Cho'qqida qolgan ovchining ohi-zori. Ch.Aytmatov, M.Shoxonov  ( 178905 marta o'qilgan) Chop etish

1 ... 8 9 10 11 12 13 14 15 16 17 18 ... 43 B


Abdullоh  09 Mart 2009, 18:21:58

   Bir gal biz Shekspir to‘g‘risida gaplashib qoldik.
—Shekspir abadiyatga daxldor. Chunki, Gamletlar, qirol Lirlar doim bizning oramizda yashaydilar, — dedi Shostakovich. U gap o‘zanini insoniyatning shu bugungi muammolariga qaratdi.
—Siz yangi Shekspirning dunyoga kelishiga ishonasizmi?
—Yangi Shekspir dunyoga kelmaydi. Lekin, shubhasiz, u bilan bemalol bo‘ylasha oladigan daho tug‘iladi.
   —   Men bunga ishonmayman.
   —   Men esam ishonaman! — Shostakovich shu zahoti o‘z ishonchining to‘g‘riligini isbotlay boshladi. — Yangi Shekspirning paydo bo‘lishi uchun hozir juda ko‘p shart-sharoit mavjud. Negaki, avvalgi asrlarda insoniyat hech qachon ma’naviy jihatdan bu qadar kuchli, har taraflama rivojlanmagan edi. Ertami-kechmi yana bitta buyuk iste’dod paydo bo‘ladiyu dunyoni qudratli san’at qarshisida bosh egishga majbur qiladi.
   Uning fikr-mulohazalarini tinglab beixtiyor aytgan gaplarini tasdiqladim.
   —   Chingiz, — deb murojaat etdi, — sendan ikkita narsani iltimos qilaman. Birinchisi — asarlaringdagi qahramonlarni qurshab olgan olamni kuching yetgancha falsafiy jihatdan idrok etish yo‘liga o‘tgin. Ikkinchisi — bu dunyoda ko‘z ochib-yumguningcha o‘tib ketadigan umrning har bir daqiqasini g‘animat bilgin. Sen jamoat ishlariga haddan tashqari ko‘p vaqtingni sarflayapsan. O’zing bilasan, xuddi shu ma’noda men ham qiynalaman.
   Qarama-qarshiliklardan iborat bu hayotda mumtoz zotning do‘stona maslahatlariga amal qila olamanmi-yo‘qmi, hayotning o‘zi ko‘rsatadi...

Qayd etilgan


Abdullоh  09 Mart 2009, 18:22:37

   Shoxonov. Dmitriy Dmitrievich bilan qay yo‘sinda ilk bor uchrashgani to‘g‘risida Yevgeniy Yevtushenko bunday hikoya qiladi: «1963 yilning bahor payti musiqachi uyimizga sim qoqdi. Trubkani xotinim ko‘tardi.
   —   Bezovta qilganim uchun uzr, biz siz bilan tanish emasmiz. Mening familiyam Shostakovich... Yevgeniy Aleksandrovich uydami?
   —   Uyda. Ishlayapti. Hozir men uni chaqiraman.
   —   Yo‘g‘-e, nima deyapsiz, kerak emas! Ijodiy ishiga halaqit bermaylik. Men unga boshqa bir bo‘shroq paytida qo‘ngiroq qilaman, — deb Shostakovich xayrlashayotgan paytda trubkani qulog‘imga tutib turgan edim.
   U mening bitta she’rimga musiqa bastalamoqchi bo‘lib, shunga ruxsat so‘ramoqchi ekan. Telefonning o‘sha qo‘ng‘irogi umrbod yodimda qoldi. Muloyim, hayajonli tovush hali-hali quloqlarim ostida jaranglaydi».
   Mana shu mo‘‘jaz voqea ham buyuk musiqachi naqadar ulug‘ inson va bag‘oyat kamtarin bo‘lganini yaqqol ko‘rsatib turibdi.
   Hozir ikki-uchta she’r yozib qo‘ygan ayrim yoshlar surbetlik qilib eshikdan kirib kelaveradilar. Ravshanki, ishlayotgan yoki dam olayotgan bo‘lsang ham ularga baribir. Har qanday qilib bo‘lsa-da mashhur shoirning o‘z she’rlari to‘g‘risidagi fikrini yoki bo‘lajak kitobga yoziladigan «oq yo‘l»ni olmoqchi bo‘ladilar. Ba’zan tantiq yoshlarni uchratib qolsam, doim Shostakovichning yorqin siymosini, xijolatomuz jilmayishlarini eslayman.

