Hasan (r.a.) rivoyatiga ko‘ra, Rasululloh shunday deganlar:
«(Alloh taoloni, U Zotning buyukligini, oliyligini) o‘ylamoq (tafakkur qilmoq) - ibodatning yarmidir. Oz yemoq esa ibodatning (asli) - o‘zidir».
Yana shunday deydilar:
«Alloh taolo xuzurida qiyomat kuni sizning eng ustun darajada bo‘lganingiz, eng uzoq, eng ko‘p och qolganingiz va Alloh taoloni eng ko‘p o‘ylaganingizdir. (Tafakkur va zikr qilganingizdir).
Yana Alloh taolo huzurida qiyomat kuni sizning eng sevimsiz bo‘lganingiz, kun bo‘yi ko‘p uxlaydiganingiz, ko‘p yeydiganingiz va ko‘p ichadiganingiz».
Bayhaqiyning Oishadan (r.a.) qilgan rivoyatiga ko‘ra, Rasululloh (s.a.v.) ba’zan istamaganlari holda och qolardilar.
Ibni Adiyning «Al-Komil» asarida bildirilishicha, Alloh taolo yeyish-ichishini kamaytirgan kullari bilan farishtalarga faxrlanar va ularga jannatda yuksak darajalar ato etar ekan.
Rasululloh (s.a.v.) yana shunday deganlar:
«Ko‘p yeb-ichish bilan ko‘ngillarni o‘ldirmangiz. Chunki ko‘ngil ekin (kabi)dir. Ular ko‘p sug‘orilsa, o‘ladi».
Yana shunday deydilar Rasululloh (s.a.v.):
«Odam bolasi me’dasidan ko‘ra yomonroq bir qopni to‘ldirmagan. Belini tik tutishi uchun odam farzandiga bir nechagina luqma yetarlidir.
Agar mutlaqo shunday qiladigan bo‘lsa, me’dasini uch qismga ajratsin:
Uchdan birini yeyish, uchdan birini ichishi uchun, uchdan birini esa nafas uchun (bo‘sh qoldirsin)».
Usoma ibn Zayd va Abu Hurayradan (r.a.) qilingan rivoyatga ko‘ra, Rasululloh (s.a.v.) shunday deganlar:
«Qiyomat kuni Alloh taologa odamlarning eng yaqin bo‘lgani - dunyoda ochligi, suvsizligi va g‘am-tashvishi, qayg‘usi ko‘p, uzun bo‘lganidir».