U «shu ham ishmi?» deganday erinibgina kurtkasini yechib, ko‘ylagining yengini shimardi. Labi osilgan yigitning bilagida ham igna izlari bor edi. Ularning giyohvandligiga Zohidda shubha qolmadi.
— Kukunni qaerdan olardilaring? — deb so‘radi Zohid.
— Bratanga etganmiza, qayoqdan oganuvzani,— dedi labi osilgan yigit.
— Menga ham ayt.
— Lola ko‘chasida... o‘n... yettinchi uyda turadigan Sharif aka degan kishi.
— Ikkoving birga borganmisan?
— Bir xil paytda man borardim, bir xil paytda u borardi, bir xil paytda ikkalavuza borardik.
Zohid hali Hamdamdan olgan suratlarni cho‘ntagidan chiqarib, uchtasini ajratib oldi-da, stol ustiga yoyib, labi osilganini chaqirdi.
— Qara, Sharif akang qaysi biri?
Yigit o‘rdakka o‘xshab lapanglab kelib suratlarga uzoq tikildi-da, bittasini ko‘rsatdi.
— Joyingga o‘tir, — Zohid shunday deb suratlarning joyini almashtirdi-da, tirtiqni chaqirdi. U boshqa suratni ko‘rsatdi.
— Oxirgi marta qachon boruvdilaring? — deb so‘radi Zohid.
— Uch kun bo‘ldi.
— Balki to‘rt kundir?
— Vey bratan, man o‘zim borganman. Soqqa yo‘g‘idi, qarzga bergan. Nishtyak odam u. O‘zini laboratoriyasi bor. Ayn moment tayyorlab beradi.