BILGIM KELAR
Bag‘rida qo‘ng‘iroqlar ko‘milib ketgan sahro,
Necha jayronlar ag‘nab, cho‘milib ketgan sahro,
Etiklarning qo‘njidan to‘kilib ketgan sahro,
Sahro, mening alamim kimniki, bilgim kelar.
Shovullab turgan daryo, dovullar urgan daryo,
Sohillar buzgan daryo, orollar qurgan daryo,
Azaldan abadgacha qondek yugurgan daryo,
Daryo, mening alamim kimniki, bilgim kelar.
Cheksizdan cheksizgacha cho‘zilib ketgan samo,
Yulduzlarni kaftida tangadek otgan samo,
Ko‘ksiga quyosh botgan, oyni uyg‘otgan samo,
Samo, mening alamim kimniki, bilgim kelar.
Ey bilib turgan dunyo, ey kulib turgan dunyo,
Shamollardan qamishdek bukilib turgan dunyo,
Ko‘nglida yuki borga yukinib turgan dunyo,
Dunyo, mening alamim kimniki, bilgim kelar.
Begonaga gina yo‘q, gina qilmasman aslo,
Sen yor topding munosib, mening yorimdir xudo.
Seni eslagim kelmas, qiynalgim kelmas, ammo,
Ammo, mening alamim kimniki, bilgim kelar.
1994