Boshqalar quyidagi hadisga binoan buning zarari yo'q, deydilar. Ato aytadilar: "Rasulullohning (sollallohu alayhi vasallam) ashoblari biz mo'min-musulmonlarmiz, deb aytganlarini bilaman". Zayd ibn Aloqa Abdulloh ibn Yazid Ansoriydan rivoyat qiladi: "Agar birontangizdan iymon haqida so'ralsa, u hech ham shubhalanmasin", dedi. Ibrohim Taymiy: "Sizlarning birontangiz musulmonman deb aytishni hech makruh sanamasin, agar u so'zida to'g'ri bo'lsa, so'ziga binoan, albatta, ajr oladi. Agar yolg'onchi bo'lsa, unda uning kufridan, yolg'onidan ham yomonroq narsa kirmaydi, chunki Alloh taolo:
"Ey mo'minlar, taqvoli kishilar bo'lishingiz uchun sizlardan ilgari o'tganlarga farz qilingani kabi sizlarga ham sanoqli kunlarda ro'za tutish farz qilindi" (Baqara, 183), dedi, boshqa o'rinda esa:
"Ey mo'minlar, namozga turganingizda yuzlaringizni hamda qo'llaringizni chig'anoqlarigacha yuvingiz, boshlaringizga mash tortingiz (ya'ni nam qo'llaringiz bilan silangiz) va oyoqlaringizni oshiqlarigacha yuvingiz!" (Moida, 6), dedi. Kimki o'zining mo'min ekaniga shak-shubha qilsa, unga ro'za va namozni ado etmasligi kerak bo'ladi, chunki Alloh taolo bularni xossatan mo'minlarga vojib qildi", deydilar.
Faqih aytadilar: Agar birontangiz men, inshaalloh, mo'min holatda o'laman, desa joiz bo'lmaydi, chunki istisno qaytadan boshlovchiga ishlatiladi, hozirgi va o'tgan zamonga ishlatilmaydi, chunki gapda: "bu narsa, Xudo xohlasa, kiyim" va "bu, inshaalloh, ustun" deb aytish durust bo'lmaydi.
Hasan Basriydan rivoyat qilinadi: "Inshoalloh, bunday qilaman desa, bu gap kishining aqlliligidan, agar, inshaalloh, bu ishni qildim, desa, bu uning ahmoqligidan". Taloq va 'itoqda (qulni ozod qilish) istisno qilsa, taloq va 'itoq tushmaydi, agar o'z iymonida istisno qilsa, iymonga xalal va qusur etib qolishi xavfi bor.