* * *
Ul Zulayho derdi "Yusuf" damba-dam,
Unga Yusuf erdi isroqdoni ham.
Joylamishdi barcha nomlarga uni,
So‘ylamishdi jumla jonlarga uni,
Desakim gar, mum olovdin yumshadi,
Yoridin bul mehr ko‘rgoni edi.
Desa gar, yuz ochdi moviy ko‘kda oy,
Desa gar, durkun teraklarda chiroy,
Desa, barglarning alomat raqsi bor,
Desa, isriqdin taralgay xush ufor,
Desa, bulbul o‘ltirur gulnoz ila,
Desakim, shoh sirlashur shahnoz ila,
Desa gar, baxtim bahori lolagun,
Desa gar, silking gilamlarni bugun,
Desa gar, keltirdi mashkob obi nob,
Desa gar, tong otdi, chiqdi oftob,
Desakim gar, kecha tortilgan taom,
Totli erdi, etdi ko‘ngillarni rom.
Desakim, nonlarda tuz yo‘q, benamak,
Desakim, voy, chappa aylandi falak.
Yo magar boshim to‘la og‘riq, desa,
Yo magar boshimda og‘riq yo‘q, desa,
Maqtasa bir ishni, bois ul edi,
Nolisa, bois-da yolg‘iz ul edi.
Keltirarkan tilga yuzminglarcha nom,
Maqsudi Yusuf edi, Yusuf tamom...