Aytmatov. Ha, onam uchun aynan shunday bo‘lgan.
Shoxonov. Ko‘rib turibman, Siz to‘lqinlanib ketdingiz. Bo‘pti, boshqa mavzuda gaplashamiz. Esingizdami, Shakarga safaringiz chog‘i Siz Rossiya televideniesining muxbiri Vladimir Fyodorov bilan suhbat boshladingiz. Biz Umarboy Norbekov, Davlatbek Shodibekov va yana Sizning ikkita sinfdoshingiz bilan Qurqurov daryosining darasiga yo‘l oldik. Tog’dan hayqirib tushayotgan daryo sohilidagi ko‘klamzor havosi shifobaxsh edi. O’sha manzarani tomosha qilib turgan paytimiz Siz mening yonimga kelib: «Ko‘ryapsanmi, huv, anavi Manas cho‘qqisida bulut to‘planib turibdi? Endi kuzatib o‘tirsang, o‘n-o‘n besh daqiqadan so‘ng bu yerda jala boshlanadi». Dastlab, hazillashyapsiz, deb o‘yladim. Axir, bir tutam bulut jala bo‘lib yog‘ilishi kimning xayoliga kelardi. O’sha bulutni shamol uchirib ketishi mumkin-ku? Lekin, hali es-hushimni yig‘ib olishga ham ulgurmagan edimki, birdan shamol turdi, momoguldurak boshlandi va birdan jala urib berdi-ya! Shu tariqa otayurtingiz tabiatini, o‘zgaruvchanligini nechog‘lik nozik his etishingizni o‘shanda bilganman.
Chike, qiziq voqea esimga tushib qoldi.
1995 yili Bishkekda uch qardosh respublikalarning bosh vazirlari ishtirok etgan kengash bo‘ldi. Unda Akejon Qo‘jegeldin (Qozog‘iston), Abduhoshim Mutalov (O’zbekiston), Apas Jumag‘ulov (Qirg‘iziston) qatnashdilar. Hukumat rahbarlari energetika, gaz sanoati, sog‘liqni saqlash sohalariga doir umumiy muammolarni muhokama etdilar va o‘zaro hamkorlik to‘g‘risida shartnoma tuzdilar.
Kengash poyoniga yetgach, mehmonlarni men Qozog‘iston elchixonasiga taklif etdim. Elchixonaga ketayotib, mashinadan Sizga qo‘ng‘iroq qildim.
— Uchta qardosh respublikaning hukumat boshliqlari har kuni to‘planavermaydilar. Bu oqshom ular bilan birga ovqatlanishni istaysizmi?
Dasturxon atrofida qizg‘in suhbat bo‘ldi. Har xil mavzularda fikr almashdik. Lekin, Jambuldagi zoovettexnikumda o‘qib yurgan paytlaringizda ro‘y bergan «eshakchilik» to‘g‘risidagi hikoyangizni eshitib, hamma ichagi uzilguncha kuldi. Hikoyangiz eng qiziq nuqtaga yetgan payt meni telefonga chaqirib qolishdi: Olmaotadan respublika Tashqi ishlar vaziri Qosimjomart To‘qaev qo‘ng‘iroq qilgan ekan. Xullas, Siz gapirib bergan hikoyaning yechimini eshitmay qoldim. Telefonda gaplashib qaytsam, dasturxon atrofida o‘tirgan odamlar miriqib qahqaha otishyapti. Hozirgacha o‘sha hikoyangizning oxirini eshitmay qolganimga afsuslanaman.