— Degandim. Seni shuning uchun taklif qildim. Undan tashqari, bir maslahatli ish ham bor. Mayli, uni keyinroq aytaman. Bo‘lmasa eshit: sodda qilib aytganda, elalloma radioto‘lqinlarni qabul qilib oluvchi asbobga o‘xshaydi. Ular orasida asosan ikkita farq bor: avvalo, elalloma ulardan bir necha yuz barobar sezgir, ikkilamchi va eng muhimi, elalloma bioto‘lqinlarni qabul qilishga mo‘ljallangan. Biotok, bioto‘lqin, biomaydon Yerda hayot boshlangandan beri mavjud. Odam gapiradi. Ovoz havo zarralarini ma’lum masofada tebratgach, uni quloq qabul qilib oladi. Bu jarayon radiostantsiyaga va u ajratgan radioto‘lqinga o‘xshamaydimi? Bioto‘lqinda esa, kuchli radiostantsiya rolini bosh miya bajaradi. Har bir kishining miyasi ma’lum miqdorda to‘lqin ajratadi. Menimcha, shu to‘lqinning kuchi o‘sha odamning buyukligini yo iqtidor darajasini belgilaydi. Miyadan to‘lqin ajraladi, deganimga telepatiya ham asos bo‘lishi mumkin. Boshqa bir kishining fikrini o‘qish, yoki fikran buyruq berib, uning harakatlarini boshqarish shu to‘lqin orqali amalga oshiriladi.
Radiostantsiya ishdan to‘xtashi bilan to‘lqin so‘nmaydi. Radiopriyomnik qabul qila olmaydigan darajada kuchsizlanib, ma’lum muddat fazoda yuradi. Ba’zi to‘lqinlar yillab yo‘qolmasligi mumkin. Odam ham shunday. Miya faoliyatini to‘xtatgach, biomaydon butunlay yo‘qolmaydi. Lekin shu yerda bir masala ustida aniq xulosaga kelolmayapman. Men so‘zimning avvalida to‘lqinning kuchi odamning buyukligini belgilaydi, dedim. Agar shu farazim to‘g‘ri chiqsa, buyuklarning ruhiy dunyosini tezroq tiklash mumkin bo‘ladi. Buloqboshidagi qabristondan ikkita toshtobut chiqqan ekan. Kecha ochib ko‘rdim. Jasadlar yaxshi saqlangan.
— Tajriba boshlasang men bexabar qolmay, — To‘lqin anchadan beri ushlab o‘tirgan sigaretasini labiga qistirib gugurt qidirdi. Sulton yonidan yoqqich olib, unga tutdi:
— Agar istasang, tajribada bevosita ishtirok etishing mumkin.
— Qanday qilib? Men texnikani yaxshi bilmayman-ku?
— Bilishing shart emas. Kichik bir operatsiya va miyangga o‘rnatilgan ikki juft elektrod yetarli.