Faqir musulmonlarning haydalishidan umidlari uzilgan mushriklar, u zotga: «Ey Muhammad, agar ularni haydamasang, unda bir kunni ularga, bir kunni bizlarga tayin qil», deb shart qo‘yishdi. Shunda Alloh taolo quyidagi oyati karimani nozil qildi:
«Siz o‘zingizni ertayu kech Parvardigorining yuzini — roziligini istab, U zotga duo-iltijo qiladigan zotlar bilan birga tuting! Ko‘zlaringiz hayoti dunyo ziynatlarini ko‘zlab, ulardan o‘tib (o‘zga ahli dunyolarga boqmasin)! Va Biz qalbini Bizni zikr etishdan g‘ofil qilib qo‘ygan, havoyi-nafsiga ergashgan va qilar ishi isrofgarchilik bo‘lgan kimsalarga itoat etmang! Ayting: «(Bu Qur’on) Parvardigoringiz tomonidan (kelgan) Haqiqatdir. Bas, xohlagan kishi iymon keltirsin, xohlagan kimsa kofir bo‘lsin» (Kahf surasi, 28—29).
Rasululloh sollallohu alayhi vasallam faqirlarni ulug‘lar, hurmat qilar edilar. U zot Madinaga hijrat qilganlarida, faqir sahobalari ham hijrat qildilar va masjid supasiga joylashib, dunyo tashvishlaridan uzildilar. Ularga «Ashobi-suffa» — supa egalari deb nom berishdi. Hijrat qilib kelgan faqirlar ular safiga qo‘shilar va ular kundan kunga ko‘payar edilar. Ular Alloh o‘z do‘stlari — avliyolariga hozirlagan ehsonga guvoh bo‘ldilar, unga iymon nuri ila boqdilar va borliqdagi biron narsaga dillari ketmadi. Aksincha, ular: «Sengagina ibodat qilamiz, Sen uchun bo‘ysunib sajda qilamiz, Sening yordamingda rushdu hidoyatga erishamiz, Senga tavakkul etib suyanamiz, Sening zikring ila huzurlanib shod bo‘lamiz, Sening muhabbating maydonida sayru sayohat qilamiz, Sen uchun amal qilib, harakat etamiz va Sening eshigingdan hargiz ketmaymiz», dedilar.