Qayd etilgan


Abdullоh  09 Mart 2009, 18:23:30

   Aytmatov. Bir safar Shostakovich meni Gorkiy ko‘chasidagi kvartirasiga mehmonga taklif etdi. Borsam, taniqli bastakor Qora Qoraev ham o‘sha yerda ekan. Keng zalning urtasida to‘rtta musiqachi D. Shostakovichning «O’n to‘rtinchi kvartet» asarini ijro etib o‘tirishardi. Odatda, xotirjam, yuzidan nur yog‘ilib turadigan muloyim zot bu gal qat’iyatli, diqqatini bir joyga jamlagan alfozda edi. U mening yonimga o‘tirdi. Miq etmasdi. Vaqti-vaqti bilan boshini silkitib qo‘yardi.
   Qoraev esa, aksincha, to‘lqinlanib ketganidan ko‘zlari chaqnardi, musiqa maromiga mos ravishda chayqalar, huzur qilar edi. «Bu musiqa nima to‘g‘risida?» deb so‘radim. «Aniq tushuntirib bo‘lmaydi, uni his etish lozim», deb lo‘nda javob qaytardi Shostakovich. Sozandalar musiqani tamomlashgach: «Bu nihoyatda buyuk asar! G’aroyib, bitmas-tuganmas tuyg‘ular manbai!» deb xitob qildi Qoraev. U chin yurakdan Dmitriy Dmitrievichni muvaffaqiyat bilan qutladi. O’zini qurshab olgan his-hayajondan lov etib yonib ketsa kerak deb o‘yladim. Bastakor qutlovlarga javoban tavoze bilan bosh egib qo‘ydiyu musiqachilar yoniga borib, qat’iy ohangda tanbeh bera boshladi:
   — Kerakli darajada ijro etilmadi, — dedi u. — Ko‘p o‘rinlarda yuzaki va unchalik o‘ylamasdan chalindi!
   Noqulay vaziyat ro‘y berganini sezgan Qoraev musiqachilarga yaqinlashib, qattiq botmaydigan iboralar bilan ularning ko‘nglini ko‘tarishga harakat qildi.

Qayd etilgan


Abdullоh  09 Mart 2009, 18:25:20

   Nihoyat, biz yana o‘z joyimizga o‘tirib kvartetning davomini eshita boshladik. Shostakovichni kuzatib o‘tirib, kundalik hayotda xushmuomala, tortinchoq bo‘lgan inson ijod damlarida naqadar talabchan, hatto shafqatsiz ekanini kashf etdim.
   Ulug‘ inson o‘z atrofidagi odamlarda ham ulug‘vor xususiyatlarni ochib yubormoqchi bo‘lardi.
   O’sha yilning bahor faslida bastakorning xotini Irina Antonovna bizning uyimizga qo‘ng‘iroq qilib qoldi. U Dmitriy Dmitrievichning kasali zo‘rayib ketganini aytib, bemorga «Issiqko‘l tomiri» deb nomlanadigan giyoh topib berishimni iltimos qildi. Bu giyoh Qirg‘iziston tog‘larida o‘sardi. Men darhol Talas vodiysida yashaydigan do‘stlarimdan, qarindoshlarimdan toqqa chiqib, shifobaxsh o‘simlikni topib berishlarini so‘radim. Bir hafta o‘tar-o‘tmas giyoh tomirini keltirib berishdi. Shu kuniyoq tomirni Moskvaga jo‘natdim.
   Oradan ancha vaqt o‘tgach, biz Shostakovich bilan uning chorbog‘ida uchrashdik. Oqshom maroqli o‘tdi. Chorbog‘da ikki qavatli uy bo‘lib, yuqoriga g‘alati konstruktsiya asosida qurilgan liftda chiqilardi. Mehmondorchilikka kichik o‘g‘lim Asqarni ham olib borgandim. Shostakovich yosh bolani xursand qilish uchun uni lift ichiga olib kirdi va qanday foydalanish lozimligini ko‘rsatdi; birgalikda bir necha marta yuqoriga ko‘tarilib, pastga tushdilar. Haqiqatan ham, oqshom maroqli o‘tdi: goh-goh uydan yosh bolaning qiyqirib kulgani eshitilib qolar, kattalar esa o‘zaro qizg‘in suhbatlashar, hazil-mutoiba qilishar edi. Afsuski, o‘sha buyuk bastakor bilan eng oxirgi uchrashuvim ekan. Aslini olganda, vidolashuv kechamiz o‘shanda bo‘lgan ekan. Lekin, shunday bo‘lishini kim xayoliga keltiribdi?!

