50-bob. O’z o‘rniga xalifa (o‘rinbosar) ta’yin qilib qoldirmoq haqida
Qosim ibn Muhammad rivoyat qiladilar: «Bir kuni Oisha raziyallohu anho: «Voy boshim!» — deb erdilar, Janob Rasululloh: «Agar sen o‘lib, men tirik qolsam, Olloh taolodan senga mag‘firat tilab duo qilg‘aymen!» — dedilar. Oisha onamiz: «Yo tavba, mening o‘limimii bunchalar orzu qilishingizni bilmas erdim! Xudo ko‘rsatmasin, agar o‘lib-netib qolsam, ba’zi xotinlaringiz birlan so‘nggi kuningizga qadar ayshu farog‘atda yashar erkansizda!» — dedilar. Janob Rasululloh e’tiroz bildirib: «Agar shunday deydirgan bo‘lsang, unda men o‘zim «Voy boshim!» — deb qo‘ya qolg‘aymen!» — dedilarda, quyidagi gapni aytdilar: «Men Abu Bakr birlan uning o‘g‘lini huzurimga chorlab uni o‘zimga xalifa qilib qoldirmog‘imdan avval ba’zi odamlarning shul xususda e’tirozu istaklarini bilmoqchi erdim, ammo, keyin: «Olloh taolo xohlamagan kishini mo‘minlar xalifa bo‘lmog‘ini istasachi yokim mo‘minlar xohlamagan kishini Olloh taolo xalifa bo‘lmog‘ini istasachi?» — deb o‘ylab bunday qilmadim».
Abdulloh ibn Umar rivoyat qiladilar: «Hazrat Umarga: O’zingizdan keyin xalifa ta’yin qilmaysizmi?» — deyishdi. Hazrat Umar: «Agar xalifa ta’yinlanadirgan bo‘lganda erdi, mendan ko‘ra yaxshiroq Abu Bakr ta’yinlangan bo‘lur erdi. O’zimdan keyin xalifa ta’yinlamayotganimning boisi shulki, Janob Rasululloh hatto mendan yaxshiroq kishini ham o‘zlaridan keyin xalifa qilib qoldirmagandurlar!» — dedilar. Odamlar Hazrat Umarga tahsinlar aytdilar. Hazrat Umar: «Dilimda umid ham qo‘rqinch mavjud bo‘lib, o‘zimga na foyda va na zarar keltirmagan holda xalifalikdan qutulib olsam, deyman, chunkim uning yukini tirikligimda ham o‘lganimda ham ko‘tara olmag‘aymen!» — dedilar».
Anas ibi Molik rivoyat qiladilar: «Men Hazrat Umarning minbarda o‘ltirib aytayotgan xutbalarining oxirini eshitib qoldim. O’shal kun Janob Rasululloh vafot etgan kunlarining ertasi erdi. Hazrat Umar kalimai shahodat aytdilar. Abu Bakr sukut saqlab quloq solib turdilar. Keyin, Hazrat Umar: "Men Janob Rasulullohning yashamoqlarini, hatto bizdan ham uzoqroq umr ko‘rmoqlarini orzu qilur erdim! Ul zot vafot etgan erkanlar, Olloh taolo sizlarga Qur’oni Karimni nur qilib yubordi, uning ila to‘g‘ri yo‘ldan ozmag‘aysizlar. Olloh taolo Muhammad sallallohu alayhi va sallamga hidoyat qilgan, Abu Bakr ersalar, ul zotning do‘stlari hamda birinchi bo‘lib musulmon bo‘lgan ikki kishining ikkinchisidurlar. Shuningdek bul kishi musulmonlarga rahbarlik qilmoqqa eng haqlig‘durlar. Turingizlar, bul kishiga bay’at qilingizlar!» — dedilar. Musulmonlardan bir qismi Banu So’ida ayvonida bunga qadar bay’at qilgan erdi, qolgani shu yerda minbar yonida bay’at qildi».
Zuhriy Anas ibn Molikdan naql qiladilar: «O’shal kuni Hazrat Umarning Abu Bakrga: «Minbarga chiqingiz!» — deganlarini eshitdim. Shunda ul kishi biroz to‘xtab turib. so‘ng minbarga chiqdilar. Odamlar yalpisiga ul kishiga bay’at qildilar».
Muhammad ibn Jubayr ibn Mut’im otalaridan naql qiladilar: «Bir ayol Janob Rasulullohning huzurlariga kelib nima haqdadir so‘rab erdi, ul zot keyingi safar kelmog‘ini aytdilar. Shunda ayol: «Yo Rasulalloh, keyingi safar kelsamu, siz bo‘lmasangizchi?» — dedi (ya’ni, «O’lib qolgan bo‘lsangizchi?» — demoqchi). Janob Rasululloh: «Agar meni topolmasang, Abu Bakrga uchrag‘il!» — dedilar».
Toriq ibn Shihob rivoyat qiladilar: «Sahobalar Buzoxa qabilasidan kelgan vakillarga: «Sizlar cho‘lda hech narsani o‘ylamay tuyalaringiz ortidan ergashib yuraverasizlar. Olloh bul chog‘da o‘z rasuli sallallohu alayhi va sallamning xalifasiga hamda muhojirlarga shunday bir ishlarni ko‘rsatg‘aykim, ular bunda ishtirokingiz yo‘qligini sizlarga ma’zur tutgaylar», — deb aytishdi».