— Ayg‘oqchi? — Ushinskiy sarosimalandi. Barmoqlari yengil titradi. Buni Shuvalov ham, tepada kuzatib yotgan Asadulla ham sezdi.
— Ichimizda ayg‘oqchi bor ekanmi?
— Kim aytdi? — dedi Shuvalov uning ko‘ziga tikilib.
— O‘zingiz, hozir aytdingiz-ku?
— E, omon bo‘ling, men tushimni aytdim sizga.
Shuvalov shunday deb kuldi-da, Ushinskiyning yelkasiga ohista urib qo‘yib, dahlizga chiqdi.
Asadulla ularning suhbatiga aralashmadi.
Ko‘zini yumib yotgan Zikriyo afandi bo‘lib o‘tgan suhbat tubida og‘ir tosh yashiringanini sezdi. «Oralarida ixtilof bor. Ushinskiy deganlari boshqacha odam. Shuvalovning turgan-bitgani sir. Xmarin, kiborligi demasa, bama’ni, bilimdonga o‘xshaydi. Xonimchaning sirli qarashlari, nozli kulishlari g‘alati, bu Ovrupo odamlari uchun g‘ayritabiiy emas, ammo sharqliklarga hazm bo‘lishi qiyin. Safarga ayolni olib nima qilardi. Shuni deb g‘alva chiqmasa edi. Ixtilofga barham bera olishmasa, oqibat nima bo‘ladi? Yurt ahvoli nima kechadi?»
Zikriyo afandi yo‘lga chiqqanida Kobulga yetib borishni, Hindiston muvaqqat hukumati a’zolariga vakola hay’atini tanishtirishni orzu qilgan edi. Bularning ahil emasligini sezib, ko‘ngliga g‘ulg‘ula tushdi. Biri bir g‘oyani, ikkinchisi ikkinchi g‘oyani aytib tursa, hukumat a’zolari nima deyishadi?
Poezd xarish bo‘lgan bedavo otday sudralardi. Vagon dam-badam silkitganda chalqancha yotgan Sinelnikovaning ko‘kraklari yupqa ko‘ylakni titratadi. Qo‘llarini bolish qilib olgan bu zebo ayol eshik o‘rniga tortilgan pardaga ko‘z tikkan. Kimningdir, kim bo‘lsa mayli, kirib kelishini kutadi. Avvaliga Asadullaning kirib kelishini istadi. Beva erkak ayol imosiga ilhaq bo‘ladi, lekin bu Mira’alamovichdan sado chiqmaydi. Shoir bo‘lib sevgi haqida she’r bitmagan erkak erkakmi? Sinelnikova shuni o‘ylayverib, boshi qotib ketdi. Oxiri Asadulla haqida o‘ylamaslikka qaror qildi. «Bu erkak bilan zerikkan mahalda faqat adabiyot haqida suhbatlashish mumkin», deb qo‘ydi. «Veniamin Samoylovich — tayyor pishgan osh. Istasam yeyman, istasam chaynab, tupurib tashlayman, istasam itlarga beraman... Bunaqa shilta, arzon-garov odamlarni itga bergan ma’qul. Ungacha silab-siypab turish kerak. Muhojirning ishi oson. Nafasim tegsa, boshi aylanib, tiz cho‘kkanini o‘zi ham bilmay qoladi. Chekist — chaqilmaydigan yong‘oq. Unga qip-yalang‘och ro‘para bo‘lsang ham, avval hujjat tekshiradi. Bunaqalardan uzoqroq yurgan ma’qul. Xmarin... O, u mening sodiq qulim bo‘lishi kerak. Hozir go‘yo men sichqonu u qorni to‘q mushuk. Nima ham qilardik, mushuk janoblarining qorni ochar, keyin izimdan emaklab qolarlar...»