— Bu — Chandin Chouk bozori, — deb izoh berdi Humoyunning yonida borayotgan Hindubek. — Oydin Chorsu degan ma’nosi bor.
— Bugun hayitmi, gul ko‘p? — so‘radi Humoyun.
— Ha, bahorgi ekinlarning unib chiqishini qutlab o‘tkaziladigan hayit. Hindistonda hayit ko‘p. Biron oy hayitsiz o‘tmaydi.
— G‘aroyib el! — dedi Humoyun o‘ychan kulimsirib.
Eski bir qasrning tom va devorlari ustida oyoq-qo‘llari uzun maymunlar bemalol sayr qilib yurar edi. Yuzlari, qo‘llari qora qorinlari sarg‘ish, boshqa hamma joylari oqish-kulrang. Jajji maymun bolalari tomdan banan va nim daraxtlarining shoxlariga sakrab o‘tishar, bir-birlari bilan quvlashib, daraxtdan yerga ham tushishar edi. Qasrning ich-tashida odamlar yuribdi, lekin maymunlar bilan hech kimning ishi yo‘q.
Humoyunning ketidan borayotgan yuzboshining ko‘zlari birdan ovchilik ehtirosi bilan yona boshladi. U kamonini qo‘liga olayotganini ko‘rgan Hindubek:
— Maymunning uvoli yomon bo‘ladi, — dedi. Buni ovlagan odam baxtsizlikka uchragay.
Humoyunning o‘ng yonida borayotgan Xo‘ja Kalonbek kulib so‘radi:
— Sigirni ham shunaqa e’zozlashimiz kerakmi, janob Hindubek?
— Neki tansiq bo‘lsa, elga aziz ko‘rinur, — dedi Hindubek. Bu yerning issiq iqlimida sigir asrash oson emas.
— Har qalay, — deb Humoyun Hindubekka yon bosdi, — podsho hazratlari maxsus farmon chiqardilarki, hind xalqining azaliy udumlariga hurmat bilan qaralsin, el-ulusning nafsoniyatiga tegadigan harakat sodir bo‘lmasin.