Umumiy bo'lim > Islomiy kitoblar

Qur'oni karim. Abdulaziz Mansur tarjima va sharhi

<< < (3/125) > >>

Muslimа:


62. Albatta, mo'minlar, yahudiylar, nasroniylar va sobiiylardan kimki (avvalgi aqidasidan qat'iy nazar) Allohga va oxirat kuniga imon keltirsa hamda solih amallarni qilsa, ularga Rabbilaridan ajr bordir, ularga xavf yo'qdir va ular tashvish ham chekmaslar.

Izoh: Sobiiylar - yahudiy va nasroniy dinlaridan voz kechib, farishtalarga sig'inuvchi toifa kishilari. Ba'zi olimlar ularni yulduzlarga sig'inuvchilar deb yozadilar.

63. Eslang, (ey, Isroil avlodi,) Biz ahdu paymoningizni olgan edik va tepangizda Tur ("Muso tog'i" deb ataluvchi Misr hududidagi Qizil dengizga tutash tog')ni ko'tarib turib: Sizga keltirgan narsamiz (Tavrot)ni mahkam tuting va undagi narsani zikr eting - shoyad (shunda) taqvoli bo'lsangiz", - degan edik.

Izoh: Misrning Sinay yarim orolidagi Qizil dengizga tutash tog'.

64. Keyin, o'shandan so'ng (vafosidan) yuz o'girdingiz. Agarda sizlarga Allohning fazli va rahmati bo'lmaganida edi, albatta, ziyon ko'ruvchilardan bo'lib qolar edingiz.

65. Shanba (kuni)da sizlardan tajovuz qilganlarni bildingiz. Biz ularga: "qadrsiz maymunlarga aylaningiz", - dedik.

Izoh: Isroil avlodining bir toifasiga Alloh tomonidan sinov uchun shanba kuni baliq ovi bilan shug'ullanmaslik, balki faqat ibodat bilan mashg'ul bo'lishlik buyurilgan edi. Shanba kuni ular yashaydigan Ayla degan qishloq yonidagi dengizning maxsus ov joyiga baliqlar ko'pkeladigan bo'ladi. Ular hiyla ishlatib, shanba kuni baliq tutmasalar-da, bir necha hovuz kovlab, suv keladigan ariqlarni ochib qo'yadilar. Baliqlar shanba kuni oqib kelib hovuzlarga tushib qoladi. Yakshanba kuni bemalol ularni oladilar. Bu hiyla Allohga xush kelmaydi.

66. Biz buni ulardan oldingi va keyingi davr uchun (ibratli) jazo, taqvoli kishilar uchun esa nasihat (manbai) qildik.

67. Eslang, Muso o'z qavmiga: "Alloh sizlarga (bir) sigir so'yishlikni buyurdi", - deganida, ular: "Bizni istehzoga tutyapsanmi?"- dedilar. (Muso) dedi: "Johillardan bo'lib qolishimdan meni Alloh asrasin".

Izoh: Sigir qissasi shunday bo'lgan: Muso alayhissalom zamonida bir boy kishi bo'lib, uning yagona qashshoq amakivachchasidan boshqa merosxo'ri bo'lmaydi. Uning o'limini poylab yurib, oxiri toqati toq bo'ladi va boyni o'ldirib, murdani qo'shni qishloqqa eltib tashlaydi. O'zi esa bir necha begunoh odamlarga tuhmat qilib, go'yo boyni o'shalar o'ldirgan, deb da'vo bilan Muso (a.s)ga arz qiladi. U zot Allohdan muammoni hal qilishda yordam so'raydilar. Alloh taolo ularga bir sigirni so'yib, uning bir bo'lagini olib, boyning murdasini u bilan ursalar, u tirilib, o'z qotilini aytib beradi, deb buyuradi.

68. Ular dedilar: "Rabbingdan duo qilib so'ra, u (sigir) nimaligini bayon qilsin". (Muso) dedi: "(U) aytmoqdaki, u qari ham, yosh ham bo'lmagan o'rta yosh sigirdir. Bas, sizlarga buyurilgan narsa (ish)ni qilinglar!"

69. Ular dedilar: "Rabbingdan duo qilib so'ra, uning rangini bayon qilsin". (Muso) dedi: "U aytmoqdaki, u yarqiroq, sariq rangli sigir bo'lib, ko'rganlarni shod etur".

