Imom Navaviy. Riyozus-solihiyn  ( 485881 marta o'qilgan) Chop etish

1 ... 63 64 65 66 67 68 69 70 71 72 73 ... 128 B


AbdulAziz  16 Iyul 2008, 07:17:36

91-BOB
Mav’iza va uni qisqa qilishning fazilati to‘g‘risida


Alloh taolo:
«(Ey Muhammad), Parvardigoringizning yo‘li — diniga donolik-hikmat va chiroyli pand-nasihat bilan da’vat qiling» (Nahl surasi, 125-oyat), deb aytgan.

698/1. Abu Voil Shaqiq ibn Salamadan (r.a.) rivoyat qilinadi. Ibn Mas’ud (r.a.) har payshanba kuni mav’iza qilib berardilar. Shunda bir kishi: «Ey Abu Abdurahmon (ibn Mas’ud), bizga har kuni mav’iza qilib berishingizni istardim», dedi. Ibn Mas’ud: «Sizlarga malol kelishini karih ko‘rmog‘im meni har kuni mav’iza qilishdan qaytaradi. Va Rasululloh (s.a.v.) bizga malol kelishidan qo‘rqib mav’iza havola qilganlaridek, men ham sizlarga shunday mav’iza taqdim etaman», dedilar. Imom Buxoriy va Muslim rivoyatlari.

699/2. Abu Yaqzon Ammor ibn Yosirdan (r.a.) rivoyat qilinadi. Rasululloh (s.a.v.) «Kishining namozini uzun qilib, xutbasini qisqa qilishi faqihligiga dalolat qiluvchi alomatdir. Bas, shunday ekan, namozlaringizni uzun qilib, xutbalarni qisqa qilinglar», deb aytdilar. Imom Muslim rivoyatlari.

Qayd etilgan


AbdulAziz  16 Iyul 2008, 07:17:45

700/3. Muoviya ibn Hakam as-Sulamiydan (r.a.) rivoyat qilinadi. Bir kuni men Rasululloh (s.a.v.) bilan namoz o‘qiyotgan edim. Shu payt qavm orasida bir kishi aksa urib qoldi. Men: «Yarhamukalloh», desam, qavmdagilarning barchalari nazarlarini menga qaratishdi. «Voy, meni onam yo‘qotsin, nimaga menga bunday qarayapsizlar?» desam, ular qo‘llarini tizzalariga ura boshlashdi. Ular meni jim qilmoqchi bo‘lishdi. Lekin men xafa holda jim bo‘ldim. Keyin Rasululloh (s.a.v.) namoz o‘qib bo‘ldilar. Ota-onam u zotga fido bo‘lsin, bundan oldin ham, keyin ham ta’lim berishda u zotdan yaxshiroq muallimni ko‘rmadim. Alloh nomiga qasamki, bu ishim uchun meni na jerkidilar, na urdilar va na so‘kdilar. Balki u zot: «Albatta, namoz (shu darajada ulug‘ ibodatki), odamlar o‘z o‘rtalarida gapiriladigan biror so‘zni gapirish durust emas. Albatta, namoz faqat tasbeh, takbir va Qur’on qiroati kabi amallardir», dedilar. Yoki u zot shunga o‘xshash so‘z aytdilar. Men: «Ey Allohning Rasuli, yaqindagina johiliyatdan (xalos bo‘lgan) kishiman. Mana, Islom dini keldi. Ba’zilarimiz folbinga borishadi», desam, u zot: «Ular huzuriga bormagin», dedilar. Keyin men yana: «Bizlardan ba’zilarimiz shumlanishadi», desam, u zot: «Shumlanish kishilarning qalbida bo‘ladigan narsadir. Lekin uning sababidan qilinadigan ishlarni to‘xtatib qo‘yishmasin», dedilar. Imom Muslim rivoyatlari