Qayd etilgan


Abdullоh  09 Mart 2009, 18:26:10

   Hayotda ham, ijodda ham ajoyib uyg‘unlikka erishgan Dmitriy Shostakovich turli davrlarda menga ikkita xat yozgan. Bu xatlarni noyob yodgorlik sifatida arxivimda saqlayapman. Dastlabki maktubini bastakor «Alvido, Gulsari» qissamni o‘qigandan so‘ng yozgan. Ikkinchi maktubini u Qo‘rg‘on viloyatidagi Ilizarov kasalxonasida davolanayotgan paytda yo‘llagan bo‘lib, boshqa asarim — «Oq kema» qissam haqida zavqlanib fikr bildirgan. Bu uning oxirgi xati edi.
   Ko‘pincha har xil xayollar girdobida o‘zim bilan o‘zim yolg‘iz qolaman. O’shanday g‘amgin damlar qulog‘imga Shostakovich asarlaridan birining tovushi chalinsa — bas, darhol yuragimdan iliq to‘lqin tarala boshlaydi.
   Shostakovich olamining asosiy xususiyatlari shundan iboratki, u hayotga qizg‘in tashna edi, qalbi nihoyatda toza edi. U rus xalqining eng munosib farzandlaridan biri bo‘lib, cheksiz ma’naviy boylik sohibi, favqulodda xayrixoh, begona va yaqin kishilarga doim yordam qo‘lini uzatadigan, nazokatli, insonparvar, zilol suvdek pokiza zot edi.
   Bu odam shu qadar oddiy edi!
   Shoxonov. Nazarimda, haqiqiy ijod mahsuli barcha millat vakillariga tushunarli bo‘ladi.

Qayd etilgan


Abdullоh  14 Mart 2009, 12:11:55

   Aytmatov. Sen ko‘pincha ayrim kishilarning do‘stligidan xalq birligi vujudga keladi, deysan. Shu ma’noda yaqin o‘tmishdagi adabiyotimiz namoyandalarining ajoyib munosabatlarini eslab o‘tish joiz. Ular bir-birlarini darrov sog‘inardilar, uchrashuv uchun imkon qidirardilar va quvonishib diydor ko‘rishardi. Beixtiyor ularning munosabatiga havas qilasan kishi. Qotmadan kelgan, baland bo‘yli, qoracha G’afur G’ulom; kamgap, boshqa odamning ruhiy holatini sezgirlik bidan ilg‘ab oladigan Oybek; doim kulib turadigan, quchoqlarini keng ochib ko‘rishadigan Sobit Muqonov...
   Albatta, murakkab, qarama-qarshiliklarga to‘la bir zamonda yashagan bunday zotlarning har biri o‘ziga xos muvaffaqiyatga erishgan, kamchiliklardan xoli bo‘lmagan. Ehtimol, muayyan shart-sharoitlarga, odamlarga tobe bo‘lgandirlar... Biroq, o‘z millatlarining ma’naviy olamini boyitishga munosib ulush qo‘shgan bu zotlarning nomlari unutilsa yoki o‘chirib tashlansa, tariximiz ustidan zo‘rlik qilingan, kechirilmas zarar yetkazilgan bo‘ladi. Ular o‘rtasida qaror topgan do‘stlik avlodlari tomonidan davom ettirildi.
   Ko‘p yillar muqaddam Moskvada — Yozuvchilar uyushmasida G’afur G’ulomni uchratib qoldim.
   — Chingiz, inim, zilzila bizga qanchalik musibat keltirganini bilsang edi! — deb uyalmasdan yig‘lab yubordi.
   O’sha yili tabiiy ofat tufayli ko‘pgina insonlarning yostig‘i quridi, Toshkent vayron bo‘ldi, butun xalq boshiga katta musibat tushdi. Har doim katta odamning boshiga katta musibat yog‘iladi.

