Bu gapni ham Ziyod alohida o‘ylab, vijdon tarozisida tortib ko‘rishi maqsadga muvofiqbo‘lardi.
Kecha qorong‘isi. Yo‘lga tushishdi. Ziyod Rasululloh (s.a.v.) bilan yonma-yon borardi. Tongning erta soatlari yaqinlashganida:
- Ey Ollohning rasuli, azon aytayinmi? - deb so‘radi.
Janobimiz sharq tomonga boqdilar, yo‘q, dedilar. Yana ozgina yurilganidan so‘ng Ziyod ikkinchi marta so‘radi, tag‘in qaytardilar.
Nihoyat tong otdi, sharq tomon enlamasiga oqarishib ko‘rindi. Sarvari koinot tuyalaridan tushdilar.
- Yoningda suv bormi, ey sudo’lik? - deb so‘radilar.
- Nimadir ozgina bir narsa bor, ammo sizga yetarmikan...
- Uni bir idishga quyib, olib kel!
Ziyod quyib keldi. Payg‘ambar (s.a.v.) muborak qo‘llarini suvga botirdilar. Ziyod qorong‘ilikda idishdagi suv qaynay boshlaganini hayrat ichra ko‘rdi. Bir-ikki nafas olib ulgurmay favvoraday pishqirgan suv idishni to‘ldirib, toshdi. Olamlarga rahmat qilib yuborilgan buyuk Payg‘ambar Ziyodga:
- Parvardigorimdan uyalmaganimda bunaqa mo‘‘jizalar bilan doim suvni mo‘l qilib qo‘yardim, hamma qonardi suvga. (Lekin oson emas bu ish.) Qani, birodarlaringni chaqir, ehtiyoji borlar kelsin, suvini olsin, - dedilar.
Ziyod azon aytdi. Ketidan baland ovozda:
- Hey-y suvi qolmaganlar, Payg‘ambarimizning yonlariga kelinglar! - deb chaqira boshladi.
Har kim kelib meshini to‘ldirib ketaverdi. Bu ish bitgach, Hazrati Bilol (r.a.) iqomat takbirini tushirish uchun o‘rnidan turdi. Rasululloh uni to‘xtatdilar:
- Azonni sudo’lik birodaring aytdi, azonni kim chaqirsa, iqomatni ham o‘sha aytishi lozim, - dedilar.
Ziyod iqomat tushirdi, bomdod namozi o‘qildi. Namozdan keyin o‘sha kunning azonchisi bo‘lgan Ziyod qo‘lida ikkala vasiqasi bilan Rasulullohga ro‘para bo‘ldi.
- Ey Ollohning payg‘ambari, meni bu ikkalasidan qutqaring, - dedi.
- Nima bo‘ldi senga?
- Kecha «Mo‘min kishi uchun amirlikda yaxshilik yo‘q», deganingizni eshitdim. Men esam Ollohga va rasuliga ishongan odamman. Yana siz sadaqa so‘rab kelgan bittasiga: «Ehtiyoj bo‘lmagani holda tilangan kishi uchun u olgan mol boshog‘rig‘i va darddir», dedingiz, buni ham eshitdim. Men sizdan maosh so‘radim. Holbuki, men o‘zimga to‘q odamman, - dedi.
Uning gaplari samimiy edi.
- O’zing bilasan: istasang, qabul qil, istasang, qaytar, - dedilar Rasululloh (s.a.v.).
Ziyod hech ikkilanmasdan qarorini aytdi:
- Qaytaraman!
- Unda bir odamni ko‘rsat, uni sizlarga amir qilay.
Shunday qilib, u tavsiya etgan kishi amir etib tayinlandi. So‘ngra qabilasining bir ehtiyojini bayon qildi.
- Ey Ollohning rasuli, bizning bir qudug‘imiz bor, qish payti suvi bizga yetadi. Yoz keldi deguncha suvi kamayadi. Biz hamma yoqqa tarqab, suv izlab yuramiz. Mana, Islom dinini qabul etdik, ammo atrofimizda ko‘p dushmanlar bizni qurshab turibdi. Duo
qiling, suvimiz bizga yetsin, o‘shaning atrofida to‘planaylik, suv istab har yoqlarda sanqimaylik.
Payg‘ambarimiz Ziyodga yetti dona chaqil tosh topib kelishni buyurdilar. Hovuchlariga soldilar va duo qilib, Ziyodga berdilar.
- Bularni oborib, Ollohning ismi bilan bitta-bittadan quduqqa tashla, - dedilar.
...Ziyod toshlarni olib qabilasiga borajak, Rasululloh (s.a.v.) aytganlaridek qilib ularni tashlayajak va shundan keyin quduqda biron marta suv ozayganini hech kim ko‘rmayajak*.