— Menga qara, ukam, mahallachilik degan gaplar bor. Osh pishguncha janozaga chiqib kela qolaylik, — dedi Jalil.
Asadbek qovoq uyub qarab qo‘ydi-yu, indamadi.
— Hali ham alaming bormidi unda. U bechora atay qilibdimi? Musulmon musulmonning gunohini uch kun ichida kechirib yuborishi kerak.
Bu gap Asadbek vujudidagi g‘azab otining bir sapchishiga sabab bo‘ldi. Qo‘li beixtiyor ravishda patnis ustidagi piyolaga yugurdi, beixtiyor ravishda piyolani changalladi, beixtiyor ravishda uni Jalilga qaratib otmoqchi bo‘ldi, ammo ko‘z ko‘zga tushishi bilan fikridan qaytdi, sovub qolgan choyni yon tomonga sepib tashlab, piyolani «to‘q» etib joyiga qo‘ydi.
— Azroilning tug‘ishgan jiyani bo‘lsang ham o‘zingni bosib ol, bola, — dedi Jalil. — Nega to‘xtading? Otavermaysanmi, basharamni majaqlamaysanmi? Qonsiragan bo‘lsang, bira to‘la so‘yib tashlay qol.
— O‘chir! — Asadbek shunday deb baqirdi-da, so‘ng tin oldi. Keyin horg‘in ovozda, xuddi o‘ziga o‘zi gapirganday dedi: — Menga qara, donomaxsum, sen tug‘ilishing bilan kindigingni o‘zing kesgansan, a? Bilib qo‘y, men u haromning gunohini uch yuz yilda ham kechmayman. O‘lganimda shu isqirtning yoniga qo‘ygin, go‘rda ham bo‘g‘ib yotaman. Sen og‘aynimsan-u, ammo darding boshqa. Yuragimni kemirib yotgan qurtlar borligini bilmaysan. Bilmaganingdan keyin pista qilib o‘tir.
Eshik og‘zida Halimjon ko‘rinmaganida ehtimol Jalil ham pista qilib o‘tirish qo‘lidan kelmasligini aytgan bo‘lardi. Halimjon uning qalampirga belanayotgan gaplarini tilga chiqmay qolishiga sababchi bo‘ldi.