Qayd etilgan


Abdullоh  14 Mart 2009, 12:12:53

   Shoxonov. Bunday zotlarning har bir uchrashuvi bayram bo‘lib ketadi, ular o‘rtasidagi do‘stlik afsonaga aylanadi. Taniqli o‘zbek adibi Nosir Fozilov qachonlardir Sobit Muqonov to‘g‘risidagi xotiralarini «Mehribonlik» nomi bilan atagandi. O’sha xotiralarda qiziq bir voqea eslatib o‘tiladi.
   Toshkentdan Sobit Muqonovning uyiga mehmon bo‘lib kelgan Oybek do‘stini mashinaga o‘tqazib, ko‘m-ko‘k o‘tloq, bog‘-rog‘ qoplagan Olatov etaklariga olib ketadi. Tabiat go‘zalligidan bahramand bo‘ladilar. Sip-silliq qizil qoyalar yonidan o‘tayotib, mashinaga tormoz beradi. Xarsang toshlardan birini aylanib tomosha qiladi. Tabiatning o‘zi obi-tobida sayqal bergan toshdan ko‘zlarini uzolmasdan bosh chayqadi-da: «Go‘zal! Mo‘‘jiza!»  deydi.   Sobit  esa  sir  boy  bermasdan Oybekning yoniga yaqinlashadiyu unga sinchikov razm solib:
—Xo‘sh, yoqib qoldimi? — deb so‘raydi.
—Bo‘lmasam-chi! — deb to‘lqinlanib javob beradi.
   —   Unday bo‘lsa, buni men senga sovg‘a qilaman. Faqat o‘z nomimdan emas, butun qozoq xalqi nomidan sovg‘a qilaman. An’anamiz bo‘yicha arg‘umoqqa ega bo‘ldim deyaver.
   Shunday qilib, Medeo chegarasida yotgan xarsang tosh mehmonga yoqib qoladi: Sobit uni sovg‘a qiladi, Oybek qabul qilib oladi. Tez orada Oybek Toshkentga qaytib ketadi. Sobit esa keyin o‘sha xarsang yoniga bitta toshtaroshni yollab boradi. Xarsang toshga hech uchmaydigan so‘zlar o‘yib yoziladi:
   «Bu silliq toshni men Muso Oybekka sovg‘a qildim. Sobit Muqonuli. 1962 y. Z.VI».
   O’sha kuni Sobit o‘z hayotida bag‘oyat mas’uliyatli vazifani ado etgan kishidek kayfiyati ko‘tarinki holatda quvnoq qo‘shiq aytib uyiga qaytadi.
   —   Men o‘z hayotimda juda ko‘p saxiy odatlarni ko‘rganman. Lekin, tog‘da yotgan chaqirtoshni sovg‘a qiladigan Sobitga o‘xshash odamni aslo uchratmaganman, — deb tez-tez eslab yuradi Oybek.

Qayd etilgan


Abdullоh  14 Mart 2009, 12:13:51

   Aytmatov. Hazil-mutoiba bilan be-arazlik yo‘ldosh bo‘lsa, dunyoda bundan yaxshisi yo‘q.
   Shoxonov. Chike, adabiyot va san’at sohasidagi mashhur, ajoyib odamlar to‘g‘risida ko‘p gapirdik. Keling, endi pahlavon sifatida nom chiqargan odamlar to‘-risida gaplashamiz.
   Aytmatov. Ustiga ustak, qirg‘izlar bilan qozoqlar orasidan yelkasi yerga tegmagan polvonlar ozmuncha yetishib chiqqanmi!
   Shoxonov. Balki, xalqaro maydonlarda qirq bora g‘oliblik medaliga sazovor bo‘lgan Hojimuqon Munaytpasov to‘g‘risida eshitgandirsiz?
   Aytmatov. Eshitmay bo‘ladimi... Axir, u Ivan Poddubniyning shogirdi, dunyoga dong taratgan polvon-ku!

