Ammo ba’d, albatta ro‘za Rasulullohning (s.a.v.) «Ro‘za - sabrning yarmi» (Termiziy rivoyati) va «Sabr - iymonning yarmi» (Abu Na’iym va Bag‘dodiy rivoyati), degan so‘zlari taqozosi ila iymonning choragidir. So‘ng u - boshqa arkonlar ichida Alloh taologa nisbat berilish xususiyati bilan farqlidir. Zero, Alloh taolo payg‘ambari (s.a.v.) tili bilan aytgan hadisi qudsiyda shunday deydi: «Har bir yaxshilik o‘ndan yetti yuzgacha barobar bo‘ladi. Illo, ro‘za bundan istisno. Chunki u Men uchundir va mukofotini ham Uzim beraman» (Imom Buxoriy va Muslim rivoyati). Darhaqiqat, Alloh taolo aytadi: «Hech shak-shubha yo‘qki, sabr-tokat kilguvchilarga ajr-mukofotlari hisob-kitobsiz to‘la-to‘kis qilib berilur» (Zumar surasi, 10-oyat). Ro‘za sabrning yarmidir. Uning savobi chamalash va hisob qonuniyatlaridan o‘tib ketgan. Uning fazilatini bilishga Rasulullohning (s.a.v.) ushbu so‘zlari yetarlidir: «Jonim qo‘lida bo‘lgan Zotga qasamki, ro‘zador og‘zining hidi Alloh nazdida mushk hididan xushbo‘yroqdir. Alloh azza va jalla aytadi: «Shahvatingni, taomingni va sharobingni Mening uchun tark et. Ro‘za Men uchun va uning mukofotini O’zim beraman» (Imom Buxoriy va Muslim rivoyatlari). Payg‘ambar (s.a.v.) aytadilar: «Jannatning bir eshigi bor. U Rayyon, deyiladi. Undan faqat ro‘zadorlar kiradilar. Ro‘zasining mukofoti uchun ularga Alloh taolo bilan uchrashuv va’da qilingan» (Imom Buxoriy va Muslim rivoyatlari). Payg‘ambar (s.a.v.) aytadilar: «Ro‘zadorga ikki xursandchilik bordir: og‘izni ochish paytidagi xursandchilik; Rabbisiga yo‘liqqan vaqtdagi xursandchilik» (Imom Buxoriy, Muslim va Nasaiy rivoyatlari). Yana Payg‘ambar (s.a.v.) aytadilar: «Har bir narsaning eshigi bordir. Ibodatning eshigi ro‘zadir» (Ibn Muborak rivoyati). Yana Payg‘ambar (s.a.v.) aytadilar: «Ro‘zadorning uyqusi ham ibodatdir» (Bayhaqiy, Daylamiy va Ibn Najjor rivoyatlari, zaif). Abu Hurayraning (r.a.) rivoyat etishlaricha, Rasululloh (s.a.v.) shunday dedilar: «Agar ramazon oyi kirsa, jannat eshiklari ochiladi. Do‘zax eshiklari yopiladi. Shaytonlar kishanlanadi. Va munodiy nido qiladi: «Ey yaxshilik talabidagi, kelgin! Ey yomonlik istovchi, to‘xtagin!» (Termiziy, Hokim rivoyatlari, «...Va munodiy...»gacha «Sahihayn»da xam mavjud.) Alloh taoloning: «(Jannat ahliga) «O’tgan kunlarda qilib o‘tgan (ezgu) amallaringiz sababli (ushbu nozne’matlarni) pok bilib yeb-ichaveringlar (deyilur)» (Al-haqqa surasi, 24-oyat) so‘zi haqida gapira turib, «o‘tgan kunlar» - yeyish-ichishni tark qilgan ro‘za kunlaridir, dedilar. Darhaqiqat, Rasululloh (s.a.v.) dunyoda zohidlik qilish va ro‘za o‘rtasini faxrlanish darajasida barobar jamladilar. Aytdilar: «Alloh taolo farishtalariga yosh obid bilan faxrlanib deydi: «Ey shahvatini Mening sababimdan tark etuvchi, yoshligini Mening uchun sarf etuvchi yigit, sen Mening huzurimda ba’zi farishtalarimdeksan!» (IbnAdiy zaif sanad bilan rivoyat qilgan.) Ro‘zador xususida ham dedilar: «Alloh azza va jalla aytada: «Ey farishtalarim, bandamga qaranglar! Shahvatini, lazzatini, taomini va sharobini Mening rizoim uchun tark etajak.» (Ibn Sunniy rivoyati).