SHUARO SURASIIkki yuz yigirma yetti oyatdan iborat «Shuaro» surasi ham Makka suralaridandir.
U Qur’onning Alloh tomonidan nozil qilingan (ochiq oyatlardan) iborat eslatma ekanini ta’kidlash bilan boshlanib, payg‘ambar alayhis-salomga mushriklarning iymonsizliklaridan qayg‘urmaslik kerakligini uqtiradi va ular yaqinda — Qiyomat kunida Allohning azobiga duchor bo‘lishlari haqida xabar beradi.
Bu surada ham avval o‘tgan ayrim payg‘ambarlar haqida hikoya qilinib, ularning barchalari bir narsaga — yakkayu yagona Allohga iymon keltirib, U zotning O’zigagina itoat etishga da’vat qilganlari aytiladi va ularni yolg‘onchi qilgan kimsalarning topgan oqibat-halokatlari tasvirlanadi.
Sura nihoyasida so‘z yana Qur’onga qaytib, uning jinlar keltirgan cho‘pchak yo shoirlar bitgan she’r emas, balki Alloh tomonidan Jabroil farishta vositasida ochiq arab tilida nozil qilingan ilohiy Kitob ekanligi ta’kidlanadi.
Bu suradan Tangri taoloning shoirlar haqidagi oyatlari ham o‘rin olgani sababli u «Shuaro» surasi deb atalgandir.
Mehribon va rahmli Alloh nomi bilan (boshlayman). 1. To, Sin, Mim.
2. Ushbu (oyatlar) ochiq-ravshan Kitob oyatlaridir.
3. (Ey Muhammad), ehtimol siz (Makka mushriklari) mo‘min bo‘lmaganlari uchun o‘zingizni halok qilguvchidirsiz. (Undoq qilmang, chunki)
4. Agar Biz (ularning mo‘min bo‘lishlarini) xoxlasak, ularga osmondan oyat-mo‘‘jiza nozil qilib, shu bilan bo‘yinlari egilib qolardi. (Lekin Biz buni istamaymiz, zero iymon-ishonch nochor-noilojlikdan emas, balki qalb qanoati bilan ixtiyoriy bo‘lishi lozimdir).
5. Ularga Rahmon tomonidan biron yangi eslatma kelsa, albatta, ular undan yuz o‘giruvchi bo‘ldilar.
6. Bas, aniqki ular (payg‘ambarni) yolg‘onchi qildilar. Endi yaqinda ularga o‘zlari masxara qilgan narsaning axboroti (oqibati) kelur.
7. Axir ular yerni — unda, Biz barcha turli foydali (o‘simlik) navlaridan qanchasini undirib qo‘yganimizni ko‘rmadilarmi?!
8. Albatta bunda oyat — ibrat bordir. (Lekin Makka mushriklarining) ko‘plari iymon keltirguvchi bo‘lmadilar.
9. Shak-shubhasiz Parvardigoringizning O’zi (kofirlar ustidan) g‘olib, (mo‘minlarga) mehribondir.
10-11. (Ey Muhammad), eslang, Parvardigoringiz Musoga nido qilib: «U zolim qavmga — Fir’avn qavmiga borgin, ular (Mendan) qo‘rqmaydilarmi?!» (degan edi),
12. Muso aytdi: «Parvardigorim, (albatta amringga itoat eturman — u zolim qavm oldiga borurman, faqat) ular meni yolg‘onchi qilishlaridan qo‘rqurman;
13. Va (ular meni yolg‘onchi qilishlaridan) dilim siqilur, tilim burro emasdir, bas (Misrda Fir’avn zulmi ostida yashab turgan birodarim) Horunga ham (payg‘ambarlik) yuborsang, (u menga yordamchi bo‘lsa).
14. Yana ularning nazdida men gunohkorman (ya’ni ular meni bir misrlik — qibtiy yigitni qasddan o‘ldirishlikda ayblaydilar), bas meni, (Sening farmoningni ularga yetkazmasimdan) o‘ldirib qo‘yishlaridan qo‘rqurman».
15. (Alloh) dedi: «Yo‘q (ular seni o‘ldira olmaslar). Bas (birodaring Horun bilan) Bizning oyat-mo‘‘jizalarimizni olib boringlar! Albatta Biz sizlar bilan birga (savol-javoblaringizni) eshitib turguvchidirmiz.
16. Endi Fir’avnga borib aytinglar: «Haqiqatan biz barcha olamlar Parvardigorining elchilaridirmiz.
17. (Qo‘l ostingdagi) Bani Isroil (qavmi)ni bizga qo‘shib (o‘z yurtlari — Falastinga) jo‘natgin».
18. (Ular kelib Fir’avnga shu so‘zlarni aytishgach, u Musoga qarab) dedi: «Biz seni bolalik chog‘ingda o‘z ichimizda (ya’ni saroyimizda) tarbiyalamaganmidik, umringning bir necha yilida oramizda turgan eding-ku!
19. Keyin nonko‘rlardan bo‘lib qilgan qilmishingni — qilgan eding-ku (ya’ni bir Qibtiyni o‘ldirib qo‘yib qochib ketgan eding-ku)!»