Imom G’azzoliy o‘z so‘zini davom ettirib, shunday deydi: «Ilmning barchasi Allohning fe’llari va sifatlari haddiga doxildir. Qur’oni Karim esa Allohning zoti, fe’llari va sifatlarini sharh qiladi. Bu ilmlar cheksiz bo‘lib, Qur’on ularning majma’iga ishora qiladi. E’tibor qilgan odamlarga tushunish mushkul tuyulgan narsalar haqida hamda nazariyot va ma’qulotlarida turlicha fikrda bo‘lgan odamlarga Qur’oni Karimda ramz va dalolatlar borki, ularni faqat tadabbur, tafakkur qiluvchi, farosat ahli bo‘lgan kishilargina idrok eta oladilar». (O’sha manba.)
Imom G’azzoliy o‘zining «Javohirul Qur’on» nomli tafsirida ham Qur’on ilmlari borasidagi suhbatlarini davom ettirib, jumladan shunday deydi: «Qur’on ilmlari ikki qismdir. Birinchisi sadaf va qobiq ilmi (Bu ilm bilan Qur’on oyatlarining tarkibiy va zohiriy qismi o‘rganilgani uchun mag‘izning ustidagi danagi yoki marvaridaing ustini qoplab turuvchi g‘ilofga tashbeh qilingan) bo‘lib, u lug‘at, nahv (grammatika), qiroatlar, arab harflarining talaffuzi va zohiriy tafsir ilmini o‘z ichiga oladi.
Ikkinchisi mag‘iz ilmi bo‘lib, u tarixiy qissalar, kalom, fiqh, usulul-fiqh, Alloh va oxiratni bilish, shariat ilmida to‘g‘ri yurish, tariqat yo‘lini tanlash ilmlarini o‘z ichiga oladi». (Imom G’azzoliy. Javohirul Qur’on. Kurdiston matbaasi. 1329 h. 21-31-betlar.)