Bu savol Tarzini esankiratib qo‘ydi. Sermulohazaliligi va aqli donishligi biln shuhrat topgan bu odam amirga tayinli javob qaytarishga taraddudlandi. Bu yerga kelishida amir odatdagiday xayrlashish maqsadida chorlagandir deb o‘ylagan edi. Dastlabki kinoyalardan ko‘ngli noxushlikni sezdi. Endi bu savol... Yana taxt malasida... Nahot ota-bola shu xususda gap yuritganlar?.. Amirning dili g‘ash, ko‘ngli notinch...
— Xo‘sh, sardor, og‘ir jumboq berib qo‘ydim shekilli?
— Yo‘q, davlatpanoh, sukutim sababi jumboqning og‘irligi emas. Meni ko‘nglingizga oralagan shubha taajjubga soldi. Taxt vorisi — Inoyatulloxon. Padar amri — vojib deydilar. Omonullo padari amriga zid bormaydi. Bunga imonim komil.
Habibulloxon kulib yubordi. Uning kulgisida shodlik emas, balki zahar zohir edi: yuzi kulsa-da, ko‘zlarida sovuq o‘t bor edi.
— Sizni sirtmoqqa tushirib bo‘lmaydi, sardor. Ammo bilib qo‘ying, mana bular, — amir devorlarga ishora qildi, — devor emas, quloq. Hamma xabar oqib kiradi. Nima edi, — amir istehzo bilan jilmaydi,— javoni Afg‘onistonmi?.. Amirdan norizo yoshlar. Qani, aytingchi, sardor, Habibulloxon Afg‘onistonning boshiga kulfat soldimi? Quvg‘inlarni yurtga qaytarib, gunohga botdimi?
— Umrimiz duoi joningiz bilan o‘tadi.
— Gapimni bo‘lmang, men minnat qilayotganim yo‘q... Yangi maktabni Habibulloxon ochgan edi, yodingizdadir? Jannatmakon padarim xat-savodli afg‘onlardan o‘ttiztasini saroy xizmatiga chorlagan ekan. Yurt kezib, nechta ilm egasini topishgan? O‘nta ham topisholmagan, ha! «Harbiya»ni ham Habibulloxon ochib edi, turk zobit1larini chorlagan ham Habibulloxon edi. O‘zingiz chop etayotgan «Siroj ul axbor» ham Habibulloxon amri bilan yuzaga kelganmasmi?