Abu Sulaymon aytadiki: «Dunyo haqida o‘ylash oxiratdan to‘sadi, jabrini esa valiylar totadi. Oxiratni o‘ylash hikmatni paydo etib, qalblarni tiriltiradi». Hotam: «Ibratdan ilm ko‘payadi, zikrdan muhabbat oshadi, tafakkurdan xavf kuchayadi», deydi. Ibn Abbos: «Yaxshiliklarni fikrlab ko‘rish yaxshilik qilishga undaydi, yomonliklardan afsuslanish undan voz kechishga boshlaydi», degan. Rivoyat qilinishicha, Alloh taolo kitoblaridan birida aytadiki: «Har bir hikmat sohibining so‘zini qabul qilavermayman, uning o‘y-fikr va ishtiyoqiga qarayman. Agar uning o‘y-fikr va ishtiyoqi men uchun bo‘lsa, sukutini tafakkur, so‘zini hamdga aylantirib qo‘yaman». Hasan aytadiki: «Oqil kishilarning qalblari hikmatni so‘zlamagunga qadar zikrdan tafakkurga, tafakkurdan zikrga qaytaveradilar». Ishoq ibn Xalaf aytadiki: «Dovud Toiy rahimahulloh oydin kechasi hovlida osmonga qarab, osmon va yerdagi mavjudotlar xususida o‘ylab o‘tirar va yig‘lar edi. Hatto qo‘shni hovliga qanday oshib tushganini sezmaydi. Shunda qo‘shnisi uyimga o‘g‘ri tushdi, deb gumon qilib, yalang‘och holda o‘rnidan sakrab turadi va qo‘lidagi qilich bilan hovliga otilib chiqadi. U Dovudni ko‘rib qilichini tashlaydi. Qo‘shnisi: «Tom ustidan seni bu yoqqa nima tushirdi?» deb so‘raydi. Dovud: «Men buni bilganim yo‘q», deb javob beradi. Junayd aytadiki: «Majlislarning eng sharafli va eng oliysi tavhid maydonida tafakkur qilib o‘tirish, ma’rifat nasimlaridan bahramand bo‘lish, muhabbat kosasida uning daryosidan sipqorish, Alloh azza va jallaga yaxshi gumonda bo‘lishdir. Ey majlislarning eng ulug‘i, ey sharbatlarning eng shirini! Sen nasib etgan kishilar naqadar baxtlidirlar!».
Shofe’iy rahimahulloh taolo aytadi: «Sukut saqlash bilan gapirishga, fikrlash bilan xulosa chiqarishga yordam beringlar». Tag‘in u zot: «Masalaga to‘g‘ri nazar g‘ururdan saqlaydi, bir fikrga qaror qilish xato va nadomatdan xalos etadi: ko‘rish va fikrlash jazm va fatonat(farosat)ni kashf etadi. Hikmat ahli bilan maslahatda bo‘lish nafsga sabot va aqlga quvvat beradi. Bir qarorga kelishdan oldin fikrlab ko‘r, hujumga o‘tishdan oldin tadbir qil, oldinga yurishdan ilgari maslahatlash». Shuningdek, u yana aytadiki: «To‘rtta fazilat bor: (birinchisi) hikmat, uning asosi fikrda, (ikkinchisi) iffat, uning asosi shahvatni tiyishda, (uchinchisi) quvvat, uning asosi g‘azabda, (to‘rtinchisi) odillik, uning asosi nafsoniy quvvatni muvozanatga keltirishdadir». Bular tafakkur fazilati to‘g‘risidagi ulamolarning so‘zlari bo‘lib, hech birida fikr nima ekani va uning qay tarzda paydo bo‘lishi bayon etilmagan.