Qayd etilgan


Abdullоh  14 Mart 2009, 12:14:38

   Shoxonov. Qiziq, bugungi kunlarni hisobga olmaganda, keyingi bir yarim asr mobaynida qozoqlar oilasida necha million o‘g‘lon dunyoga keldi ekan? Gap shundaki, ular orasidan shu paytgacha jismoniy kuch jihatidan Hojimuqondan o‘tadigani chiqmadi! Yashirmayman, Hojimuqon tug‘ilgan sahroning farzandi bo‘lganim uchunmi yoki bolaligimdan beri u haqdagi ertakdek hikoyalarni ko‘p eshitganim uchunmi, ishqilib, hozirgi polvonlarning kurashi unchalik qiziq tuyulmaydi. Boz ustiga, yengil vaznli, pakana polvonlarning kurashi menga o‘zbek do‘stlarimiz tez-tez uyushtirib turishni yaxshi ko‘radigan bedana urishtirishni eslatadi.
   Unutilmas Hojimuqon — favqulodda hodisa. Janubiy Qozog‘iston viloyatidagi polvon tug‘ilgan Temurobod qishlo-ida Hojimuqonning uy-muzeyi bor. O’sha yerda bitta fotosurat turibdi: yigirma kishi o‘tirgan aravaga arqon bog‘langan, Hojimuqon esa arqonni tishlab, aravani tortib borayotir. Arava nima bo‘pti! U yurib ketayotgan traktorning orqasidan ko‘tarib, to‘xtatib qo‘yishi yoki chalqancha yotgancha ustidan mashinani o‘tkazib yuborishi mumkin edi. Ko‘z ko‘rib, quloq eshitmagan bunday voqealar polvon hayotida ko‘p bo‘lgan.
   Aytmatov. Bir kitobda o‘qiganim bor: agar o‘zaro kurash bo‘lganda, Hojimuqon hatto Poddubniy ustidan ham -alaba qozonishi mumkin ekan.

Qayd etilgan


Abdullоh  14 Mart 2009, 12:15:13

   Shoxonov. Hojimuqonning pasportida tug‘ilgan joyi deb Oqmula viloyati ko‘rsatilgan bo‘lsa-da, lekin uning asl vatani O’tror tumanidagi Oqtepa ovuli hisoblanadi. Bu to‘g‘ridagi ma’lumotlarni mahalliy oqsoqollardan janubdagi taniqli tarixchi va bastakor Muhammadjon Rustamov yozib olgan:
   «Hojimuqon tug‘ilishi bilan uning otasi qarindoshlari bilan janjallashib qoladiyu ko‘ch-ko‘ronini ko‘tarib ovuldan ko‘chib ketadi. Munaytpasning o‘jarligini, murosasizligini bilgan qariyalar otlarga minishib, uning ortidan quvlab yetadilar. Suzoqda ko‘chmanchilarga yetib oladilar. Qariyalar Munaytpasga qarab:
   —   Orqaga qayt! Qarindoshlaringdan uzilib ketma! Ota-onangni tashlab ketma! — deb qichqirishadi.
   —   Xafagarchilikni esingdan chiqar! Kek saqlama!
   Shunda Munaytpas taqqa to‘xtab, qariyalarga yuzlandi-da, oyoqchalaridan ushlangan kichkintoy Hojimuqonni boshi uzra azod ko‘tarib:
   —   Orqamizdan ergashmanglar! Agar yaqin kelsalaring, mana shu go‘daqdan qamchi o‘rnida foydalanaman! — deb baqiradi.
   Munaytpasning qarori qat’iy ekani ko‘rinib turardi. Oqsoqollar afsuslanib bosh chayqaydilar va o‘jar inson bilan:
   —   Nachora, senga oq yo‘l tilaymiz... Qaerda bo‘lsang ham Olloh o‘z panohida asrasin! — deb xayr-xo‘shlashadilar.

Qayd etilgan