Qayd etilgan


AbdulAziz  16 Iyul 2008, 07:17:54

701/4. Irboz ibn Soriyadan (r.a.) rivoyat qilinadi: «Rasululloh (s.a.v.) bizga yetuk bir va’z aytdilar. Qalblar vahimaga tushdi va ko‘zlardan yosh oqdi. Shunda biz: «Ey Rasululloh, vidolashuvchi mav’iza bo‘lsa kerak, bizga vasiyat qiling», desak, u zot: «Sizlarga Allohdan taqvo qilishni hamda agar habash qul boshliq etilsa ham, eshitib itoat etishni vasiyat qilaman. Chunki sizlardan qaysi biringiz (uzoq) yashaydigan bo‘lsa, ko‘p ixtiloflarni ko‘radi. Ana shu paytda mening sunnatimni va to‘g‘ri yo‘ldagi xulafoi roshidinlar sunnatini o‘zingizga lozim topib, uni oziq tishlaringiz bilan mahkam tishlanglar. Ishlarning yangisidan chetlaninglar. Chunki har bir bid’at zalolatdir», dedilar». Abu Dovud va Termiziylar rivoyati

Qayd etilgan


AbdulAziz  16 Iyul 2008, 07:18:15

92-BOB
Viqorli va bosiq bo‘lishning fazilati haqida


Alloh taolo:
«Rahmonning (suyukli) bandalari yerda tavozu’ bilan yuradigan, johil kimsalar (bema’ni) xitoblar qilgan vaqtida ham: «Omon bo‘ling», deb javob qiladigan kishilardir» (Furqon surasi, 63-oyat), deb aytgan.

702/1. Oishadan (r.a.) rivoyat qilinadi. Bu onamiz: «Rasulullohni (s.a.v.) mubolag‘a tarzda hamda kichik tillari ko‘rinadigan darajada kulganlarini hech ham ko‘rmadim. U zot faqat tabassum qilardilar», deb aytdilar. Imom Buxoriy va Muslim rivoyatlari.

Foyda: Kulgini ozaytirishning mahbubligi aytilyapti. Chunki ko‘p kulgi Allohdan g‘aflatda qolishga olib boradi hamda do‘stlar orasida obro‘ va haybatni ketkazadi.

Qayd etilgan


AbdulAziz  16 Iyul 2008, 07:18:32

93-BOB
Namoz, ilm majlislari va boshqa ibodat amallariga
xotirjamlik va viqor bilan kelishning fazilati to‘g‘risida


Alloh taolo:
«Kim Alloh qonunlarini hurmat qilsa, bas, albatta, (bu hurmat) dillarning taqvodorligi sababli bo‘lur» (Haj surasi, 32-oyat), deb aytgan.

703/1. Abu Hurayradan (r.a.) rivoyat qilinadi. Rasululloh (s.a.v.): «Agar namozga iqomat aytilsa, yugurib kelmanglar. Balki yurib (ohista) kelinglar. O’zingizga xotirjamlikni lozim tuting. Imomga yetib kelsangiz, u bilan o‘qinglar. O’tib ketgan bo‘lsa, oxiriga yetkazib, o‘zingiz (qolib ketganini) mukammal qilinglar», deb aytdilar. Imom Buxoriy va Muslim rivoyatlari.
Imom Muslimning rivoyatlarida: «Sizlardan qaysi biringiz namoz o‘qishni qasd qilsa, go‘yoki namoz ichida turgan hisoblanadi»ni ziyoda qilingan.

704/1. Ibn Abbosdan (r.a.) rivoyat qilinadi. Bu zot Arafa kuni Rasululloh (s.a.v.) bilan birga edilar. Rasululloh (s.a.v.) ketaturib, orqa tomonlaridan urib haydalganidan chopib kelayotgan tuyaning qattiq ovozini eshitdilar. Keyin ularga qamchilari bilan ishora qilib: «Ey insonlar, o‘zingizga xotirjamlikni lozim tutinglar. Chunki yaxshilik shoshilish bilan bo‘lmaydi», dedilar. Imom Buxoriy rivoyatlari. Imom Muslim ba’zisini rivoyat qilganlar.

Qayd etilgan


AbdulAziz  16 Iyul 2008, 07:18:46

94-BOB
Mehmonni hurmat qilishning fazilati haqida


Alloh taolo:
«(Ey Muhammad), sizga Ibrohimning izzat-ikromli mehmonlari haqidagi xabar keldimi? O’shanda ular (Ibrohimning) huzuriga kirib: «Salom», deyishgan edi, u ham: «Salom. (Bular) notanish qavm-ku», dedi. So‘ng u asta oilasi oldiga chiqib, (qovurilgan) bir semiz buzoqni keltirdi-da, uni ularga yaqin qilib: «(Taomdan) yemaysizlarmi?», dedi» (Vaz-zoriyat surasi, 24-27-oyatlar).

«(Darhaqiqat, Lut payg‘ambar huzuriga yigitlar kelganini eshitishgach), qavmi uning oldiga chopib kelishdi. Ular ilgaridan yomon ishlar — bachchabozlik qilar edilar. U aytdi: «Ey qavmim, anavi qizlarim (ya’ni shahrimizdagi qizlar) sizlar uchun pokroq-ku (ya’ni o‘shalarga uylanaversangiz bo‘lmaydimi)?! Bas, Allohdan qo‘rqinglar va mehmonlarim oldida meni sharmanda qilmanglar. Orangizda biron to‘g‘ri yo‘lga yurguvchi kishi yo‘qmi?!» (Hud surasi, 78-oyat), deb aytgan.

Qayd etilgan


AbdulAziz  16 Iyul 2008, 07:18:58

705/1. Abu Hurayradan (r.a.) rivoyat qilinadi. Rasululloh (s.a.v.) «Kim Allohga va oxirat kuniga iymon keltirsa, qo‘shnisiga ozor bermasin. Kim Allohga va oxirat kuniga iymon keltirsa, mehmonini hurmat qilsin. Kim Allohga va oxirat kuniga iymon keltirsa, yaxshi narsalarni gapirsin yoki jim tursin», dedilar. Imom Buxoriy va Muslim rivoyatlari.

Foyda: Qo‘shnisiga zulm qilmasdan yaxshilik qilish, mehmonini hurmatlash va kam gap bo‘lish iymon alomatlaridandir.

706/2. Abu Shurayh Huvaylid ibn Amir al-Xuzo’iydan (r.a.) rivoyat qilinadi. Rasululloh (s.a.v.): «Kim Allohga va oxirat kuniga iymon keltirgan bo‘lsa, mehmonni hurmat qilib, uning mukofotini bersin», deganlarida, sahobalar: «Ey Allohning Rasuli, uning mukofotini berish qanaqa bo‘ladi?» deyishdi. Shunda Rasululloh (s.a.v.): «Bir kecha va kunduz mehmonni yaxshilab kutsin. Mehmondorchilik uch kundir. Undan ziyodasi sadaqadir», dedilar. Imom Buxoriy va Muslim rivoyatlari.

Imom Muslimning rivoyatlarida Rasululloh (s.a.v.): «Musulmon kishi birodarining huzurida uni gunohkor qilguncha mehmon bo‘lmog‘i darkor emas», deganlarida, sahobalar: «Ey Allohning Rasuli, qandoq qilib gunohkor qiladi?» deyishdi. Shunda Rasululloh (s.a.v.): «Uning huzurida birodari shunaqa ko‘p mehmon bo‘lganidan ziyofat qilgulik biror narsa qolmaydi», dedilar.

Qayd etilgan


AbdulAziz  16 Iyul 2008, 07:19:26

95-BOB
Biror yaxshi holat paydo bo‘lsa, xursandlik ila xabarini berib, tabriklashning fazilati haqida


Alloh taolo:
«Bas, (ey Muhammad), mening bandalarimga so‘zga quloq tutib, uning eng go‘zaliga (ya’ni najotga eltguvchi rost so‘zga) ergashadigan zotlarga xushxabar bering!» (Zumar surasi, 17-18-oyatlar).

«Parvardigorlari ularga O’z tarafidan rahmat va rizolik hamda ular uchun bo‘ladigan jannatlar xushxabarini berurki, u jannatlarda doimiy ne’matlar bordir» (Tavba surasi, 21-oyat).

«Sizlarga va’da qilingan jannat xushxabari bilan shodlaninglar» (Fussilat surasi, 30-oyat).

«Bas, Biz unga bir halim o‘g‘ilning xushxabarini berdik» (Vas-soffat surasi, 101-oyat).

«Darhaqiqat, Bizning elchilarimiz — farishtalar Ibrohimga (Ishoq ismli farzand ko‘rishi haqida) xushxabar bilan keldilar» (Hud surasi, 69-oyat).

«(Parda ortida Ibrohimning) xotini turgan edi. U (farishtalarning Lut qavmini halok qilish uchun kelganliklarini eshitib) kuldi — xursand bo‘ldi. Shunda Biz (farishtalarimiz vositasida) u ayolga Ishoq (ismli o‘g‘il ko‘rishi) haqida va Ishoqdan keyin Ya’qub (ismli nabira ko‘rishi) haqida xushxabar berdik» (Hud surasi, 71-oyat).

«So‘ng mehrobda namoz o‘qib turgan vaqtida unga farishtalar nido qildilar: «(Ey Zakariyo), Alloh senga Allohning so‘zini tasdiq etadigan, (o‘z qavmiga) xoja bo‘ladigan, (shahvatlardan o‘zini) tiyadigan va solih payg‘ambarlardan bo‘ladigan Yahyo ismli farzand xushxabarini berur»(Oli Imron surasi, 39-oyat).

«Farishtalar dedilar: «Yo Maryam, albatta, Alloh senga O’z tomonidan bir So‘z haqida xushxabar beradiki, uning ismi al-Masih Iyso binni Maryam bo‘lur» (Oli Imron surasi, 45-oyat), deb aytgan.

Qayd etilgan


AbdulAziz  16 Iyul 2008, 07:19:36

707/1. Abdulloh ibn Abu Avfodan (r.a.) rivoyat qilinadi. Rasululloh (s.a.v.) Xadichaga (r.a.) marvariddan qurilgan jannatdagi uyning xushxabarini berdilar. U yerda befoyda so‘z ham, charchash ham bo‘lmaydi. Imom Buxoriy va Muslim rivoyatlari.

708/2. Abu Muso al-Ash’ariydan (r.a.) rivoyat qilinadi. Bu zot uylarida tahorat qilib, ko‘chaga chiqdilar-da: «Bugun Rasulullohni (s.a.v.) topib, u zot bilan birga bo‘laman», dedilar. Bas, masjidga keldilar-da, Rasululloh (s.a.v.) qaerda ekanliklarini so‘radilar. Odamlar: «Rasululloh (s.a.v.) u tomonga ketdilar», deyishdi. Keyin men u zotning izlaridan so‘rab-surishtirib, «Aris» nomli quduqqacha bordim. U zot o‘sha yerga boribdilar. Men darvoza oldida o‘tirdim. U zot esa hojat chiqarayotgan ekanlar. Keyin tahorat qildilar. So‘ngra men u zotning huzurlariga borsam, u zot «Aris» qudug‘ining suffachasiga o‘tirib, oyoqlarini ochib, quduqqa osiltirib turgan ekanlar. Men salom berdim-da, darvoza oldiga borib: «Bugun Rasulullohga (s.a.v.) darvozabon bo‘laman», dedim. Bir ozdan keyin Abu Bakr (r.a.) kelib, darvozani taqillatdilar. Men: «Bu kim?» dedim. «Abu Bakrman», dedilar. Men: «Bir oz turing», dedimda: «Ey Rasululloh, Abu Bakr (r.a.) huzuringizga kirish uchun izn so‘rayaptilar», desam, u zot: «Izn ber va jannatga kirishining xushxabarini ber», dedilar. Men Abu Bakr (r.a.) huzuriga borib: «Kiring, Rasululloh (s.a.v.) sizning jannatga kirishingiz xushxabarini bermoqdalar», dedim. Bas, Abu Bakr (r.a.) kirib, Rasulullohning (s.a.v.) o‘ng tomonlarida birga o‘tirib, bu zot ham xuddi Rasululloh (s.a.v.) qilganlaridek ikki oyoqlarini oshiqlarigacha ochib, quduqqa osiltirdilar. Keyin men qaytib joyimga bordim. O’z ukamni uyda qoldirib kelgan edim. Tahorat qilib, orqamdan yetib kelmoqchi edi. Ichimda: «Agar Alloh bu ukamga yaxshilikni xohlagan bo‘lsa, yetib kelar», derdim. Shu payt bir kishi kelib, darvozani taqillatib qoldi. Men: «Kim bu?» desam, u: «Umar ibn Xattobman», dedi. Men: «Bir oz kutib turing», dedim-da, Rasululloh (s.a.v.) huzurlariga borib, salom berib: «Umar huzuringizga kirish uchun izn so‘rayaptilar», desam, u zot: «Uning kirishi uchun izn ber va jannatga kirishining xushxabarini yetkaz», dedilar. Men Umar (r.a.) huzurlariga borib: «Rasululloh (s.a.v.) kirishingiz uchun izn berib va jannatga kirishingizning xushxabarini bermoqdalar», dedim. Umar (r.a.) ham Rasululloh (s.a.v.) bilan birga suffada chap tomonlarida turib, oyoqlarini quduqqa osiltirib o‘tirdilar. Keyin yana oldingi joyimga qaytib borib o‘tirdim. Va ichimda: «Agar Alloh ukamga yaxshilikni xohlasa, yetib kelar», dedim. Shu payt yana bir kishi kelib, darvozani taqillatib qoldi. Men: «Bu kim?» desam, u: «Usmon ibn Affonman», dedi. Men: «Bir oz kutib turing», dedim-da, Rasululloh (s.a.v.) huzurlariga borib, uning xabarini berdim. U zot: «Uning kirishi uchun izn ber va bir oz musibatlarni tortish bilan birga jannatga kirishining xushxabarini ber», dedilar. Men borib: «Kiring, Rasululloh (s.a.v.) bir oz musibatlarni tortish bilan birga jannatga kirishingizning xushxabarini bermoqdalar», dedim. Keyin Usmon (r.a.) ham ularning huzurlariga kirdilar. Ko‘rdilarki, quduq suffasi odamga to‘lib bo‘lgan. To‘g‘rilaridagi boshqa bir joyga borib o‘tirdilar. Sayyid ibn Musayyib <^>: «Uchchovlarining qabrlari bir joyda bo‘lib, Usmon 4§ ning qabrlari alohida bo‘ladi, deb ta’vil qildim», deb aytdilar. Imom Buxoriy va Muslim rivoyatlari.
Boshqa rivoyatda: «Rasululloh (s.a.v.) meni darvozani poylab turishga buyurdilar. Usmonga (r.a) jannat xushxabari berilganida, Allohga hamd aytib, Alloh o‘zi madadkor, deb aytganlari» ziyoda qilingan.

Qayd etilgan


AbdulAziz  16 Iyul 2008, 07:19:45

709/3. Abu Hurayradan (r.a.) rivoyat qilinadi. Biz Rasululloh (s.a.v.) atroflarida o‘tirgan edik. Biz bilan Abu Bakr (r.a.) va Umar (r.a) hamda bir necha sahobalar ham bor edi. Rasululloh (s.a.v.) oramizdan turib ketdilar-da, tez qaytib kelavermadilar. U zotni yo‘qotib qo‘ydikmi, deb qo‘rqib ketdik. Keyin o‘rnimizdan turdik. Birinchi bo‘lib men qo‘rqdim. Axtargani chiqib, ansoriylardan bo‘lgan Bani Najjor qabilasining devori yoniga bordim. Darvozasini axtarib, devorlari atrofini aylandim. Lekin darvozani topa olmadim. Qarasam, bir kichkina ariq bor ekan. Devor tashqarisidagi bir quduqdan bog‘ning o‘rtasiga kirayotgan ekan. U yerdan bir oz qazidim-da, Rasululloh (s.a.v.) huzurlariga kirdim. U zot: «Abu Hurayrami?» dedilar. Men: «Ha, ey Allohning Rasuli», dedim. U zot: «Nima uchun kelding?» dedilar. Men: «Siz oramizda birga o‘tirib, keyin tez qaytib kelavermaganingizdan keyin sizni yo‘qotib qo‘ydikmi, deb qo‘rqib ketdik. Birinchi qo‘rqqan kishi men bo‘ldim. Mana bu devordan keldim. Va xuddi tulki kavlagandek kavlab kirdim. Anavi kishilar ham orqamda turishibdi». Rasululloh (s.a.v.) ikki kavushlarini berib: «Ey Abu Hurayra, bu kavushimni olgin-da, bu bog‘ tashqarisida Alloh taoloning yakka va yagonaligini chin qalbidan bilib, guvohlik bergan kishiga jannat xushxabarini bergin», deb hadisning qolganini ham zikr qildilar. Imom Muslim rivoyatlari

Qayd etilgan