Muslimа:


70. Ular dedilar: "Rabbingdan duo qilib so'ra, uning qanaqaligini bayon qilsin, zero, bizga sigirlar bir-biriga o'xshash tuyuldi. Xudo xohlasa biz, albatta, to'g'ri yo'lni topuvchilarmiz".

71. (Muso) aytdi: "U aytmoqdaki, u shunday sigirki, yer haydashga ham, ekinlarni sug'orishga ham o'rgatilmagan bo'lib, nuqsonsiz, unda (sarg'ish rangidan boshqa) rang yo'q". Ular: "Endi haqiqatni keltirding", - deb uni (o'sha sifatlarga ega sigirni zo'rg'a topib) so'ydilar, vaholanki, (bu ishni) qila olmasliklariga sal qolgan edi.

72. Eslang, bir insonni o'ldirib qo'yib, shu (mojaro) sababli janjallashib qolgan edingizlar, holbuki, Alloh sizlar yashirgan narsalarni (sirlarni yuzaga) chiqaruvchidir.

73. Dedik: "Uni (o'ldirilgan odamni) uning (so'yilgan sigirning) bir bo'lagi bilan uringlar". Alloh o'liklarni (xuddi) shu kabi (osongina) tiriltiradi va aql ishlatishlaringiz (fikr yuritishlaringiz) uchun sizlarga o'z alomatlarini ko'rsatadi.   

74. So'ngra, shundan (mo''jizalarni ko'rgandan) keyin ham dillaringiz qotdi. Bas, ular tosh kabidir, balki undan ham qattiqroqdir. Zero, shunday tosh ham borki, undan daryolar otilib chiqadi, yana shundayi ham borki, yorilib undan suv chiqadi va yana shundayi ham borki, Allohdan qo'rqib (joyidan) qulaydi. Alloh sizlarning kirdikorlaringizdan g'ofil emasdir.

75. Ular (Isroil avlodi)ning sizlarga ishonishidan umid qilasizlarmi (ey, musulmonlar?!) Vaholanki, ulardan bir guruhi Allohning kalomini eshitib, anglab olganlaridan so'ng, bila turib, uni o'zgartirar edilar.

76. Ular imonli kishilar bilan uchrashganlarida: "Imon keltirdik", - deb, o'zlari xoli qolganlarida esa (bir-birlariga): "Rabbingiz huzurida Siz bilan bahslashishlari uchun ular (musulmonlar)ga Alloh sizlarga ochgan (Tavrotda bildirgan) narsa (Muhammad haqidagi bashorat) to'g'risida gapiryapsizlarmi? Aqlni ishlatmaysizlarmi?!" - deyishar edi.

Muslimа:


77. Alloh ularning yashirgan va oshkora qilgan narsalarini bilib turuvchi ekanini bilmaydilarmi?!

78. Ularning ichida yozuvni bilmaydigan, faqat xayolot gumonsirabgina yuradigan omiylari ham bor, albatta.

79. Ammo, o'z qo'llari bilan kitobni yozib, so'ngra uni arzimagan bahoga sotish uchun: "Bu kitob Alloh huzuridandir", - deydigan kimsalarning holiga voy! Bas, o'z qo'llari bilan yozganlari ham, topgan (foyda)lari ham o'zlariga falokat bo'lur.

80.  Ular (yahudiylar) deydilar: "Bizlarga do'zax o'ti sanoqli (oz) kunlardagina tegar". (Ularga) ayting: "Alloh huzurida (shunga) ahd qabul qilganmisizki, Alloh ahdiga xilof qilmasa yoki Alloh nomidan bilmagan narsalaringizni gapirmoqdamisiz?!"

81. Yo'q, aslo! Kimki yomonlik kasb etsa va o'z gunohlariga botsa, bas, ana o'shalar do'zax ahlidirlar va ular u yerda abadiy qoluvchilardir.

82. Imon keltirib, solih amallarni qilganlar esa, aynan ular jannat ahlidirlar va ular u yerda abadiy qoluvchilardir.

83. Eslang, Isroil avlodidan: "Faqat Allohgagina sig'inasizlar, ota-ona, qarindosh, yetim va miskinlarga yaxshilik qilasizlar, odamlarga shirinso'z bo'ling, namozni mukammal ado eting, zakot bering", - deb ahd olgan edik. Keyin (siz, Isroil avlodi,) ozchilik qismingizdan boshqangiz (ushbu ahddan) yuz o'girdingiz.
 

Muslimа:


84. Eslang, sizlardan "Bir-biringizning qoningizni to'kmaysiz, o'zlaringizni (hech kimni) yurtingizdan badarg'a qilmaysiz", - degan ahdingizni olgan edik. So'ngra o'zlaringiz guvohlik berib, uni e'tirof ham etgan edingiz.

85. So'ngra sizlar yana o'sha, bir-birlaringizni o'ldirayapsiz, bir qismingizni yurtlaridan chiqarib yuborayapsiz, ularga qarshi gunoh va zulm ila hamkorlik qilmoqdasiz. Sizga (ularning dushmanlariga qarashli) asirlar kelsa, tovon bilan qutqarib yubormoqdasiz, vaholanki, ularni chiqarib yuborish sizlarga taqiqlangan edi. Yoki kitob (Tavrot)ning bir qismiga ishonib, bir qismini inkor etasizmi? Sizlardan kim shunday qilsa, uning jazosi shu dunyoda sharmanda bo'lish, qiyomat kunida esa qattiq azobga giriftor qilinishdir. Alloh (bu) qilmishlaringizdan g'ofil emasdir.

86. Ular, haqiqatan, oxirat o'rniga (foniy) dunyo hayotini sotib olgan kimsalardir. Shunday ekan, ularga beriladigan azob-uqubatlar yengillashtirilmaydi va ularga yordam ham berilmaydi.

87. Haqiqatan, Biz Musoga kitob (Tavrot)ni berib, uning ortidan (bir necha) payg'mbarlar yubordik. Iso ibn Maryamga ham hujjatlarni berdik va uni Ruhul-qudus (Jabroil) bilan quvvatladik. Har gal biror payg'mbar sizlarga yoqmaydigan narsa (oyatlar)ni keltirsa, kibr qilib, bir qismini yolg'onchiga chiqarib, bir qismini qatl qilaverasizmi?!

88. "Dillarimiz (Islom uchun) berk", - deydilar. Yo'q, balki kufrlari sababli ularni Alloh la'natlagan. Binobarin, ularning ozchilik qismigina imon keltiradilar.

Muslimа:


89. Qachonki, ularga Alloh huzuridan o'zlaridagi narsa (Tavrot)ni tasdiq etuvchi Kitob (Qur'on) kelganida, ilgari kofirlarga qarshi (xuddi) shu kitob (vositasi) bilan yordam so'rab yurar edilar - o'zlariga tanish zot (Muhammad) kelganda, (uni inkor etib) kofir bo'ldilar. Kofirlarga Allohning la'nati bo'lsin!

90. Alloh o'z bandalaridan xohlaganiga fazli (vahiysi)dan yuborishiga hasad qilib, Alloh nozil qilgan narsa (Qur'on)ni inkor etdilar. O'zlarini sotgan bu narsalari na qadar yomon?! Bas, g'azab ustiga g'azab bilan qaytdilar. Kofirlarga xor etuvchi azob muqarrardir.

91. Ularga: "Alloh nozil qilgan narsaga imon keltiringlar", - deyilsa, "Biz o'zimizga nozil qilingan narsaga imon keltiramiz", - deydilar va keyin kelgan, ulardagi narsa (Tavrot)ni tasdiq etadigan Haq (Qur'on)ni inkor etadilar. Ularga ayting (ey, Muhammad): "Agar mo'min bo'lsangizlar, nega oldindan Allohning payg'mbarlarini o'ldirar edingiz?"

Izoh: Ya'ni ota-bobolaringiz nega payg'mbarlarni o'ldirganlar? Bular qotillik qilmagan bo'lsalarda, ota-bobolarining e'tiqodida turganliklari va ularning qilmishlariga rozi ekanliklari tufayli jinoyatlariga ham qisman sherikdirlar.

92. Muso sizlarga hujjatlar (oyatlar va mo''jizalar)ni keltirganidan keyin (ham) zolim bo'lib (kufrga botib) buzoqqa sig'indingiz.

93. Eslang (ey, Isroil avlodi,) Biz (o'shanda) ahdu paymoningizni olgach, tepangizda Tur (tog'i)ni ko'tarib (turib): "Keltirgan narsamiz (Tavrot oyatlari)ni mahkam tuting va eshiting", - deganimizda, "eshitdik va (lekin) bo'ysunmadik", - dedilar. Kufrlari tufayli dillari buzoqqa (sig'inish havasi bilan) sug'orilgan edi. Ayting: "Agar mo'min bo'lsangizlar, imoningiz sizlarni buncha ham yomon narsaga buyuradi?!"

Navigation

[0] Message Index

[#] Next page

[*] Previous page

Go to full version