Amr ibn Yahyo Quraysh qabilasining avvalgi raisi bo‘lib, Ka’baga xo‘jayinlikni ham zo‘rlik bilan tortib olgan edi. Amr Shomga safar qilganda Balqo nomli shaxar aholisining butlarga ibodat qilishayotganini ko‘rdi va qiziqib: «Bu nima?» — deb so‘radi. Ular: «Butlar bizning rabbimiz, unga sig‘inamiz, dardimizni aytamiz, yordam so‘raymiz, suv so‘rasak — suv, non so‘rasak — non, nima tilak so‘rasak o‘shanga yetkazadi», deb javob berishdi. Amrga ham butlar yoqib qoldi va so‘ragan edi, unga Hubal ismli but hadya qilishdi. Amr ibn Yahyo Hubalni olib Makkaga keltirdi va Ka’baning yoniga qo‘ydirdi. Balqo aholisi Amrga yana ikkita; biri Isof, ikkinchisi Qofila ismli er-xotinning haykalini ham berishgan edi. Bu haykallarning birini Safo tog‘i ustiga, yana birini Marva tog‘i ustiga qo‘ydirdi. Shunday qilib, arab qabilalari orasida but va sanamlarga sig‘inish kuchayib ketdi. Toifliklar ham o‘zlariga but yasab, nomini Lot deb atadilar. Madinada istiqomat qiluvchi kishilar ham o‘zlariga Manot ismli but yasatib olgan va unga ibodat qilar edilar. Shunday qilib, Ka’ba atrofida uch yuz oltmishta but jamlangan edi.( A.Sog‘uniy. Tarixi Muhammadiy. Toshkent, 1997. 40-46-b. )
Payg‘ambarimiz (s.a.v.) Makka fathidan keyin Ka’baga yaqin keldilar va barcha but, sanamlardan uni tozaladilar, shugina emas, butun Arabiston, balki bugun islom mamlakatlari shirkdan tozalandi.
G’atfon qabilasi bir daraxtni muqaddas bilib, unga sig‘inishar, uni Al-Uzzo deb nomlagan edilar. Payg‘ambarimiz (s.a.v.) u yerga Xolid ibn Validni yubordilar. Xolid ibn Valid borib, u daraxtni kesib tashladi. G’atfonliklar esa musulmon bo‘ldilar.
Xas’am qabilasi ham bir katta qadimiy daraxtni muqaddas bilib, unga uzoq vaqtdan buyon sig‘inib kelishar edi. Yashin tushib u daraxt yonib ketdi. Ular bir bino qurib, nomini Al-Ka’ba al-Yamoniya dem nomladilar va o‘sha binoni tavof qila boshladilar. Payg‘ambarimiz(s.a.v.) Jarir ibn Abdullohni bir yuz ellik otliq bilan yubordilar. Jarir borib, ularning ka’basini buzib tashladi. Shundan so‘ng Alloh ularning qalbiga islom hidoyatini soldi.