Kampir oppog‘oyimlarni esga solib, ko‘nglim iyib keldi. Beixtiyor bularning duolarini olib qolish katta davlat ekanini o‘ylab, u kishining yuzlariga tikildim. Tikilardimu o‘ylardim.
Yuzlaridan taralayotgan bu tarovatli nur qaerdan chiqib, hech ado bo‘lmayapti? Bu joylarning qadim zax hidlarini ham unuttirib, uni mushk-anbar bo‘ylariga to‘latib o‘tirgan ham balki shu oq-oppoq kampirshoning o‘zidir?
— Yaxshi keldizmi, o‘g‘lim? Uy ichilariz bilan yaxshimisizlar? Oyiz, kelinim omonmilar? — Kampir xuddi qarindoshlardek yaqin olib, tavoze ila hol-ahvol so‘rar edi. Men esam hamon iyib borayotirman bu mulozamat, bu so‘rashishlardan. Bir lazzat olayotirmanki, qo‘yaverasiz.
— Rahmat, o‘ziz bardam-baquvvatginamisiz?
— O‘ziga ming qatla shukr. Ko‘rsatganiga shukr. Turolmasam ham, mana, o‘tiribman-ku: eplagancha ibodatlarimni ado etib... namozlarimni o‘qib... Har odamlar bor-boshini bir ko‘tarishga zor, qo‘lini qimirlatishga, o‘ngarilishga intiq. O‘shandan asrasin. Hech bandani ibodatdan qo‘ymasin. So‘nggi nafasigacha chiroyli amallarga hamroh etsin, ilohim.
— Nima, oyog‘izmi?.. — deya oldim men.
— Bumi, bir yog‘i qarichilik, qolaversa, ko‘rgilik ekan: ko‘p bo‘ldi o‘tirib qolganimga. Savil, ikkalasi ham ketgan, jonsiz, — dedi buvi choyshab ustidan o‘sha jonsiz narsani siypab qo‘yib. — Shunisigayam shukr. Qo‘l-oyog‘imni birdan olganida nima qilardim? Buyam bo‘lsa, Xudoyimning marhamati. Manavi jujuqlarning baxtigami, boshqagami — meni tirik ushlab turibdi. Bo‘lmasa, bular kimning qo‘lida qolardiyu kim bularning boshini silardi! Bilmadim, mendan keyin bularning holi nima kechadi? Chamanning yurishi unday, Asalning fe’li bunday... Onasi boyaqishning-ku, peshonasi sho‘rdan-sho‘r ekan. Menga suyanib qolishdi bular. O‘zim esa yolg‘iz Ollohga suyanguliman. — Buvi ovozi o‘zgarib, ko‘zlarida yosh aylandi. So‘ng shishin-qiragan barmoqlarini o‘pib, uchayotgan ko‘zlariga surtarkan, Oyto‘ra buvi hamd aytib shivirladi: — Al-hamdulilloh, alhamdulilloh: ishqilib, yaxshilikka bo‘l-sin.