ISLOMGA QANDAY DOXIL BO'LGANLIKLARI
Hazrati Ali kunlardan bir kuni Rasululloh. alayhissalomning hovlilariga kirdilar. Kirgan paytlarida uyda Rasululloh bilan birgalikda asllari Xadicha hamda kichkina qizlari Fotima birga edilar. Hazrati Ali Rasululloh hamda Xadicha onani birga ruku' va sajda qilayotganlarini, yonlaridagi qizchaning ham ularga o‘xshab yotib-turganini ko‘rib hayratdan qotib qoldilar. To‘xtab turib, Rasulullohning xazin va yoqimli talaffuzda o‘qiyotgan so‘zlariga quloq sola boshladilar. Tugatganlaridan keyin Ali u zotdan nima qilayotganlarini so‘radilar. Va nimani o‘qiganliklarini aniq tushuntirib bering deya o‘tina boshladilar. Rasuli akram hazratlari hazrati Aliga o‘qigan narsalari Ollohning kalomi ekanligini va hamda yangi din kelganligini, bu din basharga qismatga qadar baxtlarini ta'minlashga layoqatli ekanligini tushuntirib berdilar. Keyin esa «agar xohlasangiz mana shu buyuk ne'mati ilohiy bo‘lgan dinni qabul etish va hamma oshkoru-muhfiydan xabardor va ko‘rib turadigan, o‘zing esa hech qachon ko‘zlar ko‘rolmaydigan yakka ulug‘ xalloqu olamga ibodat qiling», deb so‘z yuritadilar. Rasulullohdan bu gaplarni eshitib hazrati Ali dedilar: «Siz menga bir necha kun muhlat bering, toki men otam bilan bir maslahatlashib kelay», dedilar. Rasulullox, «Mayli, maslahatlashib keling», dedilar. Keyin Ali Rasulullohni uylarida qoldirib, otalari ila maslahatlashgani jo‘nab ketdilar. Lekin uylariga otalari ila maslahatlashgani bormay, balki amakilari uylarida kechasi bilan o‘ylab fikr etib tonggacha uxlamay bezovta bo‘lib chiqdilar. Erta saharda o‘rinlaridan turib xonadan tashqariga chiqib ketayotganlarida bir necha yosh yigitlarga yo‘liqdilar. Ular Alini qattiq ovoz bilan chaqirayotgan edilar. Ulardan bittasi turib: «Ey, Ali, erta turib shoshib baytullohni ziyorat etgani ketayapsizmi?» deb so‘raydi. Yo‘q, men boshqa yerga ketayapman», deya javob beradilar. Yana bittasi «agar biror ishingiz bo‘lmasa biroz fursatdan keyin biz ham tavof qilgani boramiz, biz bilan borarsiz», deganiga javoban: «meni o‘z holimga qo‘y», deb rad javobini beradilar. Bunday ters javobni eshitgach: «Ey Ali, onang seni sanamlar uyida tuqqan bo‘lsa, sen esa borishdan bo‘yin tovlasang, bu qanaqa gap?» dedi. Ali esa uning so‘zini bo‘lib: «balki Ibrohimning uyida tuqqanlar, ammo sizlar talpinadigan butlarga kelsak, men unga yuzimni ko‘rsatishdan or qilaman», dedilar. Ular o‘z yo‘llariga ketaverdilar. Ali esa darhol Rasulullohning oldilariga keldilar va shunday dedilar: «Ey amakivachcham, men siz aytgan hamma gaplaringizni eshitdim va hammasini dilimdan qabul qildim, hamda men Ollohdan o‘zga hech bir loyiqi ibodat zot yo‘q deb, siz - Ollohning barhaq payg‘ambarisiz, deb Islom shahodatini beraman». Keyin esa: «yo Rasululloh, men otamga eshittirishni va dinni qabul qilishligimda maslahatlashishni istamadim. Tahqiq, Ollox, meni yaratishlikda otam bilan maslahat qilmagan-ku, albatta men, yo Rasululloh, Olloh tomonga yetaklandim. Men bu dinga faqat Ollohning roziligi, istaganim uchungina kirdim», dedilar. Hazrati Ali uch yilga qadar Rasulullohga ergashib, boshqa ergashgan musulmonlar bilan Rabbilarining vazifasini odamlar ko‘zidan bekitgan holda ado etib yuradilar. Bir kuni kechqurun sahrodan namozni o‘qib kelayotganlarida oldilaridan otalari chiqib qoladilar. U kishining bemahal sahrodan kelayotganlarini ko‘rib: «Ey o‘g‘lim, qaerda o‘ynab yuribsan, sahro senga o‘yinxonami?» deb so‘raydilar. Otalarining so‘zlariga javoban: «Men Rabbimning haqqini ado etib kelayapman», dedilar. Boshqa rivoyatlarda Ali bilan Abu Tolib o‘rtalaridagi gapning jarayoni to Abu Tolib: «Ey o‘g‘lim, Muhammad albatta seni faqat yaxshilik tomonga yetaklaydi, sen uni mahkam tut», degunlariga qadar davom etgan. Rasululloh hazratlari da'vatni oshkora aytishga Rabbilari tomonlaridan buyurilib, o‘zlarining qarindoshlarini bunday buyuk sharafli vazifani bajarishlikda yordam berishlariga chaqirgan paytlarida ular bunday yordam berishdan bo‘yin tovlik qilib, amakilari Abu Lahab esa Rasulullohni qattiq jerkib bergan vaqtida hazrati Ali, qarindoshlarining o‘zlarini bunday tutishlaridan achchiqlari keladi va o‘rinlaridan shart turib Rasululloh tomonga qo‘llarini cho‘zadilar: «Siz aslo qayg‘uga tushmang, Ollohga qasamki, albatta siz odamlarning eng pokrog‘isiz. Ularning adashganliklari kasofati o‘zlariga uradi, albatta men va Olloh sizning yordamingizdamiz. Men, siz dushman bo‘lgan kimsaga dushmanman», deydilar. Shunda qarindoshlaridan bittasi Abu Tolibga qarab: «o‘g‘ling nima deyayot-ganini eshityapsanmi?» - deydi, Abu Tolib esa: «qo‘yaveringlar, men amakisining o‘g‘li undan yaxshiliklarini ayamaydi, deb o‘ylayman», deb javob qaytardilar. Yana boshqasi esa Rasulullohni masxara qilib: «Ey Muhammad, mana shu go‘dak senga yordamchilikka yetsa ke-rak", deb ta'naomuz so‘z qildi.
HIJRAT KUNIDA RASULULLOHGA JON FIDOLIKLARI
Rasulullohni doimiy ravishda o‘z himoyalarida mushriklar jafosidan saqlab yurgan Abu Tolib vafot etgach, qurayshlar Rasulullohga astoydil izolar boshladilar. Holat bu darajaga yetganidan Rasululloh asxoblariga Madinai munavvaraga hijrat etmoqlariga amr etdilar. Saxobalar birin-ketin vatanlarini, mol-mulklarini tashlab yagona imonlarini saqlab qolish uchun Madina shahriga jo‘nab ketdilar. Rasululloh esa Rabbilarining amriga muntazir bo‘lib Makkada bir muncha vaqt yashab turdilar. Oxiri mushriklar hammalari bir ray' ila Rasulullohni o‘ldirib butunlay u kishidan xalos bo‘lishlikni qat'iy qaror qilishgach, Rabbilari u zotga kofirlarning yomonligi va hiylalaridan qutulishlikni ajab bir rejasini tuzib berdi.
Rasululloh, hazrati Alini chaqirib: «Bu tun menga mushriklar behosdan hujum uyushtirmoqchilar. Rabbim menga Makkadan jo‘nab ketishlikka ruxsat berdi. Shuning uchun siz mening joyimga yotib xoinlarning ko‘zini bo‘yashlik uchun chakmonimga o‘ralib olasiz»,- dedilar. Ali Rasulullohning aytganlarini darhol hech qanday to‘xtovsiz qabul qildilar va o‘rinlariga yotib o‘ralib uxladilar. Holbuki, tashqarida tish-tirnog‘igacha qurollangan shafqatsiz kishilar poylab turganligini va ular hammasi birdan yopirilib Rasulullohni xuddi bir kishi o‘ldirgani kabi o‘ldirishlik uchun shaylanib turganligini va hamda ular Alini Rasululloh deb gumon etib bilmasdan o‘ldirib qo‘yishlari ham mumkin ekanligini juda yaxshi bilardilar. Mana shularni bilib turib, biroq o‘zlari ixtiyoriy ravishda xo‘p, deb qabul etdilar. Jonlarini risolat sohibiga toki dinlari odam ahliga yoyilishligi uchun, Ollohning kalimasi oliy bo‘lishligi uchun fido etdilar. Jonni fido etishlik degani, jumardlikning eng yetuk cho‘qqisidur. Mana shunday oliy cho‘qqiga hazrati Ali yeta oldilar. Jonlarini hech ayamay, achinmay, qo‘rqmay Ollohning dinini olam uzra hukmron bo‘lishligi yo‘lida risolat sohibiga fido etib yubora oldilar. Ana saxiylik, ana jumardlik, ana jonfidolik, tarix bunday jonfidolikni ilgari ham keyin ham uchrata olmagan bo‘lmasa kerak. O'z jonini Islom yo‘lida fido etishlikni hech narsa fahmlamay bemalol fido etib yuboraverdilar. Bunday jonfidoliklar besamara qolgani yo‘q, albatta. Dunyoda ham juda ulkan yutuqlarni qo‘lga kirita oldilar, oxiratda, albatta Olloh oldida buyuk, ulkan mukofotlarga ega bo‘ladilar.
Olloh taolo va taborak o‘zining Rasulini kofirlar xiylalaridan saqlab, hadsiz kuvvati bilan ixota etib ularning qo‘llaridan qutqazib yubordi. O'z jonini Olloh yo‘lida qurbon qilishga tayyor zotni ham qonxo‘rlar qo‘lidan qutqazib qoldi. Shundan keyin Ali bir necha kunlar Makkada qolib ketdilar. Rasulullohga omonat qo‘yganlarning omonatlarini egasiga yetkazib, topshirib bo‘lganlaridan so‘ng Ali otalari Ibrohim qurgan baytullohni vidolashuv tavofi bilan ziyorat qildilar. Ziyoratni tugatib, yayov holda Madina tomonga yo‘lga tushdilar.
Uzoq va davomli, mashaqqatli yo‘lni piyoda bosib o‘tguncha juda ko‘p qiyinchiliklarga duch keldilar. Hammasiga bardosh berib mardona qadamlar ila olg‘a ketaverdilar. Madinaga uzoq kunlar yurib, oyoqlari qavarib, shishib ketgan holda ozib-to‘zib yetib keldilar. Rasululloh hazratlari Alini mana shunday majruh bir suratda ko‘rib rahmdan yig‘lab yubordilar. Va qadamlariga muborak tupuklarini surtib duo qildilar. Shundan keyin Alini oyoqlari aslo og‘rigan emas. Madinada muhojirlar bilan ansorlarni Rasululloh o‘zaro birodar bo‘lib olishdi. Yolg‘iz Ali o‘zlari qoldilar. Rasululloh Aliga qarab: «Siz mening diniy birodarimsiz», dedilar.