..Shu jabrdiyda olamdan o‘tibdi. Jahongir o‘limni kutib yotganida, Azroil Soqovnikida ekan-da...
— Qanoat qila-qila boradigan joyimiz tayin ekan, — dedi Shoymardon, chuqur uf tortib. Keyin Daminga qarab, dedi: — Aka, biz ko‘p nohaq jabr tortganmiz.
— Akangiz ham jabr chekkanlar, — dedi Jahongir, — siz-ku, asir tushganingiz uchun qamalgansiz. Bu kishi kitob o‘qiganlari uchun o‘tirganlar.
— Vo. Xudo, necha ko‘rgiliklar ko‘rdik-a, adolat qolmagan ekan dunyoda.
— Adolat bor, — dedi Damin unga, — lekin adolat deganlari hamisha kuchga xizmat qilgan. Ichki yaralar yuzaga chiqib, endi bilyapmiz bularni. Donishmand deganimiz qoqilgan ekan, orqasidan butun xalq qoqilibdi. Qanoat deysiz. Qanoat tuyada ham bor. Tuyaning qanoati tugab, g‘azabi uyg‘onsa, kushxonaga jo‘natiladi. Odamniki tugasa-chi?
— Yaxshi gap aytdingiz, aka, kam bo‘lmang. Endi men boray. Sizlarni yo‘ldan qoldirmay. Soqovning yigirmasiga birga boramiz, o‘zim kirib o‘taman.
Shoymardon chiqib ketgach, Jahongir eshikka qulf urib, Damin bilan birga yo‘lga tushdi.
Qirqbelga yaqinlashishganda Jahongir Ajdarqoya sari burildi. Qabristonga borib qor ustiga tiz cho‘kdi. Yuqorida ajdarning uchta boshi oq qalpoq kiygan. Pastda do‘mpaygan qabrlar ham oq o‘ragan. Jahongir tilovat qildi. Har kelganida ota-onasi bilan xayolan suhbat qurardi. Bu safar ham odatini kanda qilmadi:
«Dada, akamni bag‘ringizga oldingiz, gunohlaridan o‘tdingizmi?»