgan.
Yer chiqadi nigohingga osilib —
Qo‘ynidagi butun lash-lushi bilan.
Dimog‘ va ko‘ngillar ochligi
Sen tomon boshlaydi hamma-hammani.
Bor budingni simirib bitiradilar,
Tark etmaydi shaxsiy nigohing seni.
Ko‘zlaringni yumib qaytib kelasan,
Kimsa qadam bosmas xonangga holsiz.
Ko‘rpangga o‘ranib simira boshlaysan.
G‘am bo‘yi anqigan ko‘z yoshni Yolg